O‘zbekiston | 16:16 / 29.11.2024
1529
2 daqiqa o‘qiladi

«Temiryo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun imzolandi

Qonun temiryo‘l transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunga ko‘ra, temiryo‘l transporti faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat bo‘ldi: qonuniylik; xavfsizlik; ochiqlik va shaffoflik; barqarorlik; ekologik jihatdan tozalik; temir yo‘l transporti xizmatlarining qulayligi va sifati; temiryo‘l transporti infratuzilmasidan foydalanishdagi tenglik; temir yo‘l transporti infratuzilmasining yaxlitligi va uzluksiz ishlashi.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari temiryo‘l transporti xodimlarining tashish jarayoni bilan bog‘liq faoliyatiga aralashishga hamda ularni boshqa ishlarga jalb etishga haqli emasligi belgilandi.

Temiryo‘l qatnovlari va tashishlar quyidagi turlarga bo‘lindi:

- ichki qatnovlar;

- xalqaro qatnovlar;

- to‘g‘ridan to‘g‘ri aralash qatnovlar;

- tranzit tashishlar;

- maxsus tashishlar.

Yo‘lovchi o‘zi bilan birga alohida joy berilmagan holda besh yoshgacha bo‘lgan bir bolani, 36 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan qo‘l yukini va nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘shimcha ravishda shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan texnik yordamchi (kompensatorli) vositalarni va maxsus harakatlanish vositalarini bepul olib yurish huquqiga ega.

Umumiy foydalanishdagi temiryo‘l transportida quyidagi tashish tariflari turlari qo‘llanadi: yuklarni tashish tariflari; yo‘lovchilarni tashish tariflari; bagaj va yuk bagajini tashish tariflari; pochta va kurerlik jo‘natmalarini tashish tariflari.

Intizom temir yo‘l transporti xodimlarining intizomi to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinishi belgilandi.

Tashish jarayonini markazlashtirilgan holda uzluksiz boshqarishni ta’minlash maqsadida, ularning joylashgan yeridan qat’i nazar, mamlakatda amal qiluvchi yagona hisoblash-hisobot vaqti – Toshkent vaqti belgilanadi.

Ushbu qonun 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi. Qonuning 1–29, 31–57-moddalari ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Mavzuga oid