Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kolumbiya xalqi isyonkorlar bilan tinchlik bitimini qo‘llab-quvvatlamadi. Endi urush davom etadimi?
2 sentabr kuni Kolumbiyada hukumatning isyonkorlar bilan imzolangan tinchlik bitimiga bag‘ishlangan referendum bo‘lib o‘tdi. Kolumbiya qonunlariga ko‘ra, saylovchilarning 13 foizi ishtirok etgan taqdirda ham ovoz berish jarayoni o‘tgan hisoblanadi. Saylov uchastkalariga ovoz berish xuquqiga ega bo‘lgan 34,8 million kishidan 13 millionga yaqini keldi. Ularning 49,77 foizi tinchlik bitimini qo‘llab-quvvatladi. Referendumda ishtirok etganlarning 50,23 foizi esa bitimga qarshi chiqdi.
Savol tug‘iladi, nima uchun Kolumbiya xalqi 2 oktabrda bo‘lib o‘tgan referendumda tinchlik bitimiga qarshi ovoz berdi. Referendumda saylovchilar “Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari - Xalq Armiyasi(FARC-EP) bilan imzolangan bitim shartlariga rozimisiz?”, degan savolga javob berishlari kerak edi. Yarim asrdan ko‘proq davom etgan fuqorolar urushidan charchagan kolumbiyaliklarning bu bitimni qo‘llab-quvvatlashlariga hech kim shubha qilmagan edi. Biroq referendum natijalar barchani hayron qoldirdi.
Keling, avvallambor tarixga murojaat qilaylik. Ilk bor FARC o‘zini 52 yil avval ko‘rsata boshlagan edi. O‘shanda dehqon o‘g‘li, yosh partizan va sobiq militsioner Pedro Antonio Marin kichik otryad bilan o‘rmonzorga kirib ketgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay yuz kishiga ham yetmaydigan guruh Janubiy Amerikadagi eng yirik isyonkorlar guruhiga aylandi. “Manuel Marulanda Veles” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Pedro Antonio Marin guruhga 2008 yilga qadar rahbarlik qildi. AQSh hukumati uning boshi uchun besh million dollar mukofot puli va'da qilgan edi. Yarim asr mobaynida FARC partizanlar urushini olib borar ekan, harbiylar va politsiya xodimlari, hukumat amaldorlarini o‘ldirish bilan shug‘ullanib keldi. Shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, ular mamlakatning yarmidan ko‘proq xududlarini o‘z nazoratiga oldi. Hatto poytaxt — Bogota shahrini qo‘lga olish bilan po‘pisa qildilar. Vaziyat shu darajaga yetdiki, armiya o‘rmondan panoh topgan va u yerdan chiqishni istamayotgan partizanlarni yo‘q qilishga qurbi yetmadi. Shu tariqa Kolumbiya davlati ichida o‘z maktabi, do‘konlari, hukumat idoralari bo‘lgan davlat paydo bo‘ldi. Davlat ichidagi davlat uchun qurol kerak edi. Buning uchun esa pul zarur. O‘z maqsadiga erishish yo‘lida FARC giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga aralashib qoldi. 80-yillarda Kolumbiya kokain yetishtirish va sotish bo‘yicha jahonda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Biroq FARC o‘z obro‘sini saqlab qolish maqsadida 1982 yildan boshlab narkobaronlardan uzoqlasha boshladi. Ular daromadni koku sotishdan topishni afzal ko‘rdi.
2000-yillar boshida hokimiyatga Alvaro Uribe Veles keladi. U va uning maslahatchilari partizanlarga qarshi texnika va askarlar ishtirokidagi keng qamrovli harbiy harakatlar olib borish rejalaridan voz kechadi. Buning uchun kichik maxsus guruhlardan foydalanildi. Partizanlar bazalari vertolyotlardan sepilgan kimyoviy moddalar va zarbalar orqali yo‘q qilindi. Partizanlar armiyasi XX asr so‘nggi va XXI asr boshlarida birin - ketin mag‘lubiyatga uchray boshlaydi. Shundan so‘ng isyonkorlar hukumat bilan muzokoralar o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ko‘p yillik muzokarlardan so‘ng, Kuba rahbari Raul Kastro vositachiligida Kolumbiya yangi prezidenti Xuan Manuel Santos va isyonkorlar rahbari Timoshenko laqabli Rodrigo Londono Echeverri qo‘l siqib ko‘rishdilar. Erishilgan kelishuvga binoan FARC isyonkorlari qurollarini topshirishga qaror qildi. Ular uchun parlamentda o‘rin ajratilishi, jamiyatga moslashishlari uchun moliyaviy yordam berilishi va daxlsizlik kafolati va'da qilindi.
Muxbirlarning xabar qilishicha, 28 sentabrda imzolangan tinchlik bitimini yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendumda urush qamrab olgan hududlar va poytaxt Bogota aholisi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, urushlardan televizor orqali xabarodor bo‘lgan yirik shaharlar aholisi esa bitimga qarshi chiqishgan. Tinchlik jarayonlariga sobiq prezident Alvaro Uribe ham qarshi chiqmoqda. U qo‘li qonga botgan isyonkorlarning javobgarlikdan qutilib qolishiga o‘z noroziligini bildirdi.
Referendumning barbod bo‘lishiga hukumatning o‘zi ham aybdor ekani aytiladi. Chunki ko‘pchilik kolumbiyaliklar Tinchlik Bitimining matnini o‘qib ham ko‘rishmagan. Ular Alvaro Uribening so‘zlariga ishonishgan xolos. Muammo shu bilan tugamaydi. Ma'lumki, hukumat yillar davomida isyonkorlarni iblis sifatida ta'riflab kelgan. Ommaviy axborot vositalarida “FARC bilan kelishib bo‘lmaydi, muammoni faqat kuch bilan hal qilish mumkin”, degan g‘oya singdirilgan.
Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos bitimga qarshi chiqqanlar bilan muloqot boshlash niyatini bildirdi. Buning uchun maxsus komissiya tuzildi. Komissiya tarkibiga tashqi ishlar vaziri Mariya Anxela Olgin va mudofaa vaziri Luis Karlos Vilegas hamda muzokaralarda hukumat tomonidan vakil bo‘lgan Umberto de la Kale kiritildi. “Mamlakat uchun birlik kerak. Bizga ancha ziyon yetkazgan janjallarni, ko‘ra olmaslikni va qutblashuvlarni ortda qoldirishimiz kerak”, dedi Santos.
Saylovchilar Tinchlik bitimini inkor qilganiga qaramay, AQSh Kolumbiyadagi tinchlik jarayonlarini qo‘llab-quvvatlayveradi. Bu xaqda davlat departamenti rasmiy vakili Jon Kirbi bayonot berdi. Uning aytishicha, prezident Xuan Manuel Santos, isyonkorlar rahbari Rodrigo Londono va muxolifat rahbari Alvaro Uribe qarama-qarshiliklarni muloqotlar yo‘li bilan hal qilishga rozilik bildirgan.
Lotin Amerikasidagi oltita mamlakat referendum yakunlari bo‘yicha bayonot bilan chiqdi. Argentina, Braziliya, Meksika, Paragvay, Urugvay va Chili tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan bayonotda bo‘lib o‘tgan referendum natijalari avval erishilgan tinchlik bitimiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligiga umid bildirilgan.
Kolumbiyada yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan umummiliy referendum natijalari xuquqiy kuchga ega emas. Bu xaqda Kolumbiya Inqilobiy Qurolli kuchlari rahbari Rodrigo Londono bayonot berdi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Kolumbiya hukumati va isyonkorlarga murojaat qilib, tinchlik yo‘lida hamkorlikni davom ettirishga chaqirdi. Shu bilan birga Pan Gi Mun maslahatlashuvlar o‘tkazish maqsadida o‘zining maxsus vakili Jan Arnoni Gavanaga yubordi.
Kolumbiya xalqi tinchlik bitimini inkor qilganidan so‘ng vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. FARC uchun tinchlikdan boshqa yo‘l qolmadi. Erishilgan bitim doirasida ular tashkilotga a'zolarning, o‘zlariga xizmat qilayotganlarning to‘la ro‘yxatini xukumatga taqdim qilgan. Shuningdek, isyonkorlarning katta qismi qurollarini topshirib, tinch hayotga moslasha boshladi. Endilikda tinchlik bitimining barbod bo‘lishi FARC uchun o‘zini o‘zi o‘limga mahkum qilishni anglatadi.
Hukumat ham noqulay ahvolga tushib qoldi. Agar partizanlar taslim bo‘lmaydigan bo‘lsa, u holda isyonkorlarni yo‘q qilish uchun ancha kuch kerak bo‘ladi, qurbonlar soni ortadi. Agar FARC bilan erishilgan tinchlik bitimi kuchga kiradigan bo‘lsa, boshqa isyonkorlar ham bundan ibrat olishiga ishonch bildirilayotgan edi. Shu sababli hukumat ham, isyonkorlar ham bitim barbod bo‘lmasligi uchun qo‘ldan kelgan ishlarni qilishmoqda. Ham Santos, ham Timoshenko Kubadagi muzokaralar davom etishi xaqida bayonot bilan chiqishdi.
Sharofiddin To‘laganov
Mavzuga oid
20:46 / 08.01.2026
Tramp avvalroq «kasal» deb atagan Kolumbiya prezidenti bilan suhbatlashdi
23:13 / 05.01.2026
Men aybsizman va hamon mamlakatim prezidentiman – Maduro Nyu-Yorkda ilk sud majlisida ishtirok etdi
19:32 / 05.01.2026
Kolumbiya prezidenti Trampning tahdididan keyin xalqdan yordam so‘radi
16:01 / 05.12.2025