O‘zbekiston | 12:19 / 03.04.2026
6444
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida hududlarda yomg‘ir yog‘adi

Shanba-yakshanba kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati +19…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda hududlarda dam olish kunlari yog‘ingarchilik kuzatiladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Juma kunduzi respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

4 aprel, shanba kuni Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida, Farg‘ona vodiysida, shuningdek, respublika janubidagi tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +20…+25 daraja bo‘ladi.

Yakshanba kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi kutilmoqda.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkent shahrida juma kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +22…+24 daraja bo‘ladi. Shanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi va shamol 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi +15…+17, kunduzi +19…+21 daraja bo‘ladi.

Yakshanba kuni kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi +13…+15, kunduzi +22…+24 daraja bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid