O‘zbekiston | 20:06 / 20.02.2026
6994
6 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘istonda 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 30 million kub metr qurilish qumlari, 27 million kub metr g‘isht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan.

Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion so‘mga (2025 yilda 54,3 trillion so‘m bo‘lgan), jon boshiga esa 51 million so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi (2025 yilda 435 million dollar bo‘lgan).

Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Qo‘shimcha ravishda og‘ir toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi, prezident ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Qoraqalpog‘istonga bevosita xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish (2025 yilda 3,5 milliard dollar bo‘lgan) maqsad qilingani qayd etildi.

Hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Sun’iy intellekt sohasi uchun Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazini tashkil etish, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik klaster barpo etish, bazalt tolasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi, Taxtako‘pir tumanida paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboy tumanida ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mavjud yer resursidan foydalanish darajasi hudud imkoniyatlariga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud maydonlarning atigi 2,5 foiziga ekin ekilayotgani, qolgan 16 million gektar deyarli ishlatilmayotgani qayd etildi. Iqlimga mos yangi ekin turlarini topib, ularni yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish, suvsizlik va sho‘rga chidamli, shu jumladan, farmatsevtika sanoati uchun dorivor giyohlarni katta maydonlarda yetishtirib, eksportni ko‘paytirish vazifalari belgilandi.

Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Kengashi raisining alohida o‘rinbosari lavozimini kiritish taklif qilindi. Joriy yilda 10 ming gektar yaylovni tiklash, o‘simliklarni sun’iy intellekt asosida monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Joriy yilda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘lda chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va qadoqlash loyihalari, Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.

Turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

«Borsakelmas» tuz koni hududida «Yer ko‘zgusi» brendi ostida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi. Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi ochiladi.

Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yildi. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi.

Intellektual loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tizimni Qoraqalpog‘istondan boshlash belgilandi. Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirishga 5 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ma’lumotlarni qayta ishlash, «bulutli» ma’lumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasi 10 karra oshirilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda 1 million dollarlik 10 ta startap loyihasini boshlash, bu maqsadlarga Ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan har yili 30 milliard so‘mdan ajratib borish topshirildi.

2027 yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan «quruq port» maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda Qoraqalpog‘istondagi infratuzilma loyihalari uchun 150 milliard so‘m, markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taqsimlash va tozalash inshootlari hamda yo‘l qurilishi loyihalariga 200 million dollar jalb qilinishi belgilandi.

Yig‘ilish yakunida prezident Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid