Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonga mol go‘shti importi qisqara boshladi. Narxlar ham oshgan
Oxirgi 2 oyda O‘zbekistonga mol go‘shti olib kirish 22 foizga kamaydi. 1 kg import mahsulot uchun o‘rtacha narxlar ham 7,4 foizga oshdi. Bunga Rossiyaning bir qator hududlarida qoramollar orasida xavfli infeksiya tarqalishi fonida mahsulot yetkazib berishdagi uzilishlar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Kobul va rasmiy Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib, qurolli to‘qnashuvlar yuzaga keldi. Ushbu omil ham Pokistondan Afg‘oniston orqali go‘sht kirishini murakkablashtiradi.
O‘zbekistonga mol go‘shtining importi oxirgi oylarda qisqara boshladi. Kun.uz o‘rgangan Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida qiymati 57 million dollarlik 11,2 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich, mart oyida 12,7 ming tonnani, fevral oyida esa 14,4 ming tonnani tashkil etgandi.

O‘z navbatida narxlar ham qimmatlasha boshlagan. Xususan, o‘tgan oyda 1 kg import mol go‘shtining o‘rtacha bahosi 5,06 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich martda 4,81 dollar, fevralda 4,71 dollar bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda go‘sht importi uchun bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.
Oxirgi oylarda go‘sht importining o‘sishi sekinlashib, narxlar oshganiga bir qancha omillar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. Xususan, Rossiyaning bir qator hududlarda qoramollar orasida xavfli infeksiya tarqaldi. Natijada Qozog‘iston hukumati ushbu mamlakatdan tirik chorva, go‘sht mahsulotlari, shuningdek, issiqlik ishlovi berilmagan ozuqa va yem qo‘shimchalarini olib kirish hamda tranzit qilishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, Kobul va rasmiy Islomobod o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat fonida Pokistondan Afg‘oniston orqali go‘sht kirib kelishida ham muammolar kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida suyakli mol go‘shti 3,2 foizga (yillik nisbatda +16,6 foiz), suyaksiz mol go‘shti 3,2 foizga (+17,3 foiz), qo‘y go‘shti 3,7 foizga (+20,3 foiz) qimmatlashgan.
Rasmiy raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, suyakli mol go‘shti narxining oshishi oxirgi yillarda quyidagicha bo‘lgan:
- 2017 yil – 35,9 foiz (umumiy inflatsiya – 14,4 foiz);
- 2018 yil – 26,9 foiz (umumiy inflatsiya – 14,3 foiz);
- 2019 yil – 26,6 foiz (umumiy inflatsiya – 15,2 foiz);
- 2020 yil – 21,1 foiz (umumiy inflatsiya – 11,1 foiz);
- 2021 yil – 10,4 foiz (umumiy inflatsiya – 9,98 foiz);
- 2022 yil – 9,8 foiz (umumiy inflatsiya – 12,3 foiz);
- 2023 yil – 9,3 foiz (umumiy inflatsiya – 8,8 foiz);
- 2024 yil – 13,3 foiz (umumiy inflatsiya – 9,8 foiz).
Mavzuga oid
08:17 / 06.05.2026
O‘zbekistonda mol go‘shti narxi jahon narxlari bilan taqqoslandi
08:28 / 30.03.2026
O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari bekor qilinadi
15:21 / 21.03.2026
YeI Xitoydan birinchi marta unga yetkazib berganidan ko‘ra ko‘proq avtomobil import qildi
12:50 / 10.03.2026