O‘zbekiston | 23:08 / 17.01.2023
17641
3 daqiqa o‘qiladi

«Farg‘onaazot» Singapur kompaniyasiga 140 mln dollarga sotiladi 

Shuningdek, Indorama kompaniyasi zavodni modernizatsiya qilish uchun 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritadi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati Singapurning Indorama kompaniyasiga 140 million dollarga sotiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, «Farg‘onaazot» AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalari paketi Indorama Corporation Pte. Ltd (Singapur) kompaniyasiga sotilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

Xususiylashtirish jarayoniga Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi yetakchi konsultant, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) strategik maslahatchi, KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan. 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, korxonani sotib olishga 10 ta da’vogar ariza bergan. Eng maqbul taklif Indorama tomonidan taqdim etilgan. 

«Taklifga ko‘ra, sotib olish qiymati qariyb 140 million dollarni (130 mln AQSh dollari va 107 mlrd so‘mni) tashkil etadi, shuningdek, investor tomonidan korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyati olinadi», deyiladi xabarda. 

16 yanvar kuni O‘zbekiston prezidentining Singapurga davlat tashrifi arafasida tashkil etilgan Biznes-forumda «Farg‘onaazot» AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketi bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasining asosiy shartlari to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan. 

Ma’lumot o‘rnida, Indorama Corporation – 38 ta mamlakatda 160 dan ortiq ishlab chiqarish maydonlariga ega xalqaro sanoat konglomerati. U mineral o‘g‘itlar, polimerlar, sanoat kimyoviy moddalari, tolalar, to‘qimachilik mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi va tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan bo‘lib, 45 mingdan ziyod xodimga ega. Kompaniya 2010 yildan buyon O‘zbekistonga faol sarmoya kiritib, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va o‘g‘it ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarni rivojlantirib kelmoqda hamda mazkur loyihalarda 3 mingdan ziyod mahalliy ishchilar mehnat qilmoqda. 

Mavzuga oid