O‘zbekiston | 16:04 / 25.06.2020
36782
4 daqiqa o‘qiladi

«Sud ochiq bo‘ladi. Barcha aybdorlar jazolanadi» - Akmal Saidov Andijonda qiynoq voqeasi haqida

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Tashqi ishlar vazirligi, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi) yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov Andijonda huquqni himoya qilish organi vakillari tomonidan fuqaroning kaltaklanishi va uning vafotiga sabab bo‘lgan holat haqidagi savolga javob berdi.

«Bunday holatlar hali ham uchrayotganidan afsusdaman. Shuni aytishim mumkinki, Andijon viloyatidagi voqealar ichki ishlar organlari faoliyatiga nisbatan salbiy rezonans uyg‘otdi. Bu kabi bir-ikki holat ichki ishlar organlari amalga oshirayotgan ishga soya soladi.

Bu ish Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan shaxsan mening nazoratim ostida. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitishim bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Ichki ishlar vaziriga murojaat qildim. Bundan tashqari, markaz xodimi Andijon viloyatiga yuborildi.

Barcha aybdorlar qonunga ko‘ra javobgarlikka tortiladi. Ular noqonuniy ushlab turish, vakolatlarni suiiste'mol qilish moddalari bo‘yicha ayblanmoqda, eng muhimi, bu Jinoyat kodeksining 235-moddasi. Bu qiynoqlar.

Hozir hammasini ayta olmayman. Sud-tibbiyot ekspertizasi belgilangan. Men bu yerda qiynoqlar bo‘lgan deb hisoblayman. Ular qanday javobgarlikka tortilishi ekspertiza natijalari va sud tergovlaridan keyin ma'lum bo‘ladi. Sud tomonidan ayblov hukmi qabul qilinguniga qadar buni aytishim qiyin. Lekin shuni aytishim kerak, sud ochiq bo‘ladi», dedi Akmal Saidov.

U  Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz xodimi Andijonda marhumning oilasida bo‘lgani haqida gapirdi.

«Xodimim Andijonga bordi. Marhumning oilasida bo‘ldi. Oila a'zolari undan nimani so‘rashganini bilasizmi? «Bizni blogerlar qiynab yuborishdi. Bizning qayg‘umizdan ular nima qilishmoqchi ekanini bilasizmi? Nima qilishmoqchi ekanliklarini bilmaymiz. Bizlarni blogerlardan himoya qiling». Bu marhum oila a'zolarining so‘zlari», deydi Saidov.

U bu kabi holatlarga reaksiya qilish Ombudsmanning birinchi darajali majburiyati ekanini ta'kidladi.

«Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz xodimi viloyat prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bilan uchrashishi uchun xat yozdim. Men bu bo‘yicha hamma gapni ayta olmayman, chunki hali ish yakunlanmagan. Men berilgan javobdan qoniqmadim. Markaz murojaatidan keyin O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori bu ishni o‘z nazoratiga oldi va bu ish hozir respublika tergov organlari darajasida olib borilyapti.

Ombudsmanning mintaqaviy vakilining javobi meni qalbimni xira qildi. Xodimim unga «Siz bu yerdasiz, siz viloyat vakilisiz» deganida u «Menga marhum oila a'zolaridan hech kim javob bermadi» debdi. Bu qanday javob? Men bu kabi holatlarga reaksiya qilish ombudsmanning birinchi darajali majburiyati deb hisoblayman», - deydi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori.

  • Eslatib o‘tamiz, Andijonda fuqaro A.Abdukarimov IIBdagi qiynoqdan so‘ng 11 iyun kuni vafot etgach, besh kishi ishdan olindi, 19 kishi jazolandi. Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida uch nafar ichki ishlar organlari xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid