Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hajga navbat endi onlayn bo‘ladi, 50 “yoshdan” oshgan mashinalar tarixga kiradi - 1 fevraldan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.
Ziyoratchilar onlayn ro‘yxatdan o‘tadi
Vazirlar Mahkamasining Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish tizimini raqamlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” (www.haj-umra.gov.uz) ishga tushirildi. Qayd etilishicha, endilikda muqaddas ziyoratga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilanmoqda.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan boshlab Haj tadbiriga, 2026 yil 1 maydan boshlab Umra tadbiriga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish shart. Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kitobxonlik targ‘ibotida yangi dastur
2026 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitob – ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentning 2026 yil 15 yanvardagi tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan boshlab “Kitob — ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi. Davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi. Shuningdek, transport infratuzilmasi obektlari va transport vositalarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, qaror bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, “Jadidlar izidan” kitobxonlik klubi a’zolari o‘rtasida kitob tahliliga bag‘ishlangan debatlar o‘tkaziladi, maktablarda “Jadidlar izidan” klubi a’zolariga yiliga kamida 20 ta kitob o‘qitib boriladi. Har chorakda tuman (shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari a’zolari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan rag‘batlantiriladi.
Professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi
2025 yil 24 dekabrda davlat rahbarining “2026 — 2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan boshlab zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda:
- professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar zo‘ravonlikdan jabrlangan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalardagi zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlarni yoki oila a’zolari, tengdoshlari bilan munosabatlaridagi buzilishlarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi;
- zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi;
- professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi;
- professional tutingan oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.
Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026 yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlanganligi tufayli oilasidan olingan bolalar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlariga ham boshqalardan alohida joylashtirilishi mumkin.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi 2026 yil 1 fevraldan boshlab reja-grafik asosida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan protsessual harakatlar davomida ishlashga mas’ul bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudyalar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimi xodimlari, shuningdek, advokatlarning surishtiruv, dastlabki tergov va sud protsessida bolalar bilan ishlashning maxsus usullariga oid kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish uchun milliy va xorijiy ekspert hamda mutaxassislarni jalb etgan holda qisqa muddatli kurslarda o‘qitilishini tashkil etadi.
“Keksa” mashinalarga taqiq
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida raqamlashtirish jarayonlari kengaytiriladi. Qator yangi tartiblar joriy etilib, ayrim talablar bekor qilinadi. Bu haqda Hukumatning tegishli qarorida keltirib o‘tildi.
Qarorga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimidagi Ma'muriy amaliyot moduli mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.
2026 yil 1 fevraldan boshlab:
- umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, kon, shaxta va karerlarda qo‘llanadigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar, shuningdek, “antikvar” avtomototransportlar uchun alohida seriyali davlat raqam belgilari joriy etiladi;
- ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi, bunday transportlar davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
Shu bilan birga, avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi. Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadi:
- avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi;
- “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
- davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan transportlarga oid elektron hisob-ma’lumotlar;
- avtomototransport mulkdori haqidagi ma’lumotlar.
“Davlat ta’minotidagi oila”lar uchun yordam
2026 yil 1 fevraldan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi. Bunda Ijtimoiy reyestr “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi.
Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.
2026 yil 1 fevraldan boshlab “Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar uchun quyidagilarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi:
- ushbu oilalar xonadoniga quvvati 7 — 10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi;
- ushbu oilalarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari orqali 4 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha miqdorda quyidagi maqsad va shartlarda kredit ajratiladi:
- kredit oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun ajratiladi;
- kredit bir yillik imtiyozli davr bilan «davlat ta’minotidagi oila» toifasidagi oila a’zosining ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi;
- kredit foiz stavkasi Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi va foiz to‘lovlari Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan tijorat banklariga qoplab boriladi.
Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va undan chiqarishga doir nizolarni tezkorlikda hal etish maqsadida 2026 yil 1 fevraldan boshlab tuman (shahar) hokimliklari huzurida apellyatsiya kengashi tashkil etiladi. Apellyatsiya kengashi o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil amalga oshiradi. Apellyatsiya kengashi oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish bo‘yicha dalolatnoma va xulosalarni qisman yoki to‘liq bekor qilish yoxud ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha “mahalla yettiligi”ga majburiyat yuklash haqida qarorlar qabul qiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 fevraldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida, 2026 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning qolgan hududlarida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari bo‘lgan jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni belgilangan miqdor doirasida xarid qilishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini bir ish kunida qaytarish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash talab etilmaydi.
Boshqa o‘zgarishlar
2026 yil 1 fevraldan boshlab:
- jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikatini bepul berish hamda fuqaroni «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi;
- buyurtmachilar va ishlab chiqaruvchilarga tegishliligi bo‘yicha qurilish obekti va ishlab chiqarish korxonalarida xavfliligi aniqlangan, vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda muomaladan chiqarishga majburiy ko‘rsatma berilgan qurilish materiallarini qurilish chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar yoki chiqindi poligonlariga shartnoma doirasida yuborish majburiyati yuklanadi;
- «Ochiq budjet» axborot portalida ovoz beruvchilar portretini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi;
- Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi. Bunda harbiy xizmat bilan bog‘liq xarajatlar Mudofaa vazirligining «Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari» maxsus hisobvarag‘idan amalga oshiriladi hamda harbiy xizmatni o‘tab kelgan yoshlar bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi;
- chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin;
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga integratsiya qilinadi. Zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga joylashtirib boriladi hamda ularning elektron reyestrini yuritish yo‘lga qo‘yiladi;
- «A» va «B» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi;
- «Yoshlar daftari» jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar bo‘yicha arizalarni taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi;
- tashabbusli budjet jarayonlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi.
Mavzuga oid
08:33 / 27.03.2026
“5 kunlik”ka o‘tayotgan tibbiyotchilar va naqdsiz savdodagi yangi talablar: 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
14:22 / 26.02.2026
Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish rejasi, notariuslarga yangi vakolat va “mehrli oila” xizmati: 1 martdan nimalar o‘zgaradi?
15:57 / 27.12.2025
Ishga tushadigan “eskrou”, tibbiyot xodimlariga imtiyoz va boshlanadigan “eko-stiker”lar davri – 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?
19:24 / 28.11.2025