Jahon | 08:00 / 26.02.2026
23394
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda eng ko‘p yomg‘ir yog‘adigan shaharlar reytingi

Yomg‘ir butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning hayotiga ta’sir qiladi, ammo ayrim joylarda u deyarli hech qachon to‘xtamaydi. Yangi iqlimiy ma’lumotlar yil davomida yog‘ingarchilik eng ko‘p kuzatiladigan o‘nta shaharni ajratib ko‘rsatadi, bu ko‘rsatkich yomg‘irli kunlar soni bilan o‘lchanadi.

Foto: DELFI / Šarūnas Mažeika

Ushbu reytingga ko‘ra, ro‘yxatda ekvator va tropik hududlarda joylashgan shaharlar ustunlik qiladi: aynan shu yerlarda geografiya va atmosfera aylanishi deyarli har kuni yog‘ingarchilik keltirib chiqaradi. Bu ko‘rsatkichlar dunyo bo‘ylab minglab nuqtalarda yog‘ingarchilik taqsimotini kuzatib boradigan mustaqil iqlimiy ma’lumotlar bilan ham mos keladi.

Buenaventura, Kolumbiya — 258 yomg‘irli kun.
Ro‘yxatga Kolumbiyaning Tinch okeani sohilidagi port shahri — Buenaventura boshchilik qiladi. Mahalliy aholi yilda taxminan 258 kun yomg‘irga duch keladi. Bunday ko‘p yog‘ingarchilik tropik iqlim, Tinch okeandan keladigan nam havo oqimlari, shuningdek, yaqin atrofdagi tog‘lar bilan izohlanadi: tog‘lar nam havoni yuqoriga ko‘tarilishga majbur qiladi va u yerda u kondensatsiyalanib yog‘ingarchilikka aylanadi.

Kolumbiyaning o‘zi ham dunyodagi eng nam mamlakatlardan biri hisoblanadi: ekvatorga yaqin joylashuvi va rel’yefining turfa-xilligi sababli bu yerda yillik yog‘ingarchilik miqdori sayyora bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga yetadi.

Manisales, Kolumbiya — 257 yomg‘irli kun.
Keyingi o‘rinda Manisales turadi — qahvasi va salqin tog‘li iqlimi bilan tanilgan yana bir Kolumbiya shahri. U And tog‘lari yonbag‘rida joylashgani sababli bu yerda doimiy bulutlilik va yog‘ingarchilik saqlanib turadi — yilda taxminan 257 kun yomg‘irli bo‘ladi.

San-Vito, Kosta-Rika va Kito, Ekvador — har biri 253 kundan.
Keyingi o‘rinlarni Kosta-Rika va Ekvador shaharlari egallaydi. Kosta-Rika janubidagi San-Vito hamda Ekvador poytaxti Kito (And baland tog‘larida joylashgan) o‘rtacha yilda 253 tadan yomg‘irli kunga ega. Bu hududlarda muhim omillar — tropiklararo konvergensiya zonasi va mahalliy tog‘ mikroiqlimlari bo‘lib, ular deyarli butun yil davomida yog‘ingarchilikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Sangolki, Ekvador — 245 yomg‘irli kun.
Kitodan uncha uzoq bo‘lmagan Sangolki — Anddagi yana bir manzil bo‘lib, bu yerda nam sharoit odatiy hol. Yilda taxminan 245 yomg‘irli kun ekvatorga yaqin tog‘li mintaqalarda kuchli yog‘ingarchilik umumiy tendensiya ekanini ko‘rsatadi.

Ekvatorial Gvineya, Ekvador, Indoneziya — har biri 244 kundan.
Uchinchi guruhda 244 yomg‘irli kun ko‘rsatkichiga ega uchta hudud (shaharlar) keltiriladi: Ekvatorial Gvineyadagi Niefang va Mikomeseng, Ekvadordagi Banos hamda Indoneziyadagi Timiku. Ularning barchasi ekvator atrofidagi tropik yomg‘ir o‘rmonlari hududida joylashgan bo‘lib, kuchli quyosh issiqligi va namlikning yig‘ilishi (konvergensiyasi) tufayli yilning katta qismida deyarli har kuni jala va momaqaldiroq kuzatiladi.

Duala, Kamerun — 243 yomg‘irli kun.
O‘nlikni Afrikadagi Kamerunning Duala port shahri yakunlaydi. Bu yerda o‘rtacha yilda 243 kun yomg‘ir kuzatiladi. Gvineya ko‘rfazida joylashgan shaharga Atlantika okeanidan keladigan nam havo va mavsumiy musson shamollari kuchli, ko‘pincha jala shaklidagi yog‘ingarchilik olib keladi.

Yomg‘ir dunyo bo‘ylab bir tekis taqsimlanmagan. Janubiy Amerika, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyodan o‘tuvchi ekvatorial kamar umuman olganda eng ko‘p yog‘ingarchilik zonasi hisoblanadi.

Foto: World Visualized
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid