Iqtisodiyot | 08:07 / 03.03.2020
30952
13 daqiqa o‘qiladi

«O‘yin qoidalari o‘zgarishi kerak» – Yuliy Yusupov islohotlar yo‘lidagi eng katta muammo haqida

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan «C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes» xalqaro anjumanida «O‘tmishdan qanday qilib kelajakka o‘tish mumkin?» mavzusida ma'ruza qildi.

Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro anjumanni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

«Iqtisodiyotning rivojlanganlik darajasi qanday o‘lchanadi? Aholi jon boshiga YaIM degan tushuncha bor. Ideal ko‘rsatkich emas, lekin biroq bundan yaxshirog‘i hali o‘ylab topilmagan.

Aholi jon boshiga YaIM bo‘yicha O‘zbekiston 40ta eng kambag‘al davlatlar qatoriga kiradi. O‘zbekistonda aholi jon boshiga YaIM 1 ming 532 dollarni tashkil qiladi (2018 y). Kambag‘al mamlakatlar kategoriyasiga so‘nggi 20-25 yil ichida tushib qoldik.

Mana bu jadval eng kambag‘al 40ta mamlakat qatoriga qanday qilib tushib qolganimizni ko‘rsatadi:

Birinchi ustun – mamlakatlar, sobiq SSSR mamlakatlari, ayrimlari qo‘shnilarimiz. Ikkinchi ustun – 1995 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan YaIM. Uchinchi ustun – 2018 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan YaIM. To‘rtinchi ustunda esa necha barobar o‘sish kuzatilgani ko‘rsatilgan. Bu – dollardagi nominal o‘sish. Shuni tushunish kerakki, bu real o‘sish emas. Lekin mamlakatlarni bir-biri bilan taqqoslash mumkin.

Bu jadvalga qarab, O‘zbekiston mana shu yillar davomida mazkur mamlakatlarga nisbatan eng yomon rivojlanganini ko‘rishimiz mumkin. Iqtisodiy rivojlanish sur'ati eng past bo‘lgan.

Biz bir joyda turmaganmiz, rivojlanganmiz. Biroq mamlakatlarning ko‘pchiligi tezroq rivojlangan, natijada biz asta-sekin 40ta eng kambag‘al mamlakat qatoriga tushib qoldik.

Keling, buni fakt sifatida qabul qilamiz. Asosiy vazifamiz – nafaqat mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, balki turmush darajasini ham oshirish.

Birinchi savol, bu nimalarga bog‘liq?

Adam Smit davridan boshlab, iqtisodchilar ayrim savollarga javob topishga harakat qilishadi: nima uchun ayrim mamlakatlar boy, ayrimlari esa kambag‘al?

Institutlar va iqtisodchilar bu savolga umumiy javoblar berishadi. Gap odamlar xilma-xil ekanida emas, odamlar hamma yerda bir xil. Hech kim bir-biriga o‘xshamaydi ham. Gap odamlarning turlicha ekanida emas, ularning xulq-atvorida. Odamlarning xulq-atvori o‘yin qoidalari va jamoat tashkilotlarini belgilaydi. Biz mana shu o‘yin qoidalariga asosan yashaymiz.

O‘yin qoidalari bu – rasmiy institutlar, qonunlar, boshqa normativ hujjatlar. Norasmiy institutlar bu – stereotiplar, xulq-atvor, an'analarimiz.

Qaysi mamlakatda qanday o‘yin qoidalari mavjudligiga qarab, odamlar bir xil vaziyatda o‘zlarini turlicha tutadilar.

Boy va kambag‘al mamlakat bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

Aynan o‘yin qoidalarining farqlanishi bilan.

Kambag‘al mamlakatda o‘yin qoidalari yomon. Ular odamlarni pul ishlab topish, pulni jag‘arish va investitsiya qilish, innovatsiyalarni tatbiq etishga rag‘batlantirmaydi.

Boy mamlakatlarda esa bari aksincha. Ulardagi o‘yin qoidalari odamlarni yuqoridagilarni amalga oshirishga majburlaydi. Natijada esa ular boy.

Agar biz yuqori daromadli, rivojlangan iqtisodiyotni qurishni istasak,  o‘yin qoidalarini o‘zgartirishimiz kerak. Biz yashagan o‘yin qoidalari juda yomon ekanini tan olishimiz kerak. Bekorga eng kambag‘al 40ta mamlakat qatoridan joy olmadik.

O‘yin qoidalari qachon paydo bo‘ldi?

Ular yaqinda paydo bo‘lgan. To‘g‘ri, ko‘pchiligining ildizi o‘tmishga borib taqaladi. Biroq qoidalarning asosiy qismi 1996 yildan keyin, iqtisodiyot qonunlarini unutib, iqtisodiy rivojlanishning shaxsiy (o‘zbek – tahr.) modelini qurishga qaror qilganimizda paydo bo‘ldi.

Biz ko‘proq jahon bozorlariga yopiq bo‘lgan, asosiy rolni davlat amaldorlari o‘ynaydigan, (resurslarni ular taqsimlaydi, narxlarga va almashinuv kursiga ta'sir ko‘rsatadi), raqobat muhiti kuchsiz bo‘lgan iqtisodiyotni qurdik. Biz ana shunday modelni qurdik.

Biz ana shunday past turmush darajasi va iqtisodiy rivojlanishga mahkummizmi?

Yo‘q, mahkum emasmiz. Nima uchun? Qator mamlakatlar, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bor. Nisbatan qisqa vaqt – bir necha 10 yillar emas, bir necha yil ichida kambag‘al, korrupsiya yuqori, yomon institutlarga ega mamlakatdan, boy mamlakatlar razryadiga o‘tishgan. Bunday mamlakatlar bir necha dona. Lekin ular bor.

Boyroq mamlakatga aylanishga bizda o‘ziga xos shart-sharoit bor.

Bizda mehnatsevar, tadbirkor aholi bor. Boy tabiiy resurslarga egamiz. Geografik joylashuvimiz qulay, chunki Yevroosiyo markazida joylashganmiz. Biz Yevroosiyoning savdo, logistika habiga aylanishimiz mumkin.

Buning uchun nima qilish kerak? Kambag‘al mamlakatni qanday qilib boy mamlakatga aylantirish mumkin?

O‘yin qoidalarini o‘zgartirish. Institutlarni o‘zgartirish. O‘yin qoidalari, institutlarni o‘zgartirish – islohot deb ataladi. Bizda samarali o‘yin qoidalari, ishlaydigan bozor iqtisodiyotini yaratish imkonini beradigan islohotlarni o‘tkazish kerak.

O‘yin qoidalarini o‘zgartirishdan oson narsa yo‘qdek: yangi o‘yin qoidalarini yozib, eskilarini yangisiga almashtirilsa, bari ishlab ketadigandek.

Aslida insoniyat tarixida so‘nggi bir necha 100 yil ichida o‘tkazilgan tubdan, radikal islohotlarga qaraydigan bo‘lsak, 100ta urinishdan 5-10tasi muvaffaqiyatli. Faqatgina 1tasi juda muvaffaqiyatli. Qolganlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Nima uchun?

Chunki tizimli darajadagi qoidalarni tubdan o‘zgartirish ayniqsa juda murakkab. Bu qoidalar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Ular qarshilik ko‘rsatadi. Ana shu institutga bog‘liq bo‘lgan, qo‘shimcha daromad oladigan odamlar bu o‘zgarishlarga qarshilik ko‘rsatadi.

Bu – islohotlarni amalga oshirishdagi asosiy muammo. Biz oqimga tushib qolamiz. «Oqim effekti» [path dependence].

Ko‘pchilik hollarda islohotlar ana shu muammoga duch keladi.

Ana shu oqimdan chiqish uchun so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirildi?

Biz juda muhim islohotlarni amalga oshirdik.

Birinchidan, valuta bozori liberalizatsiyasini amalga oshirdik. Bu juda muhim va murakkab. Bu nima uchun muhim? Chunki eski iqtisodiy tizim, institutlar eski valuta bozori bilan bog‘liq edi. Uni o‘zgartirmas ekanmiz, boshqa islohotlarni o‘tkaza olmasdik. Buni 2017 yilda amalga oshirdik.

Ikkinchidan, chegaralarni ochish, tashqi-iqtisodiy faoliyatni modernizatsiya qilish borasida ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Eksport oldidagi to‘siqlar, soliq to‘lovlarini qisqartirdik. Qo‘shnilarimiz bilan chegaralarni ochdik. Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralardan odamlar, tovarlarning o‘tishini cheklash – bu biz yaratgan haqiqiy «Berlin devori» edi. Chegaralar hech qachon bo‘lmagan, bu millionlab odamlarning fojiasi edi.

Uchinchidan, biz bank sektorida pul aylanmasi tizimida islohot o‘tkazdik.

Bank tizimi dahshatli bo‘lgan, mijozlarga yo‘naltirilmagan edi. Banklar har bir chek uchun komission yig‘im olish bilan shug‘ullanishardi. Tizimdagi pullar dahshatli holatda edi: bozorga kelganingizda narx turlicha bo‘lardi – naqd pul, dollar, kartochka, korporativ kartochka, pul o‘tkazish uchun turlicha narxlar aytilardi. Narxlar o‘rtasida tafovut bo‘lardi. Bu – har bir valutachi o‘z valutasini bosib chiqaradigan feodal tizim edi. Markaziy bank o‘z valutasini bosib chiqarardi. Bozorga borganingizda bir ryukzak pul bilan borish kerak edi, chunki eng oddiy narsalarni sotib olish uchun ham ana shu ming so‘mlik kupyuralarni olib yurish kerak bo‘lardi. Biz hamyon nima ekanini unutgandik. Bu yerda ham ko‘p ishlar amalga oshirildi. Banklar ixtisoslashdi.

Katta yutuqlarga erishilgan to‘rtinchi yo‘nalish – soliq islohotlari.

Eski soliq tizimi har soniyada iqtisodiyotimizni o‘ldirayotgandi. U iqtisodiy rivojlanish uchun hech qanday imkoniyat qoldirmayotgandi. Tadbirkorlar o‘z faoliyatiga asos solish uchun qanday harakat qilmasin, eski soliq tizimida taqiq, cheklovlar topilardi.

Kengayishni istaysizmi? Keng hajmdagi iqtisodiyotdan foydalanishni xohlaysizmi, umumiy rejimga o‘tasiz, soliq yuki bir necha martaga ortadi.

Ko‘proq ishchilarni ishga olasizmi? Soliqlar shunday qilinardiki, odamlarga maosh to‘lash imkoni bo‘lmasdi. Eski soliq tizimi tadbirkorlarga hech qanday imkoniyat qoldirmasdi.

O‘tgan yili soliq islohotini o‘tkazdik. Ayrim amaldorlarda uni «oqimda» qoldirish istagi bo‘ldi. Biz uni [eski soliq tizimini] qoldirmadik. Biz uni katta xatolar, probellar bilan amalga oshirdik, aziyat chekkanlar ko‘p. Lekin amaldagi soliq tizimi bir necha yillar oldingiga qaraganda yaxshiroq.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan muhim islohotlardan biri – biznesni yurtishdagi ma'muriy to‘siqlarning qisqartirilishi.

Ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi. Biznes erkinroq bo‘lishi kerak, tadbirkor bozor iqtisodiyotida shug‘ullanishi kerak bo‘lgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin. Bunga qadar vaqtning 80 foizi funksiyalar, operatsiyalar, hukumat bilan aloqasi uchun sarflanardi. Boshqa mamlakatlarning xayoliga ham kelmaydigan operatsiyalar uchun vaqt ketardi, lekin tadbirkorlarimiz ular bilan shug‘ullanardi.

Bu – faqat boshlanishi. Aslida hali juda katta islohotlar amalga oshirilishi kerak. Iqtisodiyotimizning boshqa soha, sektorlarida o‘yin qoidalarini o‘zgartirish kerak.

Mening nazarimda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotlar qaysilar?

Hozirda birinchi raqamli muammo – mulk huquqini himoya qilish. Hamma yerda mulk huquqini himoya qiluvchi shaffof tizimni yaratmas ekanmiz, bozor iqtisodiyoti rivojlanmaydi, investorlar bu yerga kelmaydi. Buning uchun «teshiklari», qarama-qarshiliklari, ortiqcha taqiqlari ko‘p bo‘lgan qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish kerak.

Sud tizimini isloh qilish kerak. Sud tizimi hozirda o‘zining asosiy funksiyasini yetarli darajada bajarmayapti: odamlarning huquqlarini to‘la himoya qilmayapti.

Ikkinchi yo‘nalish – raqobatbardosh muhitni yaratish. Korxonalarga yaratilgan sharoitlar teng emas. Raqobat – bozor iqtisodiyotining dvigateli. Rivojlangan raqobat muhitini yaratmas ekanmiz, oldinga harakatlana olmaymiz. Buning ustida ko‘p ish olib borish kerak.

Uchinchisi – administrativ islohotlar. Bu eng murakkabi. Bu – davlatning o‘zini isloh qilish. Bizda davlat boshqaruvining eskirgan, samarasiz tizimi amal qilmoqda. Kapital islohotlar zarur.

Davlat sektori va qishloq monopoliyasi sektoridagi islohotlar. Eng yirik korxonalarning ko‘pchiligi, yirik banklarning barchasi davlatga tegishli. Bank aktivlarining 80 foizidan ko‘prog‘i davlatga tegishli. Monopoliyaning barcha sektorlari davlatga tegishli. Bu juda samarasiz tizim, uni isloh qilish kerak va bu yo‘nalishda qiladigan ishlar juda ko‘p.

Raqobatni rivojlantirish kerak, jumladan, bizda tabiiy monopoliya sanaladigan sohalarda ham. Aslida ko‘pchiligi tabiiy emas, sun'iy ravishda yaratilgan. Bu sohalarda ham bemalol raqobatni rivojlantirish mumkin.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish. Hali ham iqtisodiyotimizning eng ko‘p boshqariladigan sektori. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Joriy yilda prezident davlat buyurtmasi bekor qilinishini aytdi. Paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasi sotsializm emas, feodalizm sarqiti edi. Biz va nihoyat buni amalga oshirishni boshladik. Yaqin kelajakda yana islohotlar amalga oshirilishi kerak.

Ijtimoiy soha – ta'lim, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish. Qandaydir oldinga siljishlar bor, lekin aslida juda jiddiy va katta islohotlar amalga oshirilishi kerak.

Bu eng, eng, eng bazaviy islohotlar. Aslida juda ko‘p islohotlar o‘tkazilishi kerak.

Islohotlar o‘tkazsak, yuzaga kelgan ana shu «oqimdan» chiqib ketsak, iqtisodiy rivojlanish, boy iqtisodiyotni yaratish uchun imkoniyat paydo bo‘ladi», – deydi Yuliy Yusupov.

Mavzuga oid