Jahon | 07:19 / 16.02.2026
12641
2 daqiqa o‘qiladi

Infografika: qaysi mamlakatlarda YTH ko‘proq sodir bo‘ladi?

Dunyo bo‘ylab har yili yo‘llarda millionlab yo‘l-transport hodisalari (YTH) sodir bo‘ladi. Infografikada qaysi mamlakatlarda avariyalar eng ko‘p uchrashi ko‘rsatilgan.

Qo‘shma Shtatlar umumiy avariyalar soni bo‘yicha muntazam ravishda yetakchi hisoblanadi. UNECE hisobotiga ko‘ra, 2019 yilda u yerda qariyb 1 million 949 ming avariya qayd etilgan — bu har bir million aholiga 5938 ta avariya to‘g‘ri keladi, degani.

CEOWorld ma’lumotiga ko‘ra, umumiy YTH soni bo‘yicha yetakchilar qatoriga, shuningdek, Yaponiya (540 ming), Germaniya (300 ming), Turkiya (174 ming) va Italiya (172 ming) ham kirgan. Ammo har million aholiga to‘g‘ri keladigan avariyalar soni bo‘yicha Avstriya Germaniyadan yuqori ko‘rsatkichga ega — 4024 taga qarshi 3612 ta.

Rossiya bo‘yicha UNECE statistikasida yangi ma’lumotlar yo‘q. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada 2019 yilda jabrlanganlar bo‘lgan taxminan 164 ming YTH qayd etilgan.

Infografikada Hindiston yashil rangda ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu mamlakat yo‘llarda halok bo‘lish ko‘rsatkichi bo‘yicha muntazam ravishda yetakchilardan biri hisoblanadi. Masalan, 2019 yilda mamlakatda 473 mingdan ortiq avariya sodir bo‘lgan va 154 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan.

Infografika mualliflari UNECE va CEOWorld ma’lumotlaridan foydalangan, biroq bu ma’lumotlar dunyodagi barcha mamlakatlarni qamrab olmaydi. Shuningdek, ma’lumotlarni yig‘ish metodologiyasi ham turlicha bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda 2024 yilda 9364 ta YTH qayd etilgan. Ularda 2203 kishi halok bo‘lgan, 8901 kishi jarohat olgan. 2025 yilda ham ko‘rsatkichlar o‘xshash darajada: 2188 kishi halok bo‘lgan, 8,9 mingga yaqin odam jarohat olgan. O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 8–9 mingta avariya sodir bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid