O‘zbekiston | 13:11 / 01.02.2022
18183
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika bozori erkinlashtiriladi

O‘zbekistonda energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda erkinlashtiriladi. Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2022 yilgi davlat dasturida belgilandi.

Farmonga binoan, 2022 yil davomida energetika sohasiga bozor mexanizmlarini olib kirishning huquqiy asoslari yaratiladi.

Dasturda, energoresurslar sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish ko‘zda tutilgan.

Aprel oyigacha bu borada prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Qaror loyihasi energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilarga teng imkoniyatlar berish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilishga qaratiladi.

Elektr energiya ta’minotida monopoliya bekor qilinadi va sohaga ijtimoiy himoya kafolatlari belgilangan holda bozor mexanizmlari joriy etiladi. Bunda:

  • “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini “yagona xarid qiluvchi” funksiyasi bekor qilinadi;
  • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablar belgilanadi;
  • “O‘zbekgidroenergo” AJ kichik va o‘rta investitsiya loyihalariga xususiy investorlarni jalb etadi.

Yuqoridagilarga muvofiq:

  • elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga soluvchi mustaqil organ – regulyator,
  • yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi kompaniya,
  • milliy dispetcherlik markazi tashkil etiladi.

Davlat dasturiga binoan, 2022 yil aprelgacha ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun energiya resurslari bo‘yicha ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritiladi (xalqaro tajribani o‘rgangan holda).

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi (2022 yil sentabrgacha) va “Tabiiy gaz to‘g‘risida”gi qonun loyihasi (2022 yil oktyabrgacha) ishlab chiqiladi; Magistral elektr tarmoqlari kodeksini (GrId Code) tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi (2022 yil iyungacha) tayyorlanadi.

Neft-gaz sohasi

Prezident farmonida neft-gaz sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish orqali tabiiy gaz ta’minotida ijtimoiy himoya kafolatlari belgilangan holda bozor mexanizmlarini joriy etish belgilangan.

2022 yilgi davlat dasturiga asosan, tabiiy gaz ta’minoti tizimini isloh qilish va raqobat bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish to‘g‘risida prezident qarori loyihasi ham tayyorlanadi. Unda quyidagilar belgilanadi:

  • “O‘ztransgaz” AJni faqat gazni transportirovka qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga aylantirish;
  • “O‘zbekneftgaz” AJning tashkiliy-huquqiy tuzilmasini dunyoning yetakchi neft-gaz kompaniyalari standartlariga muvofiqlashtirish, bunda jamiyat tasarrufidagi korxonalarda kooperatsiya va autsorsing xizmatlarini joriy etish;

Oktyabr oyiga qadar “Hududgazta’minot” AJ faoliyati yo‘nalishlariga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablar belgilanadi. Bu talablar, xususan, suyultirilgan gazni aholiga yetkazib berish va tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berish tizimlariga oid bo‘ladi.

Mavzuga oid