Tadbirkor prezidentdan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini Cloud'da saqlashga ruxsat berishni so‘radi
Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida TBC Group vakili Oliver Hyuz shaxsga doir ma’lumotlar va bank axborotlarini bulutli texnologiyalar (Cloud)da saqlashga ruxsat berish, buning uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklifini ilgari surdi. Davlat rahbari masala o‘ta jiddiyligini qayd etib, har tomonlama puxta o‘ylangan yechim zarurligini ta’kidladi.
Kecha, 20 dekabr kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirda ishtirok etgan TBC Group vakili Oliver Hyuz shaxsga doir hamda bank ma’lumotlarini Cloudʼda saqlashga ruxsat berish uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklifini ilgari surdi.
“Menda ba’zi savollar mavjud. Bu yerda sanoat va bank sektori nomidan gapiryapman, deb o‘ylayman. Savolim bulut, ya’ni Cloud haqida. Bugungi kunda banklar uchun ma’lumotlarni saqlashga nisbatan talablar juda qattiq. Ularni o‘z hisoblash markazlarimizda saqlashimiz kerak, bu juda qimmat va uni kengaytirish qiyin. Hozircha yaxshi, lekin biz qancha uzoqqa bormoqchi bo‘lsak, bu qiyinlashib boraveradi.
Bu butun mamlakatdagi texnologik kompaniyalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shuning uchun hozir hukumat, Markaziy bank, hamkasblarimiz bilan gaplashyapmiz. Biz banklarga o‘zlarining ma’lumotlarini Cloud’da, O‘zbekistonda va hatto ofshor hududlarda saqlashga ruxsat berishni qonunchilikka kiritishni taklif qilmoqchimiz.
Bu nafaqat texnologiya sanoati va bank sektori, balki sun’iy intellektni rivojlantirish uchun ham juda muhimdir. Chunki sun’iy intellekt juda katta hisoblash quvvatini talab qiladi, bu esa bugungi kunda O‘zbekistonda yo‘q. Biz buni allaqachon amalga oshirishni boshlayapmiz, SI botlarini chiqarishni yo‘lga qo‘ydik va muammolarga duch kelyapmiz”, dedi Xyuz.
Prezident masala o‘ta jiddiyligini qayd etib, har tomonlama puxta o‘ylangan yechim zarurligini ta’kidladi.
“Aslini olganda, bu to‘g‘ri savol. Sun’iy intellekt bizning kelajagimiz. Bunga albatta jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Qo‘chqorov, Markaziy bank, adliya vaziri – birgalikda o‘ylab, menga taklif beringlar. Faqat to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimiz kerak.
Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari haqida gaplashyapmiz. Bu juda jiddiy masala. Xato qilishga haqqimiz yo‘q”, dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021 yil 15 apreldan kuchga kirgan qonunda, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda saqlash talabi belgilangan.
Mavzuga oid
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
18:40 / 21.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga ta’ziya yo‘lladi
14:34 / 20.12.2024
Yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi
14:30 / 20.12.2024