Iqtisodiyot | 16:44 / 02.11.2021
19061
3 daqiqa o‘qiladi

Har oy boshida shu muammo: UzASBO'dagi nuqson haligacha bartaraf etilmadi

Budjet tashkilotlari buxgalterlarining markazlashgan UzASBO onlayn hisob-kitob dasturi yana ishlamay qolgan. O‘tgan oy Moliya vazirligi muammo to‘liq bartaraf etilishini aytgandi.

Foto: UzASBO dasturidan skrinshot

Muammo nimada?

Kun.uz o‘tgan oy buxgalterlarning murojaatlari asosida ayni oylik va avans hisoblaydigan paytlari Moliya vazirligining UzASBO dasturi ishlamay qolishi, buning natijasida maoshlar kechikishi borasida maqola e'lon qilgandi.

Bizga murojaat qilgan va shaxsi sir saqlanishini so‘ragan budjet tashkilotlari hisobchilari har oy UzASBO'dagi texnik nosozliklardan aziyat chekishini ma'lum qilgandi.

“O‘zim Buxoroda davlat tashkilotida hisobchiman. Biz davlat tashkiloti bo‘lganimiz uchun UzASBO dasturida xodimlarning oylik maoshlarini hisoblaymiz. Lekin 1 yildan buyon har oy bir xil muammo bizni qiynaydi. Aynan oyning 15 sanasi, ya'ni avans vaqtida va oyning oxiri 30–31 sanasi hamda keyingi kunlarda oylik ish haqlarini hisoblayotgan paytimizda UzASBO dasturi umuman ishlamay qoladi. Shu sababli kunma-kun oyligini kutadigan oddiy xodimlarning ish haqlarini hisoblash, to‘lash kechikadi. Mana bu oy ham 4 oktyabr sanasi yetib keldi hamki dastur umuman ishlamayapti, natijada ish haqlari kechikmoqda”, – deya murojaat qoldirgandi buxgalterlardan biri.

Oradan bir oy o‘tib, yana mazkur muammoalar takrorlana boshlagan.

Holatni tekshirish maqsadida Telegram'dagi “UzASBO’ga savollar” guruhini ko‘zdan kechirdik. Bugun 2 noyabr kuni guruhga tizim ishlamayotgani haqida yuzlab xabarlar qoldirilganiga guvoh bo‘ldik.

Buxgalterlardan biri tizim bosimni ko‘tara olmay, ishlamayotganini ta'kidlagan.

“Markazlashgan buxgalterlar juda qiynalyapti-ku, o‘zi shtat kam, kechasi bilan ishlasak ham ishlamaydigan dastur dastidan ish haqini yopolmayapmiz”, – deb yozadi yana bir hisobchi.

Moliya vazirligi munosabati

Vazirlik matbuot xizmati avvalgi munosabatining mazmunidan chetga chiqmagan holda avans va oylik paytida tizim ishlamay qolishi bosim bilan bog‘liqligini ta'kidladi. “Tizim ishlamasa, hech kimga oylik tushmagan bo‘lardi. UzASBO'ga oylik paytida ortiqcha bosim bo‘lgani uchun uning ishlashi sekinlashadi. Bu ishlamaydi degani emas”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda matbuot xizmati mas'uli. Shuningdek, u serverlar doimiy yangilanib borishini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham Moliya vazirligi vakili oylik va avans hisoblash vaqtida tizimda texnik nosozlik bo‘lishini, bunga dasturga bo‘ladigan bosimning ortishini sabab qilib ko‘rsatgandi.

Afsuski, xozircha bu muammolarning takrorlanmasligi uchun biror chora ko‘rilayotgani yo‘q.

Tashqarida 21-asrning 21-yili tugab bormoqda. Raqamli dunyoda yashamoqdamiz. Ammo katta bir davlatning Moliya vazirligi o‘zi yaratgan va unga davlat tashkilotlarini qaram qilib qo‘ygan dasturini normal ishlashini ta'minlab bera olmayapti.

Mavzuga oid