O‘zbekiston | 11:15 / 26.01.2026
14448
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda

Seshanba-payshanba kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘adi va qorga aylanadi. Harorat kechalari –2…–5, shimolda –8…–13, kunduz kunlari –3…+2 darajagacha pasayadi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Foto: Kun.uz

27–28 yanvar kunlari Rossiya hududlaridan nam va nisbatan sovuq havo massalari kirib keladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Dushanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida ba’zi joylarda qor yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduzi +5…+10 daraja atrofida bo‘ladi.

Seshanba va chorshanba kunlari ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanadi) bo‘ladi. 29–30 yanvar kunlari esa havo massalari sharqqa tomon siljiydi, respublikaning markaziy va sharqiy hududlari bo‘yicha ba’zi joylarda biroz qor yog‘ishi mumkin.

Ushbu kunlarda harorat asta-sekin kechalari –2…–5 darajagacha, kunduz kunlari –3…+2 darajagacha, shimolda kechalari –8…–13 darajagacha, kunduz kunlari –3…–8 darajagacha pasayadi.

Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkent shahrida dushanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati kunduzi +7…+9 darajani tashkil etadi. Seshanba kuni kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 28–29 yanvarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi.

29 yanvarga borib, harorat kechalari –1…–3 darajagacha, kunduz kunlari 0…+2 darajagacha pasayadi. Kechasi va eratalb tuman tushishi mumkin. Shamol g‘arbdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid