O‘zbekiston | 11:04 / 01.07.2024
5728
3 daqiqa o‘qiladi

“II Xalqaro maqom san’ati anjumani” g‘oliblari aniqlandi

16 davlatdan maqomchilar qatnashgan anjumanda bosh sovrinni Eronning “Fors” ansambli solisti Ali Asg‘ar Arabshohiy qo‘lga kiritdi. U 15 ming AQSh dollari bilan taqdirlangan.

Foto: Madaniyat vazirligi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida YuNeSKO va AYSeSKO shafeligi ostida o‘tkazilgan “II Xalqaro maqom san’ati anjumani” yakunlandi.   

Xalqaro hay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari uchta nominatsiya bo‘yicha — “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi” “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” bo‘yicha baholangan. Ishtirokchilarning chiqishlarini xalqaro hay’at a’zolari — Tojikistondan Abduvali Abdurashidov, Ozarbayjondan Kerimi Siyavush Ashraf o‘g‘li, Misrdan Ashraf Abdelrahman, AQShdan Mohsen Mohammadi, Hindistondan Ali Fateh, Turkiyadan Feyzioglu Nesrin va O‘zbekistondan Isroiljon Vahobov baholab borgan.

Natijalariga ko‘ra bosh sovrinni Eronning “Fors” ansambli solisti Ali Asg‘ar Arabshohiy qo‘lga kiritgan.

Ansambl jamoasi bo‘yicha 1-o‘ringa O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Yunus Rajabiy nomidagi maqom xonandalari ansambli, 2-o‘ringa Maqom markazi Jizzax viloyati hududiy bo‘limi maqom ansambli hamda 3-o‘ringa “Shinjon” badiiy teatri “Maqom” badiiy truppasi (Xitoy) munosib ko‘rilgan.

Yakkaxon ijrochilik yo‘nalishida 1-o‘rinni Tojikiston milliy konservatoriyasi guruhi solisti Xurshid Iroximzoda, 2-o‘rinni Chidem Gurdal (Turkiya) hamda 3-o‘rinni Ali Amjad Xon (Hindiston) qo‘lga kiritgan.

 G‘oliblar pul mukofotlari (bosh sovrini 15 ming dollar, 1-o‘rin 10 ming dollar, 2-o‘rin 7 ming dollar hamda 3-o‘rin 5 ming dollar) diplom va statuyetka bilan taqdirlangan. 

Anjuman doirasida “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqomchi”, “Eng yaxshi maqom bastakori” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham ishtirokchilar rag‘batlantirilgan. 

Ma’lumot uchun, “Xalqaro maqom san’ati anjumani” ikkinchi bor o‘tkazilmoqda. Anjuman birinchi marotaba 2018 yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida o‘tkazilgandi.

Mavzuga oid