O‘zbekiston | 18:34 / 23.05.2023
38574
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda dam olish kunida dam olgan Yoshlar ishlari agentligi tuman rahbarlaridan tushuntirish xati olindi

Samarqandda Yoshlar ishlari agentligining Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari rahbarlari dam olish kunida dam olgani uchun viloyatga tushuntirish xati yozib bergani aytilmoqda.

Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev 2023 yil 21 may, yakshanba kuni Paxtachi tumaniga ta’ziyaga borgan. Yo‘l-yo‘lakay Yoshlar ishlari agentligining Paxtachi tumani bo‘limi boshlig‘ini topolmagan. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘ini ham topishning imkoni bo‘lmagan. To‘xtayev ikki tumandagi vakillarini nima maqsadda izlashtirgani noma’lum.  

Shundan so‘ng ikki rahbar Husan To‘xtayev nomiga tushuntirish xati yozib bergan. Xususan, tushuntirish xatida agentlikning Paxtachi tuman bo‘limi boshlig‘i Elyor Sanaqulov o‘sha kuni oilasi bilan Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi oilaviy dam olish maskaniga borib, dam olganini ma’lum qilgan. Tog‘li hudud bo‘lgani uchun telefoni ishlamagan.

Sanaqulov o‘z tushuntirish xatida “Konstitutsiyada yakshanba – dam olish kuni, deb belgilangani uchun” o‘sha kuni dam olishga haqqi borligini qo‘shimcha qilgan. (Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyada bunday norma yo‘q).

Shuningdek, agentlikning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i Lazizbek Abduqahhorov 21 may kuni uyidagi qurilish ishlarini bitirib olishni rejalashtirgan. O‘sha kuni u ham telefonini o‘chirib qo‘ygan va shaxsiy ishlarini dam olish kuniga mo‘ljallaganini ma’lum qilgan.

Ushbu holat bo‘yicha hozircha yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan munosabat berilmagan. 

Mavzuga oid