O‘zbekiston | 17:52 / 08.08.2018
16436
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: Qurolli Kuchlar tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligi oshiriladi

Illyustrativ foto

Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida “Vatan - muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” degan kontseptual g‘oya asosida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish, harbiy xizmatchilarning bilimi va ma'naviy saviyasini oshirish, axloqiy-ruhiy xislatlari va huquqiy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasining Qurolli Kuchlar tizimida izchil amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:

harbiy xizmatchilarning ma'naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlar va an'analarimizga asoslangan dunyoqarashini shakllantirishga yo‘naltirilgan yagona tizimni yaratish;

harbiy xizmatchilarning ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini, milliy armiyamiz bilan faxrlanish, davlat xavfsizligini himoya qilish uchun mas'uliyat tuyg‘usini chuqur singdirish;

harbiy xizmatchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini tizimli va izchil ravishda yetkazish hamda dunyoda va yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ularda ongli munosabat va faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirish, burchga sadoqat, mas'uliyat, fidoyilik tuyg‘ularini oshirish;

milliy merosimizning tarixiy ildizlarini o‘rganish xamda tahlil etish, Vatan ozodligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targ‘ib etish asosida harbiy xizmatchilarda “O‘zbekiston xalqi hech qachon, hech kimga qaram bo‘lmaydi!” degan hayotiy e'tiqodni qaror toptirish;

dinning asl mazmun-mohiyatini teran ochib berish orqali harbiy xizmatchilarga ezgulik va rahmdillik an'analarini singdirish, insonparvarlik va mehr-oqibat munosabatlarini shakllantirish hamda ularni milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom, fidoyilik va sadoqat, halollik va poklik, mustaqil fikr va sog‘lom turmush tarzi asosida tarbiyalash.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida haftaning xar juma kuni “Ma'naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyasining Qurolli Kuchlar tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarga hamda fuqarolarga harbiy xizmatchilar va yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirishga katta ta'sir ko‘rsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar a'lochisi” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy-vatanparvarlik, ma'naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash organlari negizida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari tashkil etiladi.

Brigadalarda (ularga tenglashtirilgan harbiy qismlarda) va alohida batalonlarda “harbiy psixolog” (ofitser) lavozimi joriy etiladi.

Harbiy okruglar boshqaruv apparatlarida ‘‘psixolog”, “yetakchi sotsiolog”, brigadalarda (ularga tenglashtirilgan harbiy qismlarda) va alohida batalonlarda “harbiy qism komandirining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi - Madaniyat markazi boshlig‘i” (Qurolli Kuchlar xizmatchisi) lavozimlari joriy etiladi. Ularning oylik maoshlariga lavozim moyanasidan 30% miqdorda xar oy qo‘shimcha ustama pul to‘lash belgilandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid