Jamiyat | 12:45 / 26.12.2025
677
2 daqiqa o‘qiladi

“Kasblar shaharchasi” tashkil etiladi: maktab o‘quvchilari zamonaviy kasblarga yo‘naltiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yil dasturining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish vazifasi belgilanganini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida mehnat bozorida ish o‘rinlarining shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning qayd etishicha, yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi. Shu bois mamlakat mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish bo‘yicha besh yillik dastur tasdiqlangan. Unga muvofiq, 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi. Shuningdek, Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Prezident ta’kidlaganidek, 2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida xizmat qilishi, “Kasblar shaharchasi” esa maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport hamda “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Mavzuga oid