Jahon | 20:28 / 07.11.2025
4007
4 daqiqa o‘qiladi

Tesla aksiyadorlari Ilon Maskka bir trillion dollarlik bonus berishga rozi bo‘ldi

Milliarder Ilon Mask sayyoradagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin. Buning uchun u yaqin 10 yil ichida Tesla kompaniyasining bozor bahosini 6 baravarga oshirishi kerak bo‘ladi.

Foto: Reuters

Tesla aksiyadorlari Ilon Maskka kompaniya rahbari lavozimidagi faoliyati uchun rekord miqdordagi kompensatsiya paketini tasdiqladi. Reuters agentligi xabar berishicha, kompaniya aksiyadorlarining Texas shtati Ostin shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishida bunday taklif aksionerlarning 75 foiz qismi tomonidan ma’qullangan.

Sentyabr oyi boshida direktorlar kengashi Maskka muayyan maqsadlarga erishish sharti bilan bir trillion dollarlik «mukofot paketi»ni taklif qilmoqchi ekani ma’lum bo‘lgandi.

Ushbu kelishuv sayyoraning eng boy odami bo‘lgan Maskka yaqin yillar ichida kompaniyaning bozor qiymatini sezilarli darajada oshirish va boshqa ko‘rsatkichlarga erishish majburiyatini yuklaydi. Agar u buni amalga oshirsa, u Tesla’​​ning yuz millionlab yangi aksiyalari bilan taqdirlanadi.

Bunday to‘lov Maskni tarixdagi birinchi trillionerga aylantirishi mumkin. Oktyabr oyi boshida u Forbes tomonidan boyligi 500 milliard dollarga baholangan ilk odamga aylangandi.

Hozirda Tesla’​​ning bozor bahosi 1,4 trln dollar atrofida – Mask esa bu miqdorni yaqin o‘n yil ichida 8,5 trln dollarga yetkazishi kerak. Shuningdek, u bir millionta Tesla Robotaxi haydovchisiz avtomobillarni tijoriy foydalanuvga topshirishi kerak bo‘ladi.

«Biz qilmoqchi bo‘layotgan narsa – bu shunchaki Tesla kelajagidagi yangi sahifa emas, balki mutlaqo yangi kitob bo‘ladi, – degan Mask Ostinda yig‘ilganlar qarshisida. — Aksiyadorlarning boshqa yig‘ilishlari – shunchaki zerikarli marosim, bizniki esa – portlashdek. Bu ajoyib».

Ma’qullangan paket Mask Tesla’da yana kamida 7,5 yil qolishini nazarda tutadi. Bu esa unga kompaniyadagi ulushini 12 foizdan 25 foizdan ko‘proqqa oshirish imkonini beradi.

Mask avvalroq Tesla’ning o‘sish salohiyatini cheksiz deb ta’riflab, agar u avtonom haydash va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha rejalarini amalga oshirsa, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylanishini aytgandi.

Mask, agar uning ulushi u kompaniyaning kelajagini belgilashi mumkin bo‘lgan darajada ko‘paytirilmasa, Tesla’dan ketishi yoki ikkinchi planga o‘tishi mumkinligiga shama qilgandi.

Tesla direktorlar kengashi rahbari Robin Denholm aksiyadorlarni taklifni qo‘llab-quvvatlashga chaqirarkan, Maskning kompaniyada qolishi kompaniya kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytdi va agar u ketsa, Tesla aksiyalari qulashi mumkinligidan ogohlantirdi.

Tesla direktorlar kengashi, shuningdek, milliarderning bahsli siyosiy arboblarni qo‘llab-quvvatlashi savdoga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqidagi tanqidiy fikrlarni rad etdi, deya ta’kidlaydi AFP.

Yangi mukofot paketi Tesla’ning yirik investorlari, jumladan, Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi (dunyodagi eng yirik milliy farovonlik jamg‘armasi), shuningdek, AQShning eng yirik davlat pensiya jamg‘armasi CalPERS tomonidan rad etildi, ular ilgari ham Maskka katta bonuslar to‘lashga qarshi chiqqandi.

Mavzuga oid