Jahon | 14:30 / 11.09.2025
4398
11 daqiqa o‘qiladi

AQShda otib o‘ldirilgan Trampning ittifoqchisi, Fransiyadagi namoyishlar va Maskni ortda qoldirgan milliarder – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya Ukrainaning yerlarini talab qilmoqda – Vens

AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vensning aytishicha, Rossiya Ukrainaga hududiy talablar qo‘ygan va hozir Kiyev nazorati ostida bo‘lgan taxminan 6 ming kvadrat kilometr maydonga da’vogarlik qilmoqda. Bu haqda u One America News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Ruslar taxminan 6 ming kvadrat kilometr maydonni xohlayapti, ular hali harbiy kuch bilan bosib olinmagan. Ruslar shuni istayapti», dedi u.

Shu bilan birga, Vens prezident Donald Tramp agar Ukrainadagi mojaro hal qilinsa, Rossiya bilan yaqinroq iqtisodiy hamkorlikka erishish niyatida ekanini aytdi. «Rossiya sizga yoqadimi yoki yo‘qmi, ularning mojaro haqidagi dalillariga qo‘shilasizmi yoki yo‘qmi, oddiy fakt bor: ularda ko‘p neft, ko‘p gaz, ko‘p mineral resurslar bor», deb ta’kidladi Vens.

Avvalroq Kreml bundan boshqa talablarni ham ilgari surgani xabar qilingandi: 2022 yilda anneksiya qilingan hududlardan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqish, NATOga qo‘shilishdan bosh tortish, Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish. Agar shartlar qabul qilinmasa, Rossiya harbiy harakatlarni davom ettirishga va’da bergan.

Isroil Yamanga hujum qildi

Isroil chorshanba kuni Yaman poytaxti Sana va shimoldagi al-Javf viloyatini nishonga oldi. Husiylar sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujumlarda 35 kishi halok bo‘lgan, 131 kishi jarohatlangan.

Bu zarbalar G‘azodagi urush oqibatida kengaygan Isroil va Yaman husiylari o‘rtasidagi hujum va qarshi hujumlar silsilasining navbatdagisi bo‘ldi. Isroil armiyasi harbiy lagerlar, husiylarning yonilg‘i omborini nishonga olganini bildirdi.

Husiylar vakili esa keyinchalik bayonot berib, Isroilning zarbalari sof fuqarolik obektlariga qaratilganini bildirdi. Unga ko‘ra, ikki gazeta tahririyati hujum ostida qolgan, natijada jurnalistlar va yo‘lovchilar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan. Lekin u raqamlarni keltirmadi.

Sana aholisi Reutersʼga bergan ma’lumotiga ko‘ra, hujum ikki tog‘ orasida joylashgan va qo‘mondonlik markazi sifatida ishlatiladigan maskanga qaratilgan bo‘lishi ehtimoli katta.

So‘nggi vaqtlarda arab davlatlarining birini qo‘yib boshqasiga zarba berayotgan Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu shu kunlarda Qatar va boshqa davlatlarga ultimatum qo‘ydi.

Netanyahu 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum qilganlarga «boshpana» bergan davlatlarga murojaat qilib, ularni chiqarib yuborish yoki sudga berishni talab qildi.

«Va men Qatarga va terrorchilarni yashirgan barcha davlatlarga aytaman: yoki ularni chiqarib yuboring, yoki javobgarlikka torting. Chunki siz buni qilmasangiz, biz qilamiz», dedi u.

Trampning ta’sirli ittifoqchisi otib o‘ldirildi

AQShdagi o‘ng qanot faoli va sharhlovchisi, prezident Donald Trampning ta’sirli ittifoqchisi Charli Kirk 10 sentabr kuni Yuta universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda unga o‘z uzilishi oqibatida halok bo‘ldi. Shtat gubernatori buni siyosiy suiqasd deb atadi.

Internetda tarqalgan videolarda Kirk – Yutadagi universitet atrofida katta tashqi auditoriyaga murojaat qilayotganida to‘satdan otishma yuz beradi. Kirk qo‘lini bo‘yniga tekkizib stuldan yiqiladi, odamlar esa sarosimada qochadi. Boshqa lavhada uning bo‘ynidan qon favvora bo‘lib oqayotgani ko‘rinadi.

Hokimiyat gumonlanuvchi uzoq masofadan, tom ustidan o‘q uzganini aytdi. Tadbirga qariyb 3 ming odam yig‘ilgan edi. Universitet politsiyasi boshlig‘i Jyeff Long olti ofitserni jalb qilgani va Kirkning shaxsiy xavfsizlik guruhining rahbari bilan hamkorlik qilganini aytdi.

Otishmadan olti soat o‘tgan bo‘lsa-da, rasmiylar gumonlanuvchini ommaga oshkor qilmagan edi. AQSh OAVlari huquqni muhofaza qiluvchi manbalarga tayanib, gumonlanuvchi hibsga olinmaganini xabar qildi.

FQB direktori Kash Patel bir shaxs so‘roq qilingach qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi. «Tergovimiz davom etmoqda», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Tramp o‘zining Truth Social platformasiga joylashtirilgan videomurojaatda gumonlanuvchini topishga va’da berdi.

«Ma’muriyatim bu jinoyatga va boshqa siyosiy zo‘ravonliklarga aloqador bo‘lganlarning barchasini, jumladan, ularni moliyalashtiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlarni ham topadi», dedi Tramp.

Kirk va u asos solgan mamlakatdagi eng katta konservativ yoshlar tashkiloti - Turning Point USA Trampning saylovdagi g‘alabasida muhim rol o‘ynagandi. Kirkning o‘ldirilishi AQSh siyosiy arboblariga qilingan bir qator hujumlarning navbatdagisi bo‘ldi. O‘tgan yili Trampning o‘ziga ikki marta suiqasd uyushtirilgandi.

Rossiya armiyasi pensionerlar ustiga bomba tashladi

Rossiya Donetsk oblastida joylashgan Yarovaya posyolkasiga aviabomba tashladi. Ukraina politsiyasi va prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, bu soat 11 atrofida, posyolka aholisi pochta operatori yonida pensiya olishga yig‘ilganida ro‘y bergan.

«Rossiyaning Donetsk oblastidagi Yarovaya posyolkasiga aviabomba bilan vahshiylarcha zarbasi. To‘g‘ri odamlar ustiga. Oddiy fuqarolar ustiga. Pensiya berilayotgan paytda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 20 nafardan oshgan. Ortiqcha so‘zga hojat yo‘q», – dedi Zelenskiy.

Posyolka front chizig‘idan sakkiz kilometr masofada, oblastda ukrainlar nazoratida qolayotgan so‘nggi yirik shaharlardan biridan 40 km shimolda joylashgan. Rasmiylar avgust oyida posyolkadan bolali oilalar majburan evakuatsiya qilinishini e’lon qilgandi.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmatining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 24 kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan.

«Rossiya propagandasi Rossiya Donetsk oblastidagi odamlarni “qutqarayotganini” da’vo qilmoqda, biroq aslida u pensiya olish uchun kelgan odamlar ustiga ulkan aviatsiya bombalarini tashlamoqda», – dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga

Rossiyalik harbiylar zarba yuzasidan izoh bermadi.

Fransiyada keng ko‘lamli namoyishlar

Chorshanba kuni erta tongda butun Fransiya bo‘ylab «Hamma narsani bloklaymiz» harakati tomonidan tashkil etilgan norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar avtomagistrallarni to‘sib, temiryo‘l transporti faoliyatini izdan chiqargan. Rasmiylarga ko‘ra, o‘nlab odamlar hibsga olingan, butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan.

Ichki ishlar vaziri Bruno Retayo chorshanba kuni ertalab jurnalistlarga mamlakat bo‘ylab xavfsizlik kuchlarining 80 ming xodimi (Parijda 6 ming) joylashtirilgani haqida ma’lum qildi. «Biz butun mamlakat bo‘ylab aksiyalarga olib keladigan safarbarlikka duch kelish xavfi ostida turibmiz», – degan Retayo. Uning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon 200 ga yaqin odam hibsga olingan.

«Hamma narsani bloklaymiz» harakati shu yozda ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishdi va harakat faollari Fransiya siyosiy tizimini endi o‘z vazifasiga javob bermaydi, deb hisoblamoqda.

Namoyishlar Fransiyadagi siyosiy keskinlikni yumshatishga yordam bermasligi aniq: ikki kun oldin parlament bosh vazir Fransua Bayruga ishonchsizlik votumi e’lon qildi va uni iste’foga chiqishga majbur qildi. Seshanba kuni Makron ikki yildan kamroq vaqt ichida beshinchi bosh vazirni tayinladi – u 39 yoshli Sebastyan Lekornyu bo‘ldi.

Lekornyu Fransiyaning o‘sib borayotgan hamda 3,3 trillion yevroga yetgan davlat qarzini qisqartirish talab etiladi. Yelisey saroyi bayonotida aytilishicha, Lekornyuga Fransiyaning navbatdagi budjetini qabul qilish uchun siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish vazifasi topshirilgan.

Dunyoning eng boy odami o‘zgardi

Oracle dasturiy ta’minot kompaniyasi hammuassisi Larri Ellison Bloomberg milliarderlari reytingida Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqdi.

Nashr Ellisonning boyligini 393 milliard dollarga, Maskning boyligini esa 385 milliard dollarga baholamoqda. Ellison keskin tarzda ko‘tarildi, chunki kapitalining bir kunlik o‘sishi 101 milliard dollarni tashkil etdi — bu Bloomberg reytingi tarixidagi eng katta o‘sishdir.

Forbes nashri ham Ellisonning boyligi o‘sganini qayd etdi. Ammo Mask Forbes reytingida hali ham 437 milliard dollar boyligi bilan birinchi o‘rinda turibdi.

Ellison 81 yoshda. U dunyodagi eng yirik axborot texnologiyalari va dasturiy ta’minot kompaniyalaridan biri — Oracle aksiyalarining 40 foizdan ortig‘iga, Paramount Skydance kompaniyasining taxminan 50 foiziga egalik qiladi.

Bloomberg nashriga ko‘ra, sun’iy intellekt rivojlanishi fonida bulutli infratuzilmaga sarmoya kiritish Oracleʼga gullab-yashnash imkonini bergan. Uning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, kompaniyaning bulutli texnologiyalardan olgan daromadi 28 foizga o‘sib, 7,2 milliard dollarni, bulutli infratuzilmadan olgan daromadi esa 55 foizga o‘sib, 3,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Migrantlarga oilasini Rossiyaga olib borish taqiqlanishi mumkin

Mehnat migrantlariga oila a’zolarini Rossiyaga olib borish taqiqlanishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi 9 sentabr kuni Sergey Mironov boshchiligidagi «Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi deputatlari tomonidan Davlat Dumasiga kiritilgan. Hujjat Dumaning qonunchilik bazasida e’lon qilindi.

Deputatlarning fikricha, mehnat migrantlari oila a’zolarining Rossiyada qolishi davlatning ijtimoiy infratuzilmasiga, jumladan, ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash tizimiga katta yuklama olib keladi.

«Shu bilan birga, migrantlarning patentidan keladigan budjet daromadlari ishlamaydigan oila a’zolarini saqlash xarajatlarini qoplamaydi, bu esa migratsiya siyosatining ushbu modelini iqtisodiy jihatdan samarasiz qiladi», deyiladi hujjatga tushuntirish xatida.

Agar taqiq qabul qilinsa, past malakali migrantlarning oila a’zolarini chiqarib yuborish orqali mamlakatga migratsiya oqimini 15-20 foizga kamaytirish mumkin bo‘ladi, deb hisoblamoqda loyiha mualliflari.

Agar bu tartib kuchga kirsa, Rossiyada urush boshlanganidan buyon, asosan markaziy osiyolik mehnat migrantlariga qarshi ksenofobik kayfiyatda qabul qilingan navbatdagi katta taqiq bo‘ladi.

Mavzuga oid