Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident huzurida Andijon viloyatidagi islohotlar natijasi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilish avvalida qayd etilganidek, Andijon – aholisi eng zich joylashgan hudud. Viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, har yili 80 mingga yaqin tug‘ilish qayd etilmoqda. Yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymat va barqaror ish o‘rni yaratishi shartligi ta’kidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion so‘mni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2 foiz, xizmatlar hajmida 15,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etildi.
Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. “Og‘ir” toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.
Joriy yilda viloyatda 798 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.
Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni bo‘sh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatidan to‘liq foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan va ilg‘or “76x10” sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bog‘lar intensiv bog‘larga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.
Yangi tajriba sifatida Oltinko‘lda gulchilik, Izboskanda ko‘chatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qo‘rg‘ontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.
Buloqboshidagi “Shirmonbuloq”, Xo‘jaoboddagi “Imom ota” va Xonoboddagi turizm markazlarini rivojlantirish uchun alohida direksiya ochiladi. Tuman va shahar markazlaridagi 91 ta mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalarda savdo, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi.
Joriy yilda viloyatdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda esa 158 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi kutilmoqda.
“Qurilishga tayyor yer” tizimini joriy etish orqali loyihalarni boshlash muddatini 120 kundan 30 kungacha qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Jalaquduqda ushbu yangi tizim asosida zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha tajriba boshlanadi.
Viloyatda 11 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda, 94 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda, 56 ta texnikumda 46 ming nafar o‘quvchi kasblarga o‘rgatilmoqda. Oliygohlardagi ilmiy salohiyatni oshirish, dual ta’lim qamrovini kengaytirish choralari belgilab olindi.
Tibbiyot texnikumlariga til o‘rgatish bo‘yicha ilg‘or xususiy ta’lim tashkilotlarini jalb qilib, yiliga 4 mingdan ziyod yoshning Yevropa davlatlariga ishlashga borishiga ko‘maklashish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy reyestrga kirmagan oilalarning iqtidorli farzandlariga ham sport, madaniyat va san’at sohasidagi tashabbuslari uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 41 million so‘mgacha subsidiya berish taklif qilindi. Prezident ushbu tartibni Andijon viloyatidan boshlashni topshirdi.
Davlat rahbari yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi Andijon aholisi hayotida aniq va sezilarli natija berishi shartligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
20:35 / 12.02.2026
“O‘ztest” markazi tugatiladi va Akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi
20:33 / 12.02.2026
Samarqanddagi Bibixonim masjidi restavratsiya qilinadi
17:38 / 12.02.2026
Sudya va uning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin
09:27 / 11.02.2026