Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa Ittifoqi bilan yangi bitim: u nima haqda va qachon kuchga kiradi?
24 oktyabr kuni Bryusselda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi. Kun.uz bu xalqaro shartnoma haqidagi savollar bilan Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Haydarali Yunusovga murojaat qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
— “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi”ning maqomi qanday?
— “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi” O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa hamjamiyatlari va ularning a’zo davlatlari o‘rtasida 1996 yil 21 iyunda Italiyaning Florensiya shahrida imzolangan amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan, va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilik ta’sis etuvchi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim”ning mantiqiy davomi va yangi shaklidir.
Mazkur bitim huquqiy tabiatiga ko‘ra yangi turdagi “uchinchi avlod” shartnomalari turkumiga kiradi. Ushbu shartnomaviy kelishuvda O‘zbekiston Respublikasi bir tomondan, Yevropa Ittifoqi ikkinchi tomondan, va ayni paytda tashkilotning 27 ta a’zo davlati shartnoma tomonlari sifatida ishtirok etadi. Bunda huquq va majburiyatlar nuqtai nazaridan hamda vakolatlar taqsimoti qoidasidan kelib chiqib, Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari bitimning ayrim moddalari bo‘yicha birgalikdagi, ayrim moddalari bo‘yicha esa alohida majburiyatlarga ega bo‘ladi. Shu bois mazkur shartnoma “aralash (mixt) shartnoma” sifatida ham tavsiflanadi.
Yevropa Ittifoqining istiqboldagi kengayishi natijasida tashkilotning yangi a’zolari ham o‘z-o‘zidan ushbu shartnomaning ishtirokchisiga aylanadi. Ya’ni yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya, Serbiya, Albaniya, Moldovaning ittifoqqa qo‘shilishi ushbu bitimning jug‘rofiy qamrovi va hududiy yurisdiksiyasini ushbu mamlakatlar hisobiga yanada kengaytiradi.
Shuningdek, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi hadli xarakterga ega emas, balki O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida, ayniqsa savdo-iqtisodiy aloqalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlikning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijro mexanizmini yaratadi.
Bitim 1969 yildagi “Shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasi, “O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonun, “Yevropa Ittifoqi to‘g‘risida”gi Lissabon shartnomasining 21-49-moddalari, “Yevropa Ittifoqining amal qilishi to‘g‘risida”gi Lissabon shartnomasining 205-222-moddalari hamda xalqaro huquqning boshqa normalariga muvofiq tuzilgan.
Tarkibiy tuzilishiga ko‘ra bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat.
— Bitimning qisqacha mazmuni nimadan iborat?
— Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi hamkorlikning keng masalalarini qamrab oladi. Bitimda savdo va unga tegishli masalalar, shu jumladan bojxona ma’murchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish va boshqa sohalar bilan bog‘liq qoidalar o‘rin olgan.
Bundan tashqari, hujjat Jahon savdo tashkilotining asosiy qoidalarini o‘zida mujassam etgani bois investitsiyaviy sherikchilik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasini sezilarli darajada kengaytiradi.
Avvalgi bitimdan farq qilib, yangi shartnoma transport, energetika, iste’mol siyosati sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlab, kompetensiyalar va nou-xau almashinuvini kuchaytiradi.
Bitim tomonlar o‘rtasidagi savdo va sarmoyalar oqimini kengaytiradi, milliy huquqiy tartibga solishni Yevropa Ittifoqi va xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirish va moslashtirishga yordam beradi, o‘zaro bozorlarga kirishni osonlashtiradi, intellektual mulk huquqi va geografik ma’lumotlarni muhofaza qilishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, bitimda institutsiyaviy hamkorlik va siyosiy muloqotga oid qoidalar ham o‘rin olgan.
Umuman olib aytganda, bitim 20 dan ortiq sohalardagi hamkorlik munosabatlarini huquqiy tartibga soladi.
— Bitim qachon kuchga kiradi?
— Yuqorida ta’kidlanganidek, “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi” – qamrovi va nufuzi jihatidan alohida maqomga ega hujjatdir. Bitim davlat va hukumat rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqi institutlari rahbarlari ishtirokidagi oliy darajadagi uchrashuvda imzolanadi. Ushbu turdagi bitimlar, an’anaviy tartib-taomilga ko‘ra, Yevropa Parlamenti va shartnomada ishtirok etayotgan davlatlarning milliy parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinadi va shundan so‘ng kuchga kiradi.
Bu jarayon taxminan uch yildan besh yilgacha yoki undan ham uzoqroq davom etishi mumkin. Biroq bitimning iqtisodiy hamkorlik va savdoga oid normalarini “oraliq bitim” shaklida alohida qayta imzolab, ratifikatsiya jarayonini chetlab o‘tgan holda zudlik bilan kuchga kiritish mumkin. Mazkur yuridik texnika xalqaro shartnomalar huquqi normalari, xususan 1969 yildagi “Shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 25-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 24-moddasida ko‘zda tutilgan.
Demak, ushbu shartnomaning ayrim qismlarini qisqa muddat ichida, masalan yaqin bir yoki ikki yil ichida hayotga tatbiq etish imkoniyati mavjud.
— Bitim qancha muddat amal qiladi?
— Mazkur bitim sheriklik va hamkorlikning keng jabhalarini qamrab olish bilan birgalikda, uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqbolli shartnoma hisoblanadi. Xalqaro shartnoma-huquq amaliyoti an’analariga ko‘ra, mazkur turdagi bitimlarning amal qilish muddati ko‘rsatilmaydi. Agar tomonlardan biri ikkinchi tomonga ushbu bitimning amal qilish muddatini tugatish yoki denonsatsiya qilish (bir yoqlama bekor qilish) to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda ma’lum qilmasa, bitimning amal qilish muddati davom etaveradi.
Mazkur bitimning o‘tmishdoshi sanalgan 1996 yil 21 iyunda imzolangan va 1999 yil 1 iyulda kuchga kirgan Sheriklik va hamkorlik bitimining hozirgacha salkam 27 yil amalda bo‘lganini e’tiborga olsak, ushbu bitim O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik aloqalarining huquqiy asosi sifatida kamida 25-30 yil amal qiladi.
Mavzuga oid
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
18:51 / 27.11.2025
Yevropa Ittifoqi bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashga chaqirdi
13:41 / 24.11.2025
OAVda Yevropaning Amerikanikiga muqobil bo‘lgan tinchlik rejasi e’lon qilindi
22:28 / 22.11.2025