Jahon | 19:54 / 09.10.2025
3893
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi – OAV

Muzokaralar Sharm ash-Shayx kurort shahrida Misr, Qatar va AQSh vositachiligida bo‘lib o‘tdi. Kelishuv zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan qisman olib chiqishni nazarda tutadi.

Foto: AFP/Getty Images

Isroil va HAMAS harakati tinchlik rejasining birinchi bosqichi doirasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar berdi Reuters manbalari.

Muzokaralar Sharm ash-Shayx kurort shahrida Misr, Qatar va AQSh vositachiligida bo‘lib o‘tdi. Kelishuv zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan qisman olib chiqishni nazarda tutadi.

Reuters xabariga ko‘ra, birinchi bosqich kelishuv kuchga kirgan vaqtdan boshlab 72 soatga mo‘ljallangan. Bu vaqt ichida HAMAS barcha tirik garovga olinganlarni topshirish, Isroil esa falastinlik mahbuslarning bir qismini ozod qilish va qo‘shinlarni olib chiqishni boshlash majburiyatini oladi.

Kelishuvlarning amalga oshirilishi xalqaro vositachilar nazorati ostida bo‘ladi. Misr va Qatar shartlar bajarilishi monitoringini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Reuters muxbirlarining xabar berishicha, G‘azo va G‘arbiy Sohil aholisi sulh haqidagi xabarni olqishlar va tinchlik uchun ommaviy duolar bilan kutib olgan.

Netanyahu ofisining aniqlik kiritishicha, o‘t ochishni to‘xtatish Isroil hukumati kelishuvni ratifikatsiya qilgandan 24 soat o‘tgach kuchga kiradi, uning vakillari 9 oktyabr kuni kechroq yig‘iladi. Shundan so‘ng, 72 soat ichida garovga olinganlar ozod qilinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid