O‘zbekiston | 21:09
1543
5 daqiqa o‘qiladi

“UzAuto Motors”, “Navoiyazot” va issiqlik elektr stansiyalari xususiylashtirishga tayyorlanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, so‘nggi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. Xususan, o‘tgan yili qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion so‘mdan ortiq tushum ta’minlandi. Yer uchastkalarini sotish hajmi oshib, 6 trillion so‘mlik natijaga erishildi.

Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion so‘m, mahallalarda esa 7 milliard so‘m mablag‘ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion so‘m dividend to‘ladi. Umuman, so‘nggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaydi.

Yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Xususiylashtirish jarayonlarida ish o‘rinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi bo‘yicha talablarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. O‘tgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi.

Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida zamonaviy raqamli vositalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi. Moliyaviy holati og‘irlashgan 451 ta korxona 2024 yilda 14 trillion so‘m, o‘tgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion so‘m zarar ko‘rgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususiylashtirishda tahliliy yondashuv yetarlicha qo‘llanilmayotgani qayd etildi. Bundan buyon mazkur jarayon tarmoq yondashuvi asosida tashkil etilib, har bir soha alohida tahlil qilinishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanishi, raqobat muhiti o‘rganilishi hamda takliflar shu asosda ishlab chiqilishi belgilandi.

Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat ko‘chmas mulki obektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazish, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, bo‘sh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.

Yig‘ilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga to‘liq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2022-2025 yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi.

Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun “E-auksion”, “Yerelektron”, O‘zbekkosmos agentligi, “Shaffof qurilish” va “UzKAD” kabi axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endi tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sun’iy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlat rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid