O‘zbekiston | 09:01 / 16.12.2020
61768
6 daqiqa o‘qiladi

Mustaqil tadqiqotchi Gulbahor Sultonova: “Yozda uchta O‘zbekistonga yetadigan gazimiz qishda yetmay qolishining sabablari bor”

Muhandis Gulbahor Sultonova gaz tarqatish tizimiga oid shaxsiy izlanishlari va takliflari bilan ko‘pchilik nazariga tushgan. Doimiy muammolar girdobida qolgan bu soha bugungi kun talabiga javob bermay qolgani kundek ayon. Ayniqsa, qishli-qirovli kunlarda hammani bir savol qiynaydi – nega O‘zbekiston gaz qazib oluvchi ilg‘or mamlakatlardan biri bo‘la turib o‘zi gazga yolchimaydi? Gulbahor Sultonovaning fikricha, hammasi sohaga noto‘g‘ri yondashuv oqibatida shu holga kelgan. U Kun.uz bilan suhbatda barchasini o‘z kuzatuvlari asosida tushuntirib berdi.

– Gulbahor opa, nega tadqiqotlar aynan gaz yetishmovchiligiga oid?

– O‘zim muhandis-mexanikman, politexnika institutini tugatganman, Farg‘ona shahargaz ta'minotida ishlaganman, ya'ni sohaga begona emasman. To‘g‘ri aytdingiz, aynan O‘zbekistonda gaz yetishmovchiligi sabablari bo‘yicha 10 yildan buyon mustaqil tadqiqot olib boraman. Buning sabablari aniq, yildan yilga bu tizim muammolari ortib boryapti, xalqimiz qiynalyapti, vaziyat badtar chigallashib ketyapti.

Gaz Alloh bergan ne'mat. Bizga aynan shu ne'matni bergan. Qaysidir davlatga o‘rmon bergan, kimgadir dengiz bergan, yana kimgadir boshqa narsa. Bizga berilgan gaz ne'matidan to‘g‘ri foydalanishimiz shart.

Energetika vazirligi tinimsiz ma'lumotlar berib boryapti. Ammo ularda gaz yetib bormasligining asosiy sabablari ko‘rsatilmayapti. Gap aynan ekspluatatsiyaning qoidalariga amal qilinmasligida, ichki tizim noto‘g‘ri ishlashida, ilmiy asosga ega emasligida.

Aholiga esa u tomonlari qiziq emas, u bolasini, keksalarni, o‘z jonini sovuqdan saqlashi kerak. Masalan, bu yil qish qattiq keldi, har qanday o‘tin-ko‘mir zaxirasi hali qish kelmay noyabr oyidayoq tugab bitdi. Lekin bu holat qachongacha davom etadi? Qachon ilmiy jihatdan yondashamiz va noto‘g‘ri sarf-xarajatlarning oldini olamiz?

O‘rganishlarim jarayonida boshqa davlatlardagi bu sohada olib borilgan ilmiy ishlar bilan tanishdim. Ammo, ming afsuski, O‘zbekistonda hech kimning, olimlarimizdan birortasining tizimni ekspluatatsiya qilish, gazni to‘g‘ri taqsimlashga oid ilmiy ishlarini uchratmadim.

Mana shu omillar turtki bo‘lib bu soha ustida mustaqil tadqiqotlar olib boryapman.

– Fikringizcha, gap aynan tarqatish tizimidagi noto‘g‘ri yondashuvdami?

– Albatta, aholiga gaz yetib borishi juda murakkab jarayon, qazib olish, yetkazib berish, tarqatish kabi bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Men o‘z tadqiqotlarimda aynan tarqatish tizimidagi muammolar bo‘yicha o‘rgandim. Aslida, har bir bosqich o‘rganilishi, ilmiy jihatdan asoslanishi shart.

Gaz tarqatish tizimimizda tupiklar va halqa yo‘llar haddan tashqari ko‘payib ketgan. Gaz quvurlarining o‘tkazuvchanlik darajasi past, trayektoriyalari aksariyat hollarda noto‘g‘ri, isrof nihoyatda yuqori. Bosim beqarorligi (sodda qilib davleniye o‘ynashi deymiz) bo‘yicha tahlillar yo‘q. Shu bilan birga, sohaning aksariyat xodimlarining quvurlarga, umuman tizim mulkiga munosabati shu darajada yomonki, hayron qolasan kishi.

– Ko‘pchilik mutasaddilar muammo aholining gazdan noto‘g‘ri foydalanishida, degan fikrni ilgari suradilar.

– Bu juda og‘riqli masala. Xo‘sh, aholida tanlov imkoniyati bormi? Sovuq mavsum to‘rt-besh oylab davom etsa, bir oyga bormay hamma o‘tinini yoqib tugatsa, ko‘mirning narxi osmonda bo‘lsa, tarqatilgan kukun yonmasa, tappi hammada ham bo‘lmasa, g‘o‘zapoya yetmasa, gaz yo‘qolib unutilib ketgan bo‘lsa, aholi nima qilsin?!

«Suyultirilgan gaz, suyultirilgan gaz», deyishadi. O‘lda-jo‘lda yetkazilayotgan suyultirilgan gaz faqat ovqat pishirishga arang yetishi mumkin. Ammo uyni isitish-chi, yuvinish-chi?

Muammo ikkinchi muammoni tug‘diryapti. Aholi majburlikdan qo‘lbola pechlardan foydalanyapti, gaz bor joylarda gaz tortish moslamalarini ishlatyapti. Natijada, is gazidan o‘lim holatlari haddan tashqari ko‘payib ketyapti. Keksalar, ayollar, hech narsani tushunib ulgurmagan go‘daklar o‘lyapti. Axir, bu dahshatli fojia-ku!

– Bu izlanishlaringiz faqat muammolarni aniqlashda yordam beradimi yoki aniq yechim ham taklif qilasizmi?

– Albatta, o‘zim yashaydigan hudud, Farg‘ona viloyati bo‘ylab juda ko‘p joylarda bo‘lganman va har doim gaz tarqatishdagi xatoliklar, isroflarni ko‘rib hayratga tushaman. Gap fizikaviy qonunlarga amal qilmaslikda.

Masalan, yozda bizdagi gaz bosimi uchta O‘zbekistonga yetadi. Lekin qishga borib eski hammom, eski tos. Axir, butun dunyo allaqachon gazni saqlash omborlaridan keng foydalanyapti-ku? Bizga qachondir ish bergan omborlar Qirg‘iziston hududida qolib ketdi. Jaloloboddagi bitta ombor kamlik qiladi, yana u ham asosan bitta tashkilotga ishlaydi.

Bugungi kunda dovon yon-atrofidagi adirliklarga yirik ombor yoki bir necha omborlar qurish kerak. Albatta, bu birdaniga bo‘lib qolmaydi, bir necha yil kerak. Ammo bugun kirishmasak, o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini hisobga olmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Ikkinchi jihat, quvurlarning o‘tkazuvchanligi pastligi. Ko‘pchilik Qamchiq dovonidan o‘tayotganda gaz quvurlarini ko‘rgan. Sovuq mavsumda, aynan gazga zarurat oshganda bu quvurlarning o‘tkazuvchanligi pasaya boshlaydi. Uni me'yorida saqlashning aniq usullari bor. Shularni qo‘llash kerak.

Men uchun eng og‘riqlisi, quvurlardagi isroflar va bu muammoga panja ortidan qaralishi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, bitta kichik quvur misolida qancha isrof bo‘lishi, bu isrofga yo‘l qo‘yilmasa, 10 ming kishi gaz bilan ta'minlanishi mumkinligini asoslab tushuntirib berganman.

Elmurod Ermatov suhbatlashdi.

Mavzuga oid