O‘zbekiston | 13:14 / 01.08.2021
60370
8 daqiqa o‘qiladi

Pensiya tizimi: Yangi davrda nimalar o‘zgardi?

Naqd pul tanqisligi sharoitida pensiyalar naqd pulda berila boshlandi. Ishlaydigan pensionerlarga pensiya to‘liq to‘lanmoqda. 2005 yilgacha bo‘lgan ish stajlar hujjatsiz inobatga olinishi yo‘lga qo‘yildi. Oxirgi yillarda pensiya tizimida ro‘y bergan shu va boshqa asosiy o‘zgarishlarni ushbu maqolada sanab o‘tamiz.

Hozirda O‘zbekiston aholisining qariyb 11 foizi (3,9 mln kishi) pensiya va nafaqa oladi. Bundan 5 yil muqaddam esa pensionerlar 3 mln kishi bo‘lgan.

So‘nggi vaqtda pensiya va nafaqa oluvchilar soni yiliga 200-250 ming nafarga o‘sib bormoqda. Ularning soni ortishi bilan pensiya tizimida ham bir qancha o‘zgartirishlar qilishga ehtiyoj sezildi. Xo‘sh, o‘tgan 5 yildagi ijobiy o‘zgarishlar deya nimalarni ayta olamiz?

Pensiyani naqd pulda to‘lash boshlanishi katta yangilik bo‘lgandi

2017 yilgacha pensionerlarni qiynab kelgan muammolardan biri ularga pullar naqd shaklda berilmayotganida edi. O‘sha yili 1 fevraldan boshlab mazkur masala yechim topdi – pensiya va nafaqalar istalgan shaklda, naqd yoki plastik karta orqali berila boshlandi. Bu ko‘pchilik kutgan yangilik edi.

“2015-2016 yillarda pensionerlarda o‘z pensiya pullarini naqd shaklda olish imkoniyati bo‘lmagan. Pullar faqatgina plastik kartochkaga o‘tkazilardi. Chunki naqd pul masalasi dolzarb muammo edi”, – deydi Pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar boshqarma boshlig‘i Gulnora Murodova o‘tgan davrni eslab.

Gulnora Murodova

Pensiya tizimidagi yana bir ijobiy o‘zgarish 2019 yilda yuz berdi. Ya'ni pensiya hisoblashda ish haqiga belgilangan yuqori chegara BHMning 8 baravaridan 10 baravarga oshirildi. Buning natijasida 531 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori o‘rtacha 65 ming so‘mdan 265 ming so‘mgacha oshdi.

Qolaversa, 2019 yil 1 yanvar holatiga pensiyalarni to‘g‘ri tayinlash va to‘lash ustidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida ortiqcha pensiya to‘langani aniqlangan 3 ming 770 nafar fuqaroning 6 mlrd 287 mln so‘mlik qarzdorliklari qoldiqlari hisobdan chiqarildi.

Ishlovchi pensionerlarning ham ko‘kragiga shamol tegdi

Tizimdagi ijobiy o‘zgarishlardan biri – 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha sohalarda ishlaydigan pensionerlarga pensiyalarining to‘liq berilishi bo‘ldi. Buning natijasida o‘sha yili 83 ming nafar pensionerning oylik daromadlari o‘rtacha 450 ming so‘mga ko‘paydi.

Bungacha (1995 yildan beri) ishlovchi pensionerlarga pensiyalarining 50 foizi to‘lanar, e'tirozlar ortganidan ortib borayotgandi.

Pensioner va hozirda shifokor sifatida ishlayotgan Nasiba Mirrahimova bu holat uzoq yil bir sohada ishlab tajriba orttirgan, pensiya yoshiga yetsa-da mehnat qilayotgan pensionerlarga adolatsizlik bo‘lganini yashirmaydi.

Nasiba Mirrahimova

“Ishlaydigan pensionerlar 2019 yilgacha 50 foiz pensiya olardik. O‘sha yildan buyog‘iga oylik ham, pensiya ham to‘liq berilyapti. Naqd va plastik karta orqali olish bizning xohishga ko‘ra beriladi. Rosti, menga 30 yil ishlab 50 foiz pensiya olish alam qilar edi. Hozir to‘liq olyapmiz”, deydi u.

Endi 2005 yilgacha bo‘lgan ish stajlar hujjatsiz inobatga olinadi

2021 yil 1 iyundan boshlab pensiyaga chiqmoqchi bo‘lgan fuqaroning 2005 yilgacha ishlagan davri ish stajiga hech qanday hujjatlar talab etilmasdan inobatga olinadi. Pensiyaga chiqish uchun faqatgina pasport va so‘nggi 5 yilda olgan oylik maoshlari haqida ma'lumot so‘raladigan tizim joriy etildi.

Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Abdulaziz Haydarov buning asosiy sababi haqida ma'lumot berdi.

Abdulaziz Haydarov

“2005 yilgacha bo‘lgan ish stajlarning elektron bazasi bo‘lmagani uchun fuqarolardan ish haqi, staji to‘g‘risidagi ma'lumotlar, arxiv hujjatlari talab etilar, ularning ish stajlari to‘liq inobatga olinmay kelinar edi. Natijada ovoragarchilik va e'tirozlar ko‘payib bordi.

Shu paytgacha fuqarolardan pensiyaga chiqish uchun 40 dan ortiq hujjat talab qilingan. 15 ga yaqin vazirlik va idoralardan hujjat yig‘ish kerak edi. Shuning asosiy qismi 2005 yilgacha bo‘lgan mehnat staji bilan bog‘liq bo‘lardi”, – deydi jamg‘arma rahbari.

Pensioner Malika Mingboyeva bundan 7 yil oldin pensiyaga chiqqan davrini bugungi holat bilan taqqoslab ko‘rdi.

Malika Mingboyeva

“Bu yil turmush o‘rtog‘im pensiyaga chiqishlari uchun 8 iyul kuni hujjat topshirgandilar. Ertasiga telefonda pensiyaga chiqqanlari to‘g‘risida xabar keldi. Pensiya jamg‘armasiga borsak pensiya daftarchasi berishdi. Hayron bo‘lib qoldim. Ishongim kelmadi. Chunki men 7 yil oldin pensiyaga chiqqan edim. O‘shanda soliq va boshqa tashkilotlardan ko‘p hujjatlar so‘rashgan, judayam ovora bo‘lganman. Bu yil esa mehnat daftarchasi bilan pasport olib keldik, oxirgi 5 yildagi oylik maoshlar haqida ma'lumot olib keldik, bo‘ldi. Shu bilan bir kunda pensiyaga chiqarishibdi. Oldingi ovoragarchilik hozir yo‘q”, – dedi pensioner.

Ishlamaydigan fuqarolar ham pensiyaga chiqishlari mumkinmi?

Hozirda ishlaydigan turmush o‘rtoq ishlamaydigan turmush o‘rtog‘i uchun oylik daromadlaridan Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Mazkur to‘lovlar hisobiga staj yig‘ib boriladi va kelgusida pensiya ta'minoti bilan qamrab olish imkoniyati yaratiladi.

Jamg‘arma boshqarma boshlig‘i Nuriddin Shadixo‘jayevga ko‘ra, bu kelajakda ko‘plab fuqarolar pensiyaga chiqishini ta'minlashda yaxshi qadam.

“Ba'zi erkaklar turmush o‘rtog‘ining ishlashini xohlamaydi. Natijada ular pensiya yoshiga yetganda ish stajiga ega bo‘lmaydi va pensiya huquqidan ham mahrum bo‘lishadi. Shu muammo inobatga olinib, prezident qarori bilan turmush o‘rtoqlari o‘z ayoli uchun oylik daromadlaridan Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi berildi.

Ayollar ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘laverishadi, turmush o‘rtoqlari ular uchun soliq to‘lashadi va kelgusida uy bekasi ham pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi”, – dedi mutaxassis.

Ma'lum qilinishicha, endilikda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ham Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda soliq to‘lash hisobiga o‘zlariga staj yig‘ib borishlari va kelgusida pensiyaga chiqishlari mumkin.

“Ko‘plab yurtdoshlarimiz chet elda mehnat faoliyati yuritishadi. Ular ham ma'lum vaqt ishlab O‘zbekistonga qaytishadi. Hozirda shunday vatandoshlarimizga ham pensiyaga chiqish imkoniyati yaratildi. Ya'ni xorijda olgan daromadlari hisobidan ijtimoiy soliq to‘lasalar, ularga staj hisoblanadi. Pensiya yoshiga yetganda esa pensiya tayinlash huquqi beriladi”, – deya ta'kidladi Nuriddin Shadixo‘jayev.

“Ijtimoiy himoya” yagona reyestri nega zarur edi?

2021 yil boshidan “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri butun respublikada yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim orqali kam ta'minlangan oilalarga 3 turdagi nafaqalar elektron tartibda, inson omilisiz, avtomatik tarzda tayinlanadi.

Avvallari nafaqa olmoqchi bo‘lgan arizachidan daromadlari, mol-mulki, oila a'zolari ishlaydigan joydan ma'lumotlar talab qilingan. Bundan tashqari, murojaatni ko‘rib chiqish jarayoniga uzoq vaqt sarflangan.

“Ijtimoiy himoya” yagona reyestri tizimida esa fuqaro hech qanday ma'lumot yig‘ishi shart emas. Faqatgina ariza bilan o‘zi va oila a'zolarining pasport nusxalari (nikoh va tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomalar) taqdim etiladi.

Ariza mahallaga beriladi. Reyestr orqali elektron tarzda nafaqalar kimga tayinlangani yoki rad etilgani, rad etilishi sabablarini ham ko‘rish mumkin.

Islombek Umaraliyev

Mavzuga oid