Jamiyat | 18:03 / 23.09.2020
14402
9 daqiqa o‘qiladi

Bektemir hokimligining «o‘xshamagan» raddiyasi. 12 yillik muammoni hal qilishga nega hech kim jur'at qilmayapti?

12 yildirki Bektemir tuman oqova suvni tozalash korxonasidan chiqadigan yoqimsiz hid korxona atrofida yashovchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Masalaning yechimiga mas'ul idoralarning pozitsiyalari turlicha ekani va eng ajablanarlisi ular bir-biridan keskin farq qilishi muammo yetarlicha o‘rganilmaganidan darak beradi.

14 sentyabr kuni Kun.uz'da «Bektemirdagi mahallalar 12 yildirki badbo‘y hid bilan yashamoqda. Tadbirkorga shahar bedarvozami?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Maqolaning qisqacha mazmuni quyidagicha: Bektemir tuman oqova suvni tozalash korxonasi faoliyati sabab 12 yildan beri atrofga noxush hid tarqaladi. Bunga maishiy oqova suvlarga qaraganda sanoat korxonalaridan ajralib chiqadigan suvlar ko‘proq sabab bo‘layotgani aytilgan. Belgilangan tartibga ko‘ra, sanoat korxonalari o‘z oqovalarini dastlab mahalliy tozalash tizimida tozalab, keyin umumiy kanalizatsiya tarmog‘iga tashlashi lozim. Nazorat tadbirlarida esa bu sanoat korxonalarining oqova suvlari tarkibida zararli moddalar ulushi belgilangan me'yorlardan ancha yuqoriligi aniqlangan.

Ammo Ekologiya qo‘mitasi va «Suvoqova» boshqarmasi tomonidan sanoat korxonalariga lokal suv tozalash inshootini o‘rnatish bo‘yicha bir necha marotaba ko‘rsatma berilgan bo‘lsa-da, o‘zgarish bo‘lmagan.

Inshootning yetarli darajada tozalanmagan suvi Chirchiq daryosiga oqizilmoqda

Kun.uz'da bu haqda maqola e'lon qilingach, 16 sentabr kuni Bektemir tuman hokimligi axborot xizmati munosabati aks ettirilgan videolavha chiqdi. Ammo bu videolavha muammoga javobni emas, balki yangi savollar va noaniqliklarni keltirib chiqaradi.

1-noaniqlik

Hokimlik videolavhasidan parcha: «Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, inshoot anchagina eskirgan va kundan kunga oqova suv quvurlarining ko‘payishi evaziga inshoot hidni o‘zida saqlay olmayapti».

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonovning ma'lum qilishicha, Bektemir oqova suvlarni tozalash inshooti aslida biologik tozalashga asoslangan. Sanoat korxonalari inshootga yo‘naltirayotgan suvlar esa kimyoviy ifloslangan. Shu bois inshoot texnologik jihatdan bu suvlarni yetarlicha tozalashga ixtisoslashmagan, ya'ni inshoot avvaldanoq oqova suvning hidini tozalashga mo‘ljallangan emas. Demak, hokimlik aytganidek badbo‘y hidga «kanalizatsiya quvurlarining ko‘payayotgani» sabab emas.

Yaqin hududda yashovchi odamlar suv tozalash inshooti qayta ishlangan suvlarni tunda yashirincha Chirchiq daryosiga ochib yuborilishini aytgan.

2-noaniqlik

Videolavhadan yana bir iqtibos: «Oqova suv quvurlaridan doimiy foydalanadigan korxonalarning chiqindilari ham umumiy quvurlarga yo‘naltirilgani aytib o‘tildi. Tez kunlarda ushbu korxonalar o‘zlari uchun lokal suv tozalash inshootini qurishni rejalashtirdi».

Bektemir tumani oqova suvni tozalash inshooti boshlig‘i Jamshid Zufarov videoda shunday deydi: «Hozirgi kunda bularda lokal suv tozalash inshooti mavjud. Lekin ular faqat tindirgich sifatida ishlaydi. Buni mukammal va zamonaviy qilib, yanada yaxshiroq tozalaydigan darajaga olib keladigan lokal suv tozalash inshootini qurish kerak. Qonunda ko‘rsatilgan me'yorlarga yetib, ekologiya talablari bajariladi va aholi noroziligi kamayadi».

Ammo savol tug‘iladi: sanoat korxonalari mahalliy tozalash inshootini qachon o‘rnatadi? Muammo 12 yildan beri davom etib kelayotgan bo‘lsa, bu davrda sanoat korxonalari talabga javob beradigan mahalliy tozalash inshootini qurishi haqida qayta-qayta ogohlantirilgan, ammo natija yo‘q. Ogohlantirishlar kor qilmagach, sanoat korxonalari yoptirilgan, ammo ma'lum muddatdan keyin ular o‘zboshimchalik bilan yana ochilib, faoliyatlarini davom ettirgan. Eng qizig‘i, bu holat haqida shu paytgacha Bektemir tuman va Toshkent shahar hokimliklari xabardor bo‘lgan, lekin hech qanday chora ko‘rmagan, aniqrog‘i, qonunbuzilishiga tomoshabin bo‘lib turgan. Bu kishida shubha uyg‘otmaydimi? 12 yildan beri mahalliy tozalash inshootini o‘rnatmagan sanoat korxonalari endi «tez orada o‘rnatishni rejalashtirdi» degan bahonaga kim ishonadi?

3-noaniqlik

Hokimlik javobida aytilishicha, «tumanning kengayishi evaziga ushbu inshoot umuman to‘g‘ri kelmasligi va yangi oqova suv quvurlarining chiqindilarini o‘zida sig‘dira olmasligini inobatga olgan holda tuman mutasaddilari yangi zamonaviy inshoot qurish bo‘yicha shahar va respublika mutaxassislariga o‘z takliflarini bergan».

Toshkent shahar «Suvoqova» boshqarmasi bosh muhandis muovini Do‘nanboy Kazibekovga ishonadigan bo‘lsak, Bektemir oqova suv tozalash korxonasining loyihaviy quvvati 25 ming kub metr bo‘lib, hozirgi kunda 18-21 ming kub metr oqova suvni qayta ishlaydi. Demak, inshoot to‘la quvvat bilan ishlayotgani yo‘q, loyihaga ko‘ra, hozirgi holatida yana qo‘shimcha 4 ming kub metr suvni tozalay oladi. To‘la quvvatda ishlamayotgan korxona qanaqasiga oqova suvlarni o‘ziga sig‘dirmasligi mumkin?

Hokimlik Bektemir suv tozalash korxonasi ustidan shikoyat qilgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilganiga ham sha'ma qilgan.

«Tushuntirish ishlari olib borilgan» fuqaro Abduqodir Jalilov esa har doimgidek hokimiyatning javobidan mutlaqo qoniqmaganligini ta'kidlamoqda.

Abduqodir Jalilov

«Bektemir suv tozalash korxonasini qaytadan boshqa joyda qurish bo‘yicha ish sxemasini ko‘rsatishdi. Quyi Chirchiq tumanidagi Surum qishlog‘ida 35-40 million dollar xarajat asosida yangi inshoot qurilarkan.

Ammo bundan avval ham ma'sul tashkilotlarga qayta-qayta shikoyat xatlari yuborganimda xuddi shu ssenariy bir necha bor takrorlangan: xat boradi, o‘rganib chiqqandek bo‘lishadi, 3-4ta odam uyimga kelib shikoyatim o‘rinli ekanligini ta'kidlashadi, turli loyihalar ustida ishlashayotganini aytishadi, shu bilan hammasi jimib ketadi. 3 yil avval kelib, Chirchiq daryosining ustidan truba o‘tkazish orqali Bektemir tumanidagi kanalizatsiya suvlari Salar oqova suv tozalash inshootiga yuborilishini aytishgandi.

Undan ham avvalroq esa inshoot rekonstruksiyaga muhtojligini aytishgandi. Osiyo taraqqiyot bankining 21,5 million dollar mablag‘i asosida rekonstruksiya qilindi ham. Ammo hid yo‘qolgani yo‘q, aholi hech qanday o‘zgarishni sezmadi. Endi esa yangi inshoot quramiz deb aytishyapti», deydi fuqaro Jalilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Masala yechimiga mas'ul idoralarning pozitsiyalari turlicha ekani va eng ajablanarlisi ular bir-biridan keskin farq qilishi muammo yetarlicha o‘rganilmaganidan darak berayotgandek.

Jumladan, Respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Sobir Mashrabov inshoot zamonaviy rekonstruksiyaga muhtojligini aytib o‘tgandi.

Bektemir tuman hokimligi inshoot boshqa hududda qaytadan qurilishini bildirdi.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonov esa muammoga ikki yechimni ko‘rsatdi: yoki sanoat korxonalarining har biri talab darajasidagi mahalliy suv tozalash inshootini o‘rnatishi kerak yoki Bektemir oqar suvni tozalash inshooti yopilib, tuman kanalizatsiya suvlari Salar oqova suvlarni tozalash inshootiga yuborilishi lozim.

Xo‘sh, kimga ishonish kerak? Qaysi idoraning taklifi muammoga haqiqiy yechim bo‘la oladi? Umuman olganda, bu muammo jiddiy o‘rganib chiqilganmi?

E'tiborimizni tortgan yana bir jihat Toshkent shahrida kanalizatsiya suvlarini qayta ishlash va tabiiy suv manbalarini muhofaza qilish bilan bog‘liq birinchi muammo emas. Chirchiq daryosining suvi, flora va faunasi ifloslanayotgani avval ham jamoatchilik diqqat markaziga tushgan. Qizig‘i, bunga sabablardan biri sifatida ayni Bektemir suv tozalash korxonasining nomaqbul faoliyati sabab qilib ko‘rsatilgan.

O‘rganishlarning yana biri Bo‘zsuv oqova suvlarni tozalash korxonasi atrofida ham xuddi shunday mashmashalar kuzatilganini ko‘rsatadi. Inshoot oqova suvlarni yetarli darajada tozalamasdan Bo‘zsuv kanaliga oqizmoqda. Bu esa, tabiiyki, atrofdagi mahallalar aholisining shikoyatlariga sabab bo‘lyapti. Va eng muhimi, kanal suvining tozaligiga jiddiy ziyon yetkazmoqda.

Aholining salomatligi va qulayligiga daxl qilayotgan, tabiatga ziyon yetkazayotgan, samarasiz rekonstruksiyalar uchun davlat va donorlar mablag‘lari sarflanayotgan kanalizatsiya suvini tozalash muammosini hal qilish shunchalar murakkab muammomi? Yoki rasmiylar bu muammoni hal qilishni istashmaydimi? Nahotki sanoat korxonalarining mushugini «pisht» deya oladigan, ularning qonunga, aholi e'tirozlariga, tabiatga bepisandlarcha munosabatini munosib tarzda jazolab qo‘yadigan mard topilmasa? Mutasaddilar bu savollarga yupatuvchi ruhdagi videolavhalarni ko‘rsatishi emas, qonunga asoslangan aniq javoblarni berishi kerak, bizningcha.

Saodat Abdurahmonova, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid