O‘zbekiston | 15:26 / 27.12.2025
4801
3 daqiqa o‘qiladi

Yagona milliy ijtimoiy himoya: oilalar 3 toifaga ajratiladi

“Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. 2026 yil 1 fevraldan amaldagi reyestrlar negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritilib, undagi ma’lumotlar asosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari manzilli tarzda taqdim etiladi. 

Foto: Kun.uz

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr shakllantiriladi. U “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi. 

Yangi Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib quyidagi toifalarga ajratilishi belgilangan:

  • “davlat ta’minotidagi oila”;
  • “kambag‘al oila”;
  • “kambag‘allik chegarasidagi oila”.

Farmonda toifalash mezonlari ham belgilangan. Xususan:

“Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga — oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan bo‘lgan, har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar kiritiladi;

“Kambag‘al oila” toifasiga — oila a’zolari mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar kiritiladi;

“Kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga — har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan oilalar kiritiladi. Shuningdek, bu toifaga:

avval “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifalaridan chiqarilgan oilalar;

“mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan deb topilgan oilalar ham kiritilishi mumkin.

Yagona reyestr joriy qilinishi orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishda:

  • ehtiyojmand oilalarni aniqlash mexanizmi yagona bazaga jamlanadi;
  • oilalarning holati tizimli baholanadi;
  • yordam choralarining manzilliligi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutiladi. 
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid