O‘zbekiston | 08:38 / 20.04.2022
5873
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Biznes ayollar» davlat dasturi tasdiqlanadi

Prezidentning “2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Biznes ayollar” davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Norma.uz

O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy faolligini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Biznes ayollar” dasturi tasdiqlanadi.

Quyidagilar dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • respublika miqyosida xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faoliyati barqarorligini ta’minlash hamda o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi uchun imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga oid yagona davlat siyosati samarali amalga oshirilishini ta’minlash;
  • tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni yo‘lga qo‘yishda imtiyozli kreditlar va subsidiya ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash;
  • tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmagan xotin-qizlarga tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam ko‘rsatish;
  • xotin-qizlarning tadbirkorlikka bo‘lgan tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, respublika miqyosidagi tadbirkorlik sub’yektlari orasidagi ulushini 40 foizga oshirish;
  • xotin-qizlarning tadbirkorlik qilish borasidagi faoliyatida ular oldidagi qator tizimli va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Savdo-sanoat palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

  • har bir mahallada ishsiz deb e’tirof etilgan va ishlash yoki tadbirkorlik qilish istagini bildirgan xotin-qizlar birlamchi ro‘yxatini shakllantiradi;
  • shakllantirilgan ro‘yxat asosida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hududiy filiallari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi “Ishga marhamat” monomarkazlari, Savdo-sanoat palatasida kasb-hunarga (mehnat birjasining mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan kelib chiqqan holda) va tadbirkorlikka o‘qitish ishlarini tashkil etadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari tavsiyasiga asosan nodavlat ta’lim tashkilotlari (NTT) hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi o‘quv kurslariga yo‘naltirilgan yoshlar va xotin-qizlar uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan uch tomonlama shartnoma (agentlik hududiy boshqarmasi – NTT yoki Oliy maktab - fuqaro) asosida o‘quv kurslari qiymatining 70 foizi (biroq 1 mln so‘mdan oshmagan qismi) kompensatsiya qilib beriladi.

Bunda, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni Oliy maktab tomonidan o‘qitish ishlari to‘liq bepul amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid