Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gaz quyish shoxobchasida portlash va xususiylashtiriladigan “UzAuto Motors” – mahalliy dayjest
“UzAuto Motors”, “Navoiyazot” va issiqlik elektr stansiyalari xususiylashtirishga tayyorlanmoqda. Denov tumanida gaz quyish shoxobchasida portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Isomiddin Ismanov qo‘lga olingan tezkor tadbir videosi e’lon qilindi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Harbiy xizmatchilar uchun yangi imtiyozlar joriy qilinadi
Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni, prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda qayd qilinishicha, harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga o‘qishga kirib, masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Askarlar uchun “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik o‘quv kurslari tashkil etiladi. Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan harbiy xizmatchilarga imtiyoz beriladi. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi.
“UzAuto Motors”, “Navoiyazot” va issiqlik elektr stansiyalari xususiylashtirishga tayyorlanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat ko‘chmas mulki obektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazish, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.
Surxondaryodagi gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi
Surxondaryo viloyati, Denov tumanida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash va yong‘in sodir bo‘ldi.
7 aprel kuni soat 8:24 da «112» tizimi orqali Oqtom mahallasidagi gaz quyish shoxobchasida «KAMAZ» rusumli propan gaz tashuvchi maxsus avtomobildan sig‘imga gaz quyish vaqtida chaqnash yuz bergani haqida xabar kelib tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga texnologik jarayonning buzilishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Hozir mutasaddi idoralar tomonidan voqea sabablari o‘rganilmoqda.
Hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro, shundan bir nafari 10 foiz, yana bir nafari 3-4 foiz yengil kuyish tan jarohati olgan. Ularning sog‘lig‘iga xavf yo‘q, hozirda ahvoli yaxshi. Halok bo‘lganlar yo‘q.
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Isomiddin Ismanov qo‘lga olingan tezkor tadbir videosi e’lon qilindi
Ma’lum bo‘lishicha, Isomiddin Ismanov 50 ming dollarni o‘z yashash xonadonida sanab olgan. U pulni olgach, “bu qarz deb atalishini” bildirgan.
Isomiddin Ismanov Bobur shaharchasi hududida davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yerni hujjatlashtirib olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan. U 4 aprel kuni pulni o‘z uyida olayotganida DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan edi.
Hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U protsessual tartibda ushlangan.
P2P-operatsiyalar monitoring qilinadi
Prezidentga coliq ma’murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi. Muhim yangiliklardan biri raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarur.
Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.
Mavzuga oid
19:39
Yangilangan Temuriylar tarixi muzeyi va bank ilovalari bo‘yicha o‘zgargan tartib – mahalliy dayjest
19:36 / 08.04.2026
Renovatsiyada qo‘shimcha kompensatsiya va haykalni o‘pgan ayolga jarima – mahalliy dayjest
19:33 / 06.04.2026
Toshkentdagi Beshqo‘rg‘on bozorida yirik yong‘in va «uchastkavoy»larga daydi topish rejasi – mahalliy dayjest
20:26 / 03.04.2026