O‘zbekiston | 13:13 / 06.04.2023
153900
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘limidan oldin telefonimga xabar jo‘natgan” – Sergelida vafot etgan ayolning turmush o‘rtog‘i

3 aprel kechasi Sergelida o‘zini va uch farzandini 9-qavatdan tashlab halok bo‘lgan ayolning turmush o‘rtog‘i uning ruhiy sog‘lom bo‘lganligini, uyidagi yong‘inda uning qo‘li bo‘lmagani haqida gapirib berdi.

Marhumaning turmush o‘rtog‘i, ayni paytda Umra safarida bo‘lgan Rafkat Sabitovning bloger Olimjon Haydarovga bergan intervyusida aytishicha, uning boshqa oilasi bo‘lmagan, shar’iy va qonuniy nikoh asosida shu oilasi bilan yashagan. Ayolni ruhiy holatiga ta’sir qiladigan rasmlar va videolar yuborilganligi haqidagi mish-mishlar yolg‘ondan iborat. Fojiadan ikki kun avval u safarga sinfdoshlari bilan ketgan.

 “Oilamda moddiy ta’minot jihatidan hech narsaga muhtojligi bo‘lmagan. 2017 yildan buyon birga yashab kelaman. Uniyam, meniyam ikkinchi turmushimiz bo‘lgan. Qaynonamnikida turishining sababi - 2022 yilning oktyabr oyida uyimizda yong‘in chiqib xonalarimiz yashashga nobop holatda edi. O‘sha kuni xotinim kichik qizimga sut tayyorlash uchun uyg‘onganda yong‘inni sezib bizni uyg‘otgan. Yong‘inda ayolimning qo‘li bo‘lmagan. Bolalarim tutundan dimiqib qolgani uchun o‘zlariga kelishiga yetarli sharoit bo‘ladi, deb qaynonamnikiga olib borib qo‘ydim.

Shundan beri ta’minlab kelayapman. Qaynonam ham meni o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rardi. Ochiq-oydin gaplashardik. Ikki o‘g‘lim xususiy bog‘chaga borishardi, ularni har kuni o‘zim olib borib – olib kelardim. Ba’zida ulgurmay qolsam menikidayam yotib qolishardi.

Hamma narsani qaynonam bilan maslahatlashib qilardim. Albatta, kichkina muammolar bo‘lib turardi hamma qatori. Lekin bola talashish yoki moddiy jihatdan talashish, oilaviy muammolar bo‘lmagan oramizda”. 

Ayolingiz sizni shu darajada qattiq rashk qilishiga asosli sabab bo‘lganmi?

“Rashk qilishiga hech qanday asos ham, sabab ham bo‘lmagan. Lekin o‘ta qattiq yaxshi ko‘rardi, qattiq rashk qilardi. Farzandlarimiz tug‘ilishida ham ko‘p sinovlarni birga o‘tkazganmiz. Orada 3-farzandimiz muddatidan avval tug‘ilib nobud bo‘ldi. O‘shandayam ayolim juda qattiq stressga kirdi. O‘zini boshqara olmaydigan darajada tushkunlikka tushib qolgan holatlarida bir-birimizga dalda bo‘ldik. Ko‘p o‘tmay qizli bo‘ldik, 45 kun shifoxonada yotishdi. O‘shanda ancha qiynaldi, men ham, u ham qo‘limizdan kelgancha harakat qildik. Lekin o‘ta rashkchi edi. Shular sabab bo‘ldimi deb o‘yladim, lekin hammasini o‘zi bilan birga olib ketdi”.

Xotiningizda ruhiy holatida o‘zgarish kuzatilganmi?

“Yo‘q, psixikasiga taalluqli hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Nikohdan oldin birgalikda barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tganmiz. Xotinim hayotdan zavq olib yashaydigan qiz edi. Faqat farzandlarimiz ko‘payishni boshlagandan keyin shunaqa holatlar ko‘paya boshladi. Orada biroz dam olishini, bolalarimizni sal katta qilib keyin tug‘ishini aytganman. Bolalarimizning orasi juda yaqin bo‘ldi, tug‘ruqlar qiyin kechdi. Qiynalganidan ham stressga tushib qoldimi deb o‘ylayapman.

Hech qachon ayolimning oilasi bilan nizoli holatlar bo‘lmagan. Bir-birimizni hurmat qilamiz.

Voqeani eshitgan kunim O‘zbekistonga qaytib ketishga harakat qildim, lekin bilet topilmadi. Afsuski, bolalarimni so‘nggi manzilga kuzatishga ulgurmas ekanman. Juda katta yo‘qotish bo‘ldi – bir kunda ham bolalarimni, ham ayolimni yo‘qotdim. Agar o‘sha yerda bo‘lganimda bu musibatni ko‘tara olmasdim deb o‘ylayman”.

Ayolingiz o‘limidan avval sizga xabar jo‘natganmi?

“Telefonimga xabar kelgan. Men safarda bo‘lganim uchun kelib, aloqa tiklanguncha ancha vaqt o‘tdi. Keyin kelgan xabarni o‘qib shokka tushib qoldim.

Chunki dushanba kuni ketgan bo‘lsam, bir kun avval – yakshanba kuni hamma bilan xayrlashib chiqdim. Farzandlarim bilan ham ko‘rishib xayrlashish uchun kirdim. Bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, keyinroq ularniyam olib kelmoqchi edim. Bunga nima sabab bo‘lganini bilmayman. Bu faqat Yaratganga ayon”.

Mavzuga oid