Jahon | 17:48 / 13.12.2023
22114
4 daqiqa o‘qiladi

Navalniy qayerda? Rossiya muxolifati yetakchisi qamoqxonadan «g‘oyib bo‘ldi»

Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan rus muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘zi oxirgi yillarda saqlanayotgan Vladimir oblastidagi qamoqxonadan g‘oyib bo‘lgan. Bu haqda siyosatchining jamoasi vakillari xabar bergan.

Vladimir Kondrashov / AP / Scanpix / LETA

11 dekabr kuni Aleksey Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish siyosatchi g‘oyib bo‘lganini aytdi. «Advokatga hozirgina qo‘ng‘iroq qilib mahbus Navalniy endi Meloxovadagi 6-jazoni ijro etish muassasasida saqlanmayotganini aytishdi. Uni qayerga olib ketishganini aytishni esa istashmadi», deb yozdi Yarmish.

2021 yil yanvar oyida Germaniyadan qaytishi bilan qo‘lga olingan Navalniyga nisbatan juda ko‘p jinoiy ish ochilgan. Shunday ishlardan biri haqida siyosatchi 1 dekabr kuni xabar bergandi. Avvalroq ekstremizmda ayblanib 19 yilga qamalgan Rossiya muxolifati yetakchisini navbatdagi ish doirasida vandalizmda ayblashmoqda.

Bu ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud majlisida Navalniy ishtirok etmagani uning tarafdorlarini xavotirga soldi. Keyinchalik siyosatchining advokatlariga ham u bilan ko‘rishish imkoni berilmagan. Shundan keyin Navalniy jamoasi vakillari siyosatchi g‘oyib bo‘lgani haqida gapira boshladi.

Odatda Kreml pozitsiyasini qo‘llovchi Baza telegram-kanali yozishicha, Navalniyni navbatdagi ish bo‘yicha tergov qilish uchun Moskvaga olib ketishgan. Baza manbasi qonunga ko‘ra Navalniyni qattiq rejimdagi koloniyaga o‘tkazishlari mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan.

Navalniy jamoasi yetakchilaridan bo‘lgan Ivan Jdanov siyosatchi haqidagi ishonchli ma’lumot uchun pul mukofoti va’da qildi.

«Sizga [Navalniy haqida] nimadir ma’lum bo‘lsa, bizga xabar qiling. Ishonchli va to‘liq ma’lumot uchun mukofot va’da qilamiz», deb yozdi u. Navalniy asos solgan va Rossiyada ekstremistik tashkilot deb topilgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi a’zolari Aleksey bilan bir haftadan buyon bog‘lana olishmayapti.

13 dekabrdagi sud majlisida ham Navalniy ishtirok etmadi. Sudya qamoqxona vakilidan uning qayerda ekani haqida ma’lumot so‘radi, lekin xodim talmovsirab qoldi va aniq javob bermadi. Navalniy qamalganidan buyon o‘z ustidan ochilgan ishlar bo‘yicha sudlarda qamoqxonadan turib videokonferensiya orqali onlayn ishtirok etayotgandi. Oxirgi majlisarda esa onlayn bo‘lsa ham qatnasha olmadi. Qamoqxona vakillari buni go‘yoki «koloniya hududidagi avariya» bilan bog‘lashdi.

Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovdan ham Navalniy qayerda ekani haqida so‘rashdi. Putinning matbuot kotibi esa Kremlda mahbuslar qayerdaligini kuzatish imkoni yo‘qligini aytdi. «Bizda mahbuslar taqdiri, ularning qayerda saqlanishi kabi jarayonlarni kuzatish istagi ham, imkoniyati ham yo‘q», degan Peskov bu haqda.

«Rusi sidyashchey» harakati asoschisi Olga Romanova esa siyosatchining taqdiri haqida qiziq taxminni ilgari surdi. «[Navalniy bilan bog‘liq] to‘rtta variant bor: Sibir yoki Zapolyarega yuborish, kasalxona, Moskvaga tergovga olib ketish va almashuv». Romanova Sibir yoki boshqa chekka joydagi qamoqxonaga yuborish ehtimoli yuqori ekanini qo‘shimcha qilgan. Ammo Navalniyni qaysidir davlat bilan mahbus almashuv jarayoniga jalb qilish haqida undan boshqa hech kim gapirmagan. Katta ehtimol bu haqiqatdan yiroq versiya.

Aleksey Navalniy 2021 yil 17 yanvar kuni Germaniyadan Rossiyaga qaytishi bilan qo‘lga olingandi. 2020 yil avgust oyida samolyotda ketayotganida zaharlangan muxolifatchi Germaniyadagi klinikada davolanib, keyin Moskvaga qaytgandi.

Qaytishidan biroz avval Navalniy o‘z faoliyati davomidagi eng shov-shuvli ko‘rsatuv – «Vladimir Putinning Gelenjikdagi saroyi haqida» jurnalistik surishtiruv e’lon qilgandi. YouTube platformasida 128 million marta tomosha qilingan ushbu ko‘rsatuv 3 yildan buyon qamoqda qolayotgan Navalniyning oxirgi surishtiruvi bo‘lib qoldi.

Mavzuga oid