Toshkentdagi 8 ta avtobus saroyi IIV, FVV va Milliy gvardiya qaramog‘iga berilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra Toshkent shahridagi 7-, 8-,18-avtosaroylar IIVga, 1-, 2-, 5-avtosaroylar MGga, 4, 12-avtosaroylar esa FVVga biriktirilgan.
“Kelgusida poytaxt jamoat transporti uchun yangi avtobuslar sotib olinishi rejalashtirilgan”.
Toshkent shahrida jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish orqali transport xizmatini qulaylashtirish, yo‘nalishlardagi avtobuslar harakatlanishini to‘g‘ri va samarali tashkil etish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJga tegishli 7, 8, 18-sonli avtosaroylarda mavjud yo‘nalishlar faoliyatini o‘rganishga 212 nafar ichki ishlar xodimi jalb etilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qildi.
O‘rganish davomida 65 ta yo‘nalishga 411 ta avtobus jalb etilgani, biroq aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun qo‘shimcha 57 ta avtobus zarurligi aniqlandi. Zaruriy ta’mirlash ishlaridan so‘ng 16 dekabr kuni qo‘shimcha 20 ta avtobus jalb qilingan.
Bundan tashqari, 71 ta avtobus olib kelinib, yo‘nalishga chiqarish uchun jihozlangan (GPS, to‘lov terminali, yo‘nalish raqami va ko‘rsatkichlari va h.k. o‘rnatilgan), davlat raqam belgilari tarqatilgan hamda haydovchilarni o‘qitish ishlari amalga oshirilgan. 71 ta avtobusdan 35 tasi yo‘nalishga chiqarilgan.
Qo‘shimcha olib kelingan avtobuslarning 30 tasi IIV tomonidan ajratilgan bo‘lib, ular interval vaqti uzoq va yo‘nalish masofasi katta bo‘lgan yo‘nalishlarga biriktirilgan. Natijada sutka davomida yo‘lovchilar soni 1,9 foizga, tushumlar miqdori 2,5 foizga oshgan, yo‘nalishdagi avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqargan. Keyingi bosqichda 36 ta avtobus tayyorlanib, yo‘nalishga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, poytaxt avtobus saroylarida mavjud 570 ta avtobusdan 176 tasi texnik jihatdan nosoz holda saqlanayotgani, 75 tasi foydalanishga umuman yaroqsiz holatda ekani aniqlangan va shundan 16 tasi IIV, MG, FVVning tashabbusi bilan joriy ta’mirlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, IIV qaramog‘iga berilgan avtosaroylarga 302 ta shina, 86 ta akkumulyator batareyasi va 343 ta boshqa turdagi ehtiyot qism zarurligi aniqlangan.
Haydovchilari shtat birligi 895 ta bo‘lsa-da, 14,4 foizi yoki 129 tasi jamlanmagan, bunday holat yo‘lovchilarni tashish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. IIV va “Toshshahartransxizmat” AJ xodimlar bo‘limi bilan birgalikda bo‘sh haydovchi lavozimlarini jamlash maqsadida 2 425 nafar “D, E” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati shakllantirilgan. Toshkent shahridan 413 nafar, Toshkent viloyatidan 2 012 nafar haydovchilikka nomzod ro‘yxatga olinib, ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida 34 nafari ishga qabul qilindi, 66 nafari bo‘yicha hozirda hujjatlar tayyorlanmoqda.
IIV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 15 dekabr kuni sutka davomida 3 ta avtobus saroyida jami 3 ta muammo aniqlanib, joyida bartaraf etilgan. Jumladan, 7-avtobus saroyida avtobuslarni yoqilg‘i bilan ta’minlashi zarur bo‘lgan gaz quyish shoxobchasi 17 km uzoqda ekani aniqlanib, gaz quyish shoxobchasi avtosaroyga 200 m yaqin joyga ko‘chirilgan. 8-avtobus saroyida 9 ta, 18-avtobus saroyida 4 ta, uzoq muddatdan beri nosoz holatda turgan jami 13 ta avtobusning barchasi ta’mirlangan.
Davlat rahbari topshirig‘iga asosan Toshkent shahrida jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, unga IIV, Milliy gvardiya, FVV hamda Transport vazirligi mas’ul xodimlari jalb etilgan. Ta’kidlanishicha, kelgusida poytaxt jamoat transporti uchun yangi avtobuslar sotib olinishi rejalashtirilgan.
“Avtobuslarni kutish 10 minutdan oshmasligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda”
Milliy gvardiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, prezident topshirig‘iga asosan Milliy gvardiyaga biriktirilgan poytaxtdagi 1-, 2- va 5-sonli avtobus saroylarida mavjud muammolar va ularning yechimlari ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.
Jumladan, 1-, 2- va 5-sonli avtobus saroylari xizmat ko‘rsatadigan Mirobod, Yashnobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor tumanlari va Chirchiq shahridagi jami 49 ta yo‘nalish faoliyati tahlil qilinib, jamoat transportining talab yuqori bo‘lgan, avtobuslar yetishmayotgan yo‘nalishlariga Milliy gvardiya tomonidan 25 ta avtobus ajratilib, ularning harakati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, 1-avtobus saroyiga tegishli 16 ta, 2-avtobus saroyiga tegishli 17 ta hamda 5-avtobus saroyiga tegishli 16 ta yo‘nalishda avtobuslarning harakatlanish oralig‘i hamda intervalga rioya qilinishi Milliy gvardiya nazoratiga olingan.
Milliy gvardiya qaramog‘iga berilgan avtosaroylarga ajratilgan qo‘shimcha avtobuslar hisobiga ilgari 25, 30 va 40 daqiqagacha interval bilan harakatlangan avtobuslarning oraliq vaqti 12 daqiqaga tushgan. Milliy gvardiya tomonidan yo‘nalishlarda avtobuslarni kutish 10 daqiqadan oshmasligini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.
“Ehtiyojni to‘liq qondirish uchun yana 300 taga yaqin avtobus zarur”
Prezident topshirig‘iga ko‘ra poytaxtdagi 4, 12-sonli avtobus saroylari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga biriktirilgan. Jamoat transporti harakatlanishini to‘g‘ri va samarali tashkil etish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJga tegishli avtosaroy va avtobus yo‘nalishlariga FVVdan 13 nafar xodim jalb etilgan.
Biriktirilgan mas’ul xodimlarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
- avtobuslarning texnik holatini doimiy nazorat qilish, bunda ertalabki va kechki texnik ko‘riklarni tashkil qilib borish;
- avtobus haydovchilarining kunlik ruhiy va tibbiy holati ko‘rikdan o‘tkazilishini nazorat qilish;
- avtobus haydovchilari bilan yo‘l harakati qoidalariga hamda kiyim-bosh kiyish tartibiga amal qilishi, avtobuslarni texnik sozligi, tozaligi va sanitariya gigiyenik holati bo‘yicha yo‘riqnomalar o‘tkazish, shuningdek, yo‘riqnomada konduktorlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj (imkoniyati cheklangan fuqarolar, keksalar va h.k.) yo‘lovchilarga muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma berish;
- avtosaroylarda xodimlarning ish tartibini qat’iy nazorat qilish maqsadida ertalabki yo‘riqnomalar o‘tkazish;
- qishki mavsumda avtobuslarning belgilangan yo‘nalishlarda uzluksiz qatnovini ta’minlash maqsadida avtobuslarning yoqilg‘i moylash mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlanishini tashkillashtirish;
- avtobuslarning qatnov jadvaliga (avtobus saroyidan chiqish va kirish vaqtlariga hamda oraliq masofasi “interval”ga va h.k.) qat’iy rioya qilishini nazorat qilish (JPS jihozlaridan foydalangan holda);
- avtobus saroylari qoshidagi “Harakat xavfsizligi” bo‘limlari bilan hamkorlikda faoliyatini tashkil qilish va nazorat olib borish.
Ta’kidlanishicha, mavjud 150 ta yo‘nalishning 37 tasi muammoli ekani aniqlangan. 150 ta yo‘nalish bo‘yicha 930 ta avtobus harakatlanmoqda, biroq ehtiyojni to‘liq qondirish uchun qo‘shimcha 300 taga yaqin avtobus zarurligi aniqlangan. Shu sababli “Samavto” zavodida ishlab chiqilgan yangi 100 ta “ISUZU” rusumli va “UZ TRUCK AND BUS MOTORS” korxonasidan 20 ta “MAN” rusumli katta hajmli avtobuslar olib kelingan.
FVV axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, poytaxtdagi avtosaroylarda haydovchilar shtat birligi 2130 ta bo‘lsa-da, shundan 15,8 foizi yoki 336 nafari jamlanmagan, bu esa yo‘lovchilarni tashish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 1 790 nafar haydovchining 5,2 foizi yoki 111 tasi 1 yilgacha stajga ega bo‘lib, 14 foizi yoki 300 tasi esa 55 yoshdan oshgan.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
19:07 / 12.11.2024
FVV avtomobili vazirlik binosiga kirishda qo‘pol qoidabuzarlik qildi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024