Jahon | 21:45 / 04.12.2025
10496
14 daqiqa o‘qiladi

Pokrovsk va Mirnograd uchun jang: Rossiya bu shaharlarni to‘liq egallashga aslida qanchalik yaqin?

Foto: Reuters

Oktyabr oyi oxiridayoq RF qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Donetsk oblastida Pokrovsk va Mirnograd shaharlari (Rossiya rasmiylari ushbu shaharlarning sovetcha nomlarini ishlatadi – Krasnoarmeysk va Dimitrov) aglomeratsiyasi qurshab olingani haqida hisobot bergandi. 1 dekabr kuni kechqurun Kreml Pokrovsk «egallangani» haqida bayonot berdi.

Kiyevda esa bu bayonot rad etildi va Ukraina qurolli kuchlari ushbu aholi yashash manzillari o‘z nazoratida qolishi uchun qarshi choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Gerasimovning hisobotida Rossiya qo‘shinlari 26 oktyabr kuniyoq Pokrovsk va Mirnograd hududlarida «dushmanni qurshovga olishni yakunlagani» va «Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhi yo‘lini bloklab qo‘ygani», Ukrainaning 5,5 mingga yaqin harbiysi «qurshovda qolgani» iddao qilingandi. 1 dekabr kuni kechqurun esa RF mudofaa vazirligi Pokrovsk shahri to‘liq hamda Mirnogradning janubiy qismi egallagani haqida bayonot berdi.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya mazkur aglomeratsiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun frontning kichik uchastkasida (front chizig‘i 40-50 kilometrga cho‘zilgan) 150 ming nafar atrofida harbiy to‘plaganini ma’lum qilgan. Bu Moskva 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uchun harakatga keltirgan yirik qo‘shin bilan deyarli tengdir.

Ukrainaning harbiy va siyosiy rahbariyati Pokrovsk va Mirnograd qurshovda qolgani faktini rad etgan. Bundan tashqari, oktyabr oyidayoq ukrain armiyasi aglomeratsiyani o‘z nazoratida ushlab qolish uchun faol harakatlar qo‘llashni boshlagandi. Birinchi navbatda, gap ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha kuchlarni olib kelish haqida ketadi.

Ukraina armiyasi qo‘llagan choralar chindan ham rossiyalik harbiylarning oldinga yurishini to‘xtatdi va dekabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, Rossiya kuchlari baribir oldinga qo‘yilgan maqsadga erisha olmagan – ushbu shaharlar to‘liq egallanmagan.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Pokrovskning qaysi qismi rossiyalik harbiylar qo‘liga o‘tgan?

Moskvaning Ukraina qurolli kuchlari Pokrovsk-Mirnogradda qurshab olingani haqidagi bayonotlari ortidan deyarli darhol Ukraina rasmiylari, jumladan, armiya vakillari bu shaharlardagi garnizonni imkon qadar olib chiqib ketishni talab qila boshladi.

Ammo Ukraina Bosh shtabi boshqa qarorni qabul qildi.

Mudofaa kuchlari guruhi shahar aglomeratsiyasi atrofiga joylashtirilgan shturmchi va desantchilardan iborat «o‘t o‘chirish guruhi» bilan kuchaytirildi. Bu esa Pokrovsk uchun jangdagi qarama-qarshilik uzoq cho‘ziluvchi va holdan toydiruvchi ko‘cha janglari shakliga o‘tishiga olib keldi.

«Janglar to‘xtamayapti, Pokrovsk va Mirnograddagi kvartallar, shuningdek, ularning atrofidagi bir qator posyolkalar, shuningdek, alohida pozitsiyalar va chegaralar doimiy ravishda qo‘ldan qo‘lga o‘tmoqda. Natijada ko‘plab uchastkalarda tomonlarning jangovar saflari aralashib ketgan, har ikki tomondagi kichik piyoda guruhlari esa asosiy kuchlardan ajralgan holda „qurshov holatida“ harbiy harakatlarni olib borishga majbur bo‘lmoqda», – deya shahardagi holatni tasvirlaydi harbiy tahlilchi Konstantin Mashovets.

Rossiyaliklarni shahar ichida ushlab turishdan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari ularning qanotlarda oldinga siljishini biroz to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi va Pokrovsk hamda Mirnograd o‘rtasidagi asosiy pozitsiyalarga havodan dronlar va quruqlikda yerusti robotlarini qo‘llash orqali ta’minot yetkazib berishni ta’minladi.

Dekabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, aksariyat harbiy tahlilchilar Rossiya Federatsiyasining Pokrovsk hududining taxminan yarmi – shaharning temiryo‘ldan janubda joylashgan qismi ustidan «ishonchli nazorati» haqida gapirmoqda. Shaharni g‘arbdan sharqqa ikkiga bo‘lib turgan temiryo‘l ko‘tarmasi shartli «chegara chizig‘i» vazifasini o‘taydi.

Pokrovskdagi Shevchenko haykali yonidagi rossiyalik harbiy (RF mudofaa vazirligi shahar Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida ekanidan ko‘rsatish uchun shu joyda olingan video e’lon qilgan)

Rossiya mudofaa vazirligi 1 dekabr kuni Pokrovsk «olingani»ni e’lon qilarkan, rossiyalik harbiylar Mustaqillik maydonida (2024 yilgacha Shibankov maydoni deb atalgan) Taras Shevchenko haykali yonida xotirjam yurgani va Rossiya Federatsiyasi bayrog‘ini yoyib turgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi. Ammo bu hudud temiryo‘ldan ancha janubda joylashgan va bu video rus harbiylari faqat shaharning janubiy qismini nazorat qilayotganini tasdiqlay oladi, xolos.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Pokrovskning shimoliy qismi har qanday harakat yaqqol ko‘rib turiladigan va ikkala armiya jangchilari dushman dronlari uchun birinchi navbatdagi nishon hisoblangan yaxlit «kulrang zona»ga aylangan.

Rossiya harbiylari hozirda temiryo‘l ko‘tarmasi janubida kuch to‘playotgani aniq va vaqti-vaqti bilan shaharning shimoliy hududlariga kichik shturm guruhlarini yubormoqda, ular imkon qadar ichkariga kirishga, Ukraina pozitsiyalari va logistika infratuzilmasiga hujum qilishga, keyin esa hududda mustahkam joylashib olishga harakat qilmoqda.

Shunga o‘xshash operatsiyalarni ba’zan Ukraina mudofaa kuchlari ham o‘tkazishga harakat qilmoqda va janubdagi rus harbiylari pozitsiyalariga hujumlar uyushtirmoqda.

Temiryo‘l Pokrovskda shartli «front chizig‘i»ga aylangan. Rossiya qo‘shinlari uning janubida, Ukraina qo‘shinlari esa shimolda pozitsiyalarni ushlab turibdi.

«Pokrovskda bo‘linmalarimiz bor... Biz bayroqlar osmaymiz, lekin ma’lum hududlar allaqachon nazoratimiz ostida. Ha, logistika bo‘yicha murakkab muammolar bor, chunki dushman ham qarshilik ko‘rsatmoqda, hech kim u yerda hammasi oson deb aytmayapti», – dedi 29 noyabr kuni desant-shturm qo‘shinlari qo‘mondoni Oleg Apostol.

Frontning ushbu uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan 7-desant-shturm qo‘shinlari korpusi xabarida aytilishicha, 1 dekabr holatiga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari qish mavsumida vazifalarni bajarishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Pokrovsk aglomeratsiyasida «pozitsiyalarni ushlab turish»da davom etmoqda.

«Bosqinchilar ko‘cha janglariga o‘ralashib, yo‘qotishlar berishda davom etmoqda...», – deyiladi xabarda. Shuningdek, hisobotda Pokrovskda o‘tgan oyda 519 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani va yana 131 nafari yaralangani aytiladi. Qayd etilishicha, bunday yo‘qotishlar soni butun bir batalyon soniga to‘g‘ri keladi.

Mirnogradda qurshov xavfi

Mirnograddagi vaziyat Pokrovskdagiga qaraganda murakkabroq.

Bu yerda Rossiya qo‘shini shahar ko‘chalarida jangga kirishmasdan, ukrain desantchilari va dengiz piyodalari guruhini to‘liq qurshab olishga qaror qilgan.

Ular bu urinishlarni biryo‘la frontning ikki qismida amalga oshirmoqda.

«Kichik qurshov» yuzaga keltirish uchun rossiyaliklar Rovnoye va Svetloyeni qo‘lga kiritishi kerak – bular Mirnograd va Pokrovskni bog‘lovchi yo‘l bo‘yida joylashgan qishloqlar.

Aslida rossiyalik harbiylar allaqachon bir necha marta bu qishloqlarda ko‘rinish bergan, ammo barcha holatlarda bu shunchaki alohida diversiyachi-razvedka guruhlari bo‘lgan. Hozircha RF ushbu «qop»ning «bosh» qismini to‘liq nazorat qilayotgani haqida gap yo‘q. Ammo Rossiya armiyasi bu yo‘nalishda harakatlarini faollashtirgan.

Bu bilan parallel ravishda Rossiya aviatsiyasi har kuni Ukraina himoyachilari tomonidan foydalanishi mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli binolarni yakson etish uchun Mirnograddagi aholi kvartallariga og‘ir bombalar tashlamoqda.

Ukrainlarning Mirnograd chekkasidagi yo‘llardan birida yonib ketgan zirhli texnikalari

«Katta qurshov» esa Rossiya armiyasi halqani Rodinskiy, Krasniy Liman va Grishino qishloqlari bo‘ylab o‘tgan yo‘llarning T-shaklidagi chorrahasida yopgan taqdirda yuzaga keladi.

Harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets Rossiya armiyasi allaqachon bu nuqtaga yetib kelganini aytadi.

«Shubhasiz, dushman Rodinskiy janubidagi yo‘llarning T-simon chorrahasiga yetib borgan va endi u yerda mustahkam o‘rnashib olishga harakat qilmoqda (bu esa amalda Mirnogradni himoya qilayotgan bo‘linmalarimiz qurshab olinganini anglatadi)», – deb yozdi u 30 noyabr kuni.

Biroq DeepState va Urushni o‘rganish instituti (ISW) OSINT-loyihalari xaritalarida Rodinskiyning bu chorrahasi «kulrang zonada» ekani ko‘rsatilgan, ya’ni Rossiya armiyasi hali u yerda mustahkam o‘rnashmagan va «halqa»ni yopmagan.

Ammo DeepState tahlilchilari jangchilarga tayanib, Mirnograddagi harbiylar ta’minoti faqat dronlar yordamida amalga oshirilishi mumkinligi, ular o‘z pozitsiyalarini tark etishi «dushman pistirmasiga tushish va o‘qlarga nishon bo‘lish»ni bildirishini ta’kidlamoqda.

Ukraina qo‘mondonligi esa qurshov yo‘qligi va qiyinchiliklarga qaramay, Mirnograddagi ukrain kuchlari ta’minoti va rotatsiyasi amalga oshirib turilganiga ishontirmoqda.

«Bizning bo‘linmalarimizda rotatsiya uchun ham asosiy, ham muqobil yo‘nalishlar mavjud. Xususan, kuni kecha ukrainalik harbiylar shaxsiy tarkibni almashtirdi», – deyiladi 7-korpus bayonotida.

Ammo Ukraina qo‘shinlarining Pokrovsk-Mirnograd hududidagi bunday joylashuvi, ya’ni qanotlarda siqilgan va faqat bitta logistika yo‘lagi bilan ta’minlangan holatda qolishi juda ishonchsiz holat.

Agar Rossiya qo‘shinlari Grishino – Rodinskiy yo‘nalishidagi yo‘lni kesib qo‘ysa yoki Mirnograd ichkarisidagi ukrain garnizonini bloklashga muvaffaq bo‘lsa, Ukraina Bosh shtabi murakkab dilemmaga duch keladi: qurshovda qolganlarni blokdan chiqarish uchun jangga qo‘shimcha kuchlarni tashlash yoki jangchilarni dushman o‘qlari ostida qurshovdan olib chiqishga harakat qilish.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Ukrainalik tarixchi va harbiy tahlilchi Mixail Jiroxovning fikricha, Kiyevning qo‘shinlarni olib chiqib ketish o‘rniga Rossiyaning Pokrovsk va Mirnogradga hujumini to‘xtatib turishga qaror qilishi Ukraina jamoatchiligida turlicha qabul qilinganiga qaramay, bu to‘g‘ri qaror bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi og‘ir janglar RF hujumini sezilarli darajada to‘xtatish va dushmanning katta kuchlarini «band qilish» imkonini berdi. Bundan tashqari, kvartallarda tayyorlangan pozitsiyalarni ushlab turish Pokrovsk-Mirnograddan keyin darhol boshlanadigan ochiq dalalarda himoyalanishga qaraganda ancha osonroq.

Shu bilan birga, mavjud ob-havo sharoiti rossiyaliklarga qo‘l kelmoqda. Donbassda bir necha haftadan beri tuman tushib, yomg‘ir yog‘moqda, bu Ukraina qurolli kuchlarining asosiy zarbdor quroli – dronlarning samaradorligini sezilarli darajada pasaytirgan. Yutilgan vaqtdan esa Rossiya qo‘shinlari Pokrovskdagi mudofaani taslim qilish uchun emas, balki yirik hujum uchun kuch to‘plashda foydalangan.

«Donbassda uzoq vaqtdan beri tuman bor. Bu Ukraina armiyasi uchun yomon, chunki u yerda rossiyaliklar logistikasini ta’minlay olmaydigan uchastkalar bor edi, hozir esa ular bu yerlarda o‘z uyidagidek yuribdi... Yaqin orada u yerlarni rossiyaliklar bosib ketishadi va afsuski, Ukraina mudofaasi bunga bardosh bera olmasligi mumkin, deb hisoblayman», – deydi ekspert.

Pokrovsk va Mirnograddagi tuman Ukraina qurolli kuchlariga dronlardan faol foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qo‘mondonligi voqealarning bunday rivojlanishini hisobga olgan va qo‘shinlarning Pokrovsk-Mirnograddan asta-sekin chiqib ketishi uchun ikkinchi mudofaa chizig‘ini allaqachon tayyorlab qo‘ygan. Bundan tashqari, bu jarayon allaqachon boshlanganini ko‘rsatadigan belgilar ham bor, deydi ekspert.

To‘g‘ri, ruslar aglomeratsiyani aynan qachon to‘liq egallab olishini aytish qiyin, deydi Jiroxov. Ukrainada dushmanni bu shaharlardan butunlay siqib chiqarish uchun yetarli kuch yo‘q, deydi ekspert.

Uning fikricha, bu yerda ko‘p narsa ob-havoga bog‘liq, hozirgi mavjud sharoit rossiyaliklarga «hal qiluvchi sakrash»ni amalga oshirishga imkon berishi mumkin.

Harbiy tahlilchi Konstantin Mashovetsning fikricha, Ukraina qurolli kuchlari Mirnograd garnizonini nisbatan og‘riqsiz olib chiqib ketish uchun fursat allaqachon boy berilgan. Birinchi navbatda, dushman shimolroqda, Krasniy Liman qishlog‘i yaqinida mustahkamlanib olgani va qochish yo‘llarini nazorat qilayotgani uchun.

«[Ketishga] muqobil yo‘l – to‘liq qurshov holatida jang qilib chekinish... Vaziyatni yana shu narsa murakkablashtiradiki, Ukraina qurolli kuchlari dushmanning Rodinskiy janubidagi va Grishino yo‘nalishidagi hujumini hozirgacha to‘xtata olmadi», – deya xulosa qiladi ekspert.

DeepState Pokrovsk va Mirnograddagi vaziyat Ukraina armiyasi uchun «kritikligicha qolayotgani»ni qayd etgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid