Jahon | 21:33 / 28.05.2026
3186
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron 60 kunlik sulhni kelishdi, biroq Tramp hali uni ma’qullamadi

AQSh va Eron muzokarachilari qurolli mojaroni tugatish va yadro muammosi bo‘yicha muzokaralarni boshlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasini tayyorlashni yakunladi, biroq prezident Donald Tramp hujjatni hali ma’qullamadi, deb xabar berdi Axios.

Foto: Will Oliver/EPA/Bloomberg via Getty

AQSh va Eron muzokarachilari o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unda sulhning 60 kunga uzaytirilishi va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarning boshlanishi haqida so‘z boradi, deb yozdi portal o‘z manbalariga tayanib.

Ta’kidlanishicha, memorandum shartlarining aksariyati kelishilgan, biroq ikkala davlat ham hali o‘z yetakchilarining roziligini olishi kerak. Keyinroq Eron tomoni amerikalik muzokarachilar bilan bog‘lanib, ularga Tehronda zarur ruxsatnomalar olinganini ma’lum qildi. Bu haqda Eronda hali rasman xabar berilmadi.

Shuningdek, portal ma’lumotlariga ko‘ra, amerikalik muzokarachilar kelishuv tafsilotlari haqida Trampga xabar bergan, biroq u memorandumni darhol imzolamagan va «bu haqda o‘ylab ko‘rishni xohlayotganini» aytgan.

Manbalarning xabar berishicha, memorandum doirasida 60 kun davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi «cheklanmaydi» va bepul bo‘ladi. Shuningdek, Eron 30 kun ichida bo‘g‘ozdagi minalarni olib tashlashi kerak.

Shuningdek, memorandumda Eronning yadro quroliga ega bo‘lishga urinmaslik majburiyati haqida so‘z boradi. Bitim amal qilish davrida Eronning yuqori darajada boyitilgan urani taqdiri va umuman Eronda uranni boyitish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

Memorandum ma’qullangan taqdirda, AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni yumshatishga va muzlatilgan Eron aktivlarini ochishga va’da beradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid