Jahon | 15:38 / 17.02.2026
3762
8 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron muzokaralari, Ukraina xavfsizlik xizmatida «tozalashlar» va 2 haftada ko‘rinish bergan Imomali – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron muzokaralari

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Jyenevada bo‘lib o‘tadigan AQSh va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarda «bilvosita» ishtirok etishini aytdi.

«Men bu muzokaralarda bilvosita ishtirok etaman va ular juda muhim bo‘ladi», dedi u. Tramp muzokaralarning ikkinchi bosqichi haqida «ko‘ramiz, nima bo‘lishi mumkin», deya umumiy javob berdi.

Aslida rejaga ko‘ra, muzokaralarda AQSh vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner, shuningdek Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etishi kerak edi. Araqchining o‘zi dushanba kuni Jyenevada Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi bilan ham alohida uchrashib, hamkorlik va muzokaralarning texnik jihatlarini muhokama qilgan.

E’lon qilingan jadvalga ko‘ra, muzokaralar seshanba kuni ertalab Shveytsariya shahridagi Ummon elchixonasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Eronni «juda qattiq muzokarachi» deb atagan Tramp bu uchrashuvda onlayn qatnashadimi yoki Yevropaga keladimi, aniq aytmagan.

«Ammo aytishim mumkinki, ular yomon muzokarachilar, chunki biz ularning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish uchun B-2 samolyotlarini yuborish o‘rniga kelishuvga erishishimiz mumkin edi. Umid qilamanki, ular yanada oqilona bo‘lishadi», dedi Tramp o‘tgan yildagi operatsiyalarni nazarda tutib.

Eron va AQSh 6 fevral kuni Ummon vositachiligida Masqatda bilvosita yadroviy diplomatiyani qayta boshlagandi. AQSh bu orada Eron atrofida katta harbiy kuch jamlamoqda.

Eron esa dushanba kuni muhim suv yo‘li va neft eksporti marshruti bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Muhofizlar korpusi «Hormuz bo‘g‘ozini aqlli nazorat qilish» deb nomlangan intensiv mashg‘ulotlar — «ehtimoliy harbiy tahdidlar» sharoitida operativ kuchlarning tayyorgarligini sinovdan o‘tkazishini aytdi.

Imomali Rahmon ko‘rinish berdi

Ayrim OAVlar 73 yoshli Tojikiston prezidentining sog‘lig‘i yomonlashganini xabar qildi: Rahmon bu vaqtda davolanish uchun Xitoyga borgan. Agar ma’lumot tasdiqlansa, bu Markaziy Osiyodagi yetakchilar davolanish uchun Moskvani emas, aynan Xitoyni tanlagan ilk holat bo‘ladi. Bu haqda xabar bergan Eurasia.net nashrining yozishicha, bu – Pekinning mintaqada ta’siri ortib borayotganining yana bir ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Tojikiston prezidenti rasmiy sayti 28 yanvar kuni uning huquqni muhofaza qilish organlari bilan yig‘ilish o‘tkazayotgani aks ettirgan suratni e’lon qilgandi. Keyingi 17 kun davomida prezident saytida atigi to‘rtta qisqa xabar joylashtirildi, ularning hech birida video yoki surat bo‘lmadi.

Faqat 14 fevral kuni uning tirikligi tasdiqlangandek bo‘ldi. 16 fevral kuni esa Imomali Rahmon Dushanbega kelgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.

Nashrning yozishicha, ushbu 17 kunlik tanaffus davomida prezident yordamchilari uning sog‘ligi yoki qayerdaligi haqida izoh berishdan bosh tortgan.

Nashr Imomali Rahmon – Xitoyning dam olish hududi bo‘lgan Xaynan oroliga tibbiy yordam va dam olish uchun borganini yozmoqda.

73 yoshli Rahmon uzoq yillardan beri yuqori qon bosimi va yurak yetishmovchiligi kabi og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotgani tilga olinadi. Uning 38 yoshli o‘g‘li Rustam Imomali esa vaqti kelganda Rahmon o‘rnini egallashi kutilayotgan asosiy voris sifatida ko‘riladi.

Shimoliy Koreyada urush targ‘iboti

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning Ukrainadagi urushida halok bo‘lgan askarlar oilalari uchun mo‘ljallangan yangi turar joy hududini ochib berdi. Bu Pxenyanning urushni qo‘llab-quvvatlovchi targ‘ibotini kuchaytirish sifatida baholanmoqda.

Davlat OAV tarqatgan suratlarda Kim qizi Ju Ae hamrohligida yangi hudud bo‘ylab yurib, oilalarning uylariga tashrif buyurgani aks etgan.

Kim Ukrainadagi urushda Rossiya prezidentini qo‘llab-quvvatlash uchun minglab askarlar va katta miqdorda harbiy texnika, jumladan, artilleriya va raketalar yuborgan. Buning evaziga Moskva Pxenyanga o‘z harbiy texnologiyalarini, jumladan, Shimoliy Koreyaning ilk yadroviy suvosti kemasiga oid texnologiyalarni ulashgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Koreya razvedkasi o‘tgan hafta Ukrainadagi urushda taxminan 6 ming nafar shimoliy koreyalik harbiy halok bo‘lgan yoki yaralanganini bildirgan edi. Biroq idora qurbonlar soni bo‘yicha batafsil taqsimot bermagan.

Yopiq brifingda qatnashgan deputatlarga ko‘ra, razvedka idorasi shimoliy koreyalik askarlar zamonaviy jangovar tajriba va Rossiya texnik ko‘magini qo‘lga kiritayotganini aytgan. Bu esa ularning qurol tizimlari samaradorligini oshirishi mumkin.

AQSh Orbanni qo‘llab-quvvatlamoqda

AQSh davlat kotibi Marko Rubio dushanba kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashdi. Rubio Orbanning ketma-ket beshinchi muddatga saylanish harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, uning AQSh yetakchisi bilan yaqin aloqalarini maqtadi.

«Bosh vazir va prezident Tramp juda juda yaqin shaxsiy va ishchi munosabatlarga ega va menimcha, bu ikki mamlakat uchun foydali bo‘ldi. Prezident Tramp sizning muvaffaqiyatingizga chuqur sodiq, chunki sizning muvaffaqiyatingiz bu — bizning muvaffaqiyatimiz», dedi Rubio.

Shuningdek, Rubio AQSh va Vengriya ikki tomonlama aloqalarda «oltin davr»ga kirayotganini aytdi. Orban esa Vengriya Ukrainadagi tinchlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Rubioning tashrifi Orban hukumati bilan muzokaralarni o‘z ichiga oldi. Unda tomonlar fuqarolik yadro hamkorligi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Kelishuv ixcham yadroviy reaktorlarni ehtimoliy xarid qilishni, shuningdek, AQSh yetkazib beradigan yadroviy yoqilg‘i va ishlatilgan yoqilg‘ini saqlash texnologiyalarini o‘z ichiga oladi.

Orban va uning partiyasi 2010 yilda hokimiyatga qaytganidan beri eng jiddiy saylov sinoviga duch kelmoqda — ovoz berish 12 aprelga belgilangan. Tramp esa qayta saylanishga intilayotgan Orbanni qo‘llab-quvvatlashini ochiq bildirgan.

Ukraina xavfsizlik xizmatida «tozalashlar»

Prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmatida «tozalashlar» bo‘lishini e’lon qildi. U dushanba kuni xizmat rahbari vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Xmara va o‘rinbosari Aleksandr Pokladning Rossiya operatsiyalariga qarshi hisobotlarini tinglagan.

«Poklad xavfsizlik xizmatini Ukrainaga emas, boshqa manfaatlarga xizmat qilayotgan lavozimlardan tozalash bilan ham shug‘ullanadi. Qattiq choralar va haqiqatan ham to‘liq kuchli Xavfsizlik xizmati kerak. Men natijalarni kutaman», dedi Zelenskiy kechki murojaatida.

16 fevral kuni Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura UXXning yuqori lavozimli xodimiga nisbatan sudgacha tergov yakunlanganini ma’lum qilgandi. Xabarda uning familiyasi va lavozimi ko‘rsatilmagan. Biroq «Ukrainskaya pravda» nashri ma’lumotiga ko‘ra gap Illya Vityuk haqida bormoqda.

Tergov natijalariga ko‘ra, 2023 yil dekabrida gumonlanuvchi juda katta pulga kvartira sotib olib, uning qiymatini deyarli yarim narxida ko‘rsatgan.

Yanvar oyida Zelenskiy – ko‘plab shov-shuvli amaliyotlarni o‘tkazgan Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukni ham lavozimidan olgandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid