Iqtisodiyot | 16:30 / 22.01.2026
3017
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda onlayn firibgarlikka qarshi qanday kurashiladi?

Bank va to‘lov tashkilotlari uchun yangi kiberxavfsizlik qoidalari kuchga kiradi. Tasdiqlangan nizomga muvofiq, mobil ilovadagi akkauntga faqat foydalanuvchining o‘zi yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bank kartani biriktirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, telefon raqami — JShShIR mosligi tekshiriladi, biometrik identifikatsiyada “hayotiylik” talabi qo‘yiladi va bir qator avtomatik himoya mexanizmlari ishlaydi.

Ko‘p hollarda o‘zbekistonliklar onlayn to‘lovlardan foydalanish qoidalaridan bexabarligi, ijtimoiy tarmoqlardagi botlar va kanallardan foydalanishda virtual bilimlarning yetarli emasligi sabab firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolyapti. Noqulay vaziyatlarga tushib qolmaslik, yolg‘on qurboniga aylanmaslik, pullardan ayrilib qolmaslik biroz diqqat, ozroq qunt talab etiladi. O‘z navbatida, onlayn firibgarlik turlari ham tobora zamonaviylashib, murakkablashib boryapti. Shu sababdan O‘zbekistonda ham bank va to‘lov tashkilotlari uchun yangi kiberxavfsizlik qoidalari ishlab chiqildi.

Yangi talablar

Yangi nizomga muvofiq, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxs yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi hamda ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Bunda foydalanuvchining telefon raqami va JShShIRi o‘zaro mos kelishi alohida tekshiriladi. Agar moslik aniqlanmasa, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kredit va to‘lov tashkilotlari biometrik identifikatsiya jarayonida “hayotiylik faktorlari”ni aniqlashi shart. Ya’ni, rasm orqali identifikatsiya qilish imkoni bo‘lmaydi. Shuningdek, xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida quyidagi cheklovlar nazarda tutilgan:

  • telefonga yuborilgan 1 martalik SMS-kod 3 marta noto‘g‘ri kiritilsa, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi;
  • akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki parolni qayta tiklash jarayonida akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi;
  • shu qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib yuboriladi.

Qayd etilishicha, bank kartalarini qayta biriktirish faqat biometrik identifikatsiyadan o‘tgan holda amalga oshiriladi.

Kredit va to‘lov tashkilotlari mobil ilova orqali amalga oshiriladigan har bir moliyaviy amaliyot foydalanuvchi tomonidan tasdiqlanishidan oldin, foydalanuvchiga ushbu amaliyot aynan mijozning o‘zi tomonidan, firibgarlar aralashuvisiz bajarilayotganligini mustaqil ravishda tasdiqlovchi ogohlantirish xabarini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Onlayn kreditlarni rasmiylashtirishga ham cheklov kiritildi: endi fuqarolar bir kunda faqat bitta bankdan kredit olishi mumkin. Bu fuqarolarning ruxsatisiz kreditlar rasmiylashtirish holatlarini kamaytirish maqsadida qabul qilingan.

“Kreditni men olmadim!”

Agar bankdan onlayn kreditni siz emas, sizning nomingizdan firibgarlar olgan bo‘lsa, sizdagi boshog‘riq biroz kamayadigan bo‘ldi. Yangi tartibga ko‘ra, agar fuqaro onlayn firibgarlik natijasida qarzdor bo‘lib qolgani tasdiqlansa, bank qarzdordan pul talab qilishga haqli emas. Buning uchun fuqaro surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan firibgarlik ishida jabrlanuvchi deb e’tirof etilishi kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, agar bank: “Hech qanaqa firibgarlik bo‘lmagan, qarzni fuqaroning o‘zi olgan” deb hisoblasa, tegishli tartibda bahslashish huquqiga ega. Tekshiruv natijasida firibgarlik bo‘lmagan deb topilsa, bank qarzdordan pulni qaytarishni talab qilishda davom etadi.

Yuqoridagi normalarni o‘zida aks ettirgan tegishli hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, firibgarlar sizning nomingizga kredit olishining oldini olish uchun qo‘shimcha himoya chorasi sifatida “Kreditga taqiq” xizmatidan foydalanish mumkin. O‘tgan yili 440 mingga yaqin o‘zbekistonlik bu xizmatdan foydalanib, o‘ziga kredit ajratilishini taqiqlab qo‘ygan. Va albatta, SMSʼdagi kodni hech kimga bermaslik, mobil ilovalarni faqat rasmiy manbalardan o‘rnatish kabi elementar qoidalar ham sizni turli noxushliklardan asraydi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid