O‘zbekiston | 18:36 / 13.01.2026
11243
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatchilarning oyliklari oshiriladi

1 apreldan e’tiboran Mudofaa vazirligi tizimida ko‘p yil ishlagan ofitserlarning ustamasi 2 barobarga oshadi. Oddiy askar va senjantlarning maoshi esa 10 foizga ko‘paytiriladi. Mudofaa bo‘limlarining noharbiy xizmatchilari oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga ko‘tariladi. Bundan tashqari, harbiylarning pensiya ta’minoti yaxshilanadi, ular uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi.

Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi esa 10 foizga ko‘paytiriladi.

Bu haqda Xavfsizlik kengashining 13 yanvar kungi yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Prezidentga ko‘ra, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarining oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.

13 yanvar kuni prezident huzurida o‘tgan yig‘ilish / Foto: Prezident matbuot xizmati 

Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

Harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi ham kengaytiriladi.

Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.

Mavzuga oid