Jahon | 21:43 / 24.10.2025
16944
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp nihoyat Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘lladi. U Putinga qanday signal yubormoqda?

Foto: Reuters

Amerika prezidenti Donald Tramp ikkinchi muddatining to‘qqizinchi oyiga kelib Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi dastlabki sanksiyalarini e’lon qildi. Ushbu voqeaning ko‘lami, vaqti va detallari ekspertlarni Tramp hozircha Kreml bilan iqtisodiy urushning ikkinchi frontini ochishga tayyor emasligi, sanksiyalar esa boshqa maqsadlarni ko‘zlashi borasida shubha bildirishga majbur qildi. Bu qanday maqsadlar?

Bayden ma’muriyati davrida AQSh va Yevropa sanksiyalarni birgalikda joriy etgan, ammo Tramp Oq uyga qaytgach, Amerika Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishni bas qildi va Yevroittifoq hamda Buyuk Britaniyaning sanksiyalar paketlaridan birortasini qo‘llab-quvvatlamadi. Tramp buni o‘zi va Vladimir Putin o‘rtasida Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatini xavf ostiga qo‘yishi bilan izohlagandi.

Ammo bu muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va chorshanba kuni kechqurun Tramp sabri tugaganini aytdi. U Rossiyaning eng yirik ikkita neft kompaniyalari – «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalarini e’lon qildi, shu bilan birga, agar Putin es-hushini yig‘ib olsa, cheklovlar darhol bekor qilinishi haqida qo‘shimcha qildi.

Sanksiyalar Rossiyaning asosiy eksport tarmog‘iga zarar yetkazadi, ammo hozircha ular – keng ko‘lamli hujum emas, balki ogohlantiruvchi o‘qdir, deya ogohlantirmoqda ekspertlar.

Birinchidan, sanksiyalar faqat bir oydan keyin kuchga kiradi va bu vaqt ichida Trampda fikrini o‘zgartirish imkoniyati bor. Ikkinchidan, Tramp hali ham Yevropaning Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamaydi va Yevropa Ittifoqining Rossiyaning G‘arbda muzlatilgan oltin-valuta zaxiralarini musodara qilish qaroriga qo‘shilmaydi. Uchinchidan, u Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmadi.

Va nihoyat, bir oydan keyin Rossiya neft sanoatining bir qismiga qarshi sanksiyalar e’lon qilinishi neft narxi pasayishiga olib kelmoqda, bu birinchi navbatda dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi hisoblangan Qo‘shma Shtatlar uchun foydalidir.

Amerika shu vaqtgacha – Jo Bayden davrida ham, Tramp davrida ham Rossiya neftiga total embargo qo‘yishdan tiyilib keldi, bu benzin narxi narxi oshishi va bu aholi noroziligiga sabab bo‘lishidan xavotir bilan bog‘liq edi. Endi esa vaziyat o‘zgargan: bozorda neft ortiqcha to‘planib qolgan va narxlar pasayishi allaqachon Amerika neftchilariga tahdid solmoqda. Neft bozoridagi asosiy raqobatchiga qarshi sanksiyalar esa har qachongidan foydali.

Neft narxi tushishi AQShda qazib olish qisqarishi bilan tahdid solmoqda. Kaliforniyadagi neft tebratgichlari

Ammo Tramp tanlagan sanksiyalarning iqtisodiy ta’sirini hozir baholashning iloji bo‘lmasa ham, siyosiy jihatdan ular – eng muhim signaldir, deb hisoblaydi London Qirollik kollejining Rossiya bo‘yicha eksperti Rut Deyyermond.

«Sanksiya e’lon qilinishi uning moddiy oqibatlari nuqtayi nazaridan emas, balki u yuboradigan signal nuqtayi nazaridan muhimdir. Bu Tramp ma’muriyati nihoyat Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim o‘tkazishga tayyorligi haqida signal», – deya qayd etadi u.

Bu signal Kremlning kartalarini aralashtirib tashladi, deydi Deyyermondning London Qirollik kollejidagi hamkasbi Sem Grin. Yanvardagi inauguratsiyasidan beri birinchi marta Tramp Putinga nisbatan pozitsiyasini yumshatmadi, balki qat’iylashtirdi.

«Bu sanksiyalar urushga chek qo‘yadimi? Yo‘q. Ammo ular baribir katta ahamiyatga ega, – deydi Grin Tramp siyosatining o‘zgarishiga izoh berib. – Yanvardan beri Rossiya rasmiylari va bozorlari Tramp sanksiyalardan o‘zini tiyishiga umid qilgan holda qarorlar qabul qilayotgandi».

Oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?

Neft xaridorlari va tashuvchilari Rossiyaning ikki eng yirik neft kompaniyasidan o‘zini olib qocha boshlagan, bu kompaniyalar chet elda qolgan aktivlaridan mahrum bo‘lishi ham mumkin. Biroq ularda yangi sharoitlarga moslashish va zararni minimallashtirish uchun vaqt bor.

Tramp «Rosneft» va «Lukoyl»ning barcha kontragentlariga 21 noyabrgacha munosabatlarni uzish uchun muhlat berdi, aks holda ular AQShning ikkilamchi sanksiyalari ostiga tushadi. To‘g‘ri, bu sanksiyalar avtomatik emas va har bir alohida holat AQSh Moliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi, vazirlik esa press-relizda «sanksiyalarning yakuniy maqsadi – jazolash emas, balki xatti-harakatlarni o‘zgartirishga erishish» ekanini ta’kidladi.

Shu sababli, bu sanksiyalar qanchalik jiddiy ekanini faqat 21 noyabr kuni, agar Putin Trampni o‘z xatti-harakatlarini yaxshi tomonga o‘zgartirganiga ishontira olmasa, bilib olish mumkin. Tramp Rossiya neftini tashuvchilar va xaridorlarga, birinchi navbatda, Xitoyga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni joriy qilishni boshlagandagina, ekspertlar u tahdidlardan amaliyotga o‘tganiga ishonishadi.

Xitoyning Chjoushan shahridagi neft terminali yonidagi tanker. Foto: Reuters

Bu holatda Trampning zaxirasida Rossiya neft sanoatiga nisbatan ancha jiddiyroq sanksiyalar bor, deydi AQSh davlat kotibining Yevropa ishlari bo‘yicha sobiq yordamchisi Deniel Frid.

U Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning Rossiya nefti uchun «narx chegarasi»ni pasaytirish to‘g‘risidagi qaroriga qo‘shilishi mumkin. Sentyabr oyida Yevropa bu chegarani bir barrel uchun 48 dollarga tushirdi, AQSh esa 60 dollarlik chegarani qoldirdi, bu Rossiya neftining hozirgi narxidan yuqori va amalda uni tashish va sug‘urtalash uchun sanksiyalarni bekor qiladi.

Bundan tashqari, AQSh nihoyat Yevropaning Rossiyaga G‘arbning neft va neft mahsulotlari savdosi bo‘yicha cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam beradigan tankerlarning «soyadagi floti»ga qarshi kurashishga qo‘shilishi mumkin.

Kreml urush yillarida G‘arb iqtisodiy bosimi sharoitida yashash va savdo qilishni o‘rgandi, Tramp 9 oy davomida sanksiyalar bo‘yicha pauza qilish esa bu vazifani yanada yengillashtirdi.

Shuning uchun hozir Hindiston va Xitoydagi Rossiya neftini sotib oluvchilarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar eng og‘riqli va samarali bo‘lardi, chunki ularning portlari, zavodlari va banklari hali ham G‘arb moliya tizimi va texnologiyalaridan erkin foydalanmoqda, deydi ekspertlar. Agar ular AQSh va Rossiya o‘rtasida tanlov qilishi kerak bo‘lsa, tanlov har doim ham Kreml foydasiga bo‘lavermaydi, hatto Rossiyaning arzon neftidan voz kechish daromadlarni yo‘qotishga olib kelsa ham.

Hozircha Tramp faqat hind tovarlariga umumiy tariflar bilan cheklandi, Yevropa esa Hindistonning bitta va Xitoyning ikkita neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Mavzuga oid