Germaniya va yana 14 davlat qöşma bayonotda Rossiya muxolif siyosatçisi Aleksey Navalniy ölimi holatlari “sönggi ma’lumotlar nuqtai nazaridan” “sinçkov va şaffof tergov qilinişi”ga yana bir bor çaqirdi. Duşanba kuni, 16 fevralda — Navalniy RF şimolidagi koloniyada halok bölganiga ikki yil tölgan kunda ular muxolifatçi siyosatçining oila a’zolariga ta’ziya bildirdi va uning ölimi uçun javobgarlik “faqat Rossiya hokimiyati zimmasida” ekanini ta’kidladi.

Hujjat mualliflari Yevropa inson huquqlari sudi qarorini eslatib, Rossiya Navalniyning qamoqda “insoniylikdan yiroq va qadr-qimmatni tahqirlovçi munosabat”ga duçor etilgani, şuningdek uning murojaatlariga tegişli tarzda javob qaytarilmagani uçun ham javobgar ekanini bildirgan.

Muxolifatçi siyosatçining ölimiga ikki yil tölişi arafasida Buyuk Britaniya, Şvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya Aleksey Navalniy “katta ehtimol bilan” epibatidin bilan zaharlaniş oqibatida halok bölganini ma’lum qildi. Epibatidin — Ekvadordagi daraxtbaka terisidan olinadigan kamyob toksin. Bu xulosaga uşbu davlatlar ekspertlari bir-biridan mustaqil ravişda kelgan: ular Navalniyning biologik namunalarini tahlil qilgan. Naşr yozişiça, siyosatçi vafot etganidan keyin uning qarindoşlari bu namunalarni Yevropaga olib çiqişga muvaffaq bölgan.

Kremlda Rossiya hokimiyati Navalniyni zaharlagani haqidagi ayblovlar “ğarazli va heç qanday asosga ega emas” deb ataldi. “Biz ularni qat’iy rad etamiz”, — dedi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

15 davlat bayonotida Rossiyada inson huquqlari bilan boğliq vaziyat yomonlaşayotgani, xususan huquq himoyaçilari, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillariga qarşi repressiyalar kuçaygani yuzasidan jiddiy taşviş ham bildirilgan. Hozirda RFda siyosiy sabablar bilan 1700 nafardan ortiq odam uşlab turilgani qayd etilgan — hujjat mualliflari bu borada “OVD-Info” huquq himoya loyihasi ma’lumotlariga tayanadi. Şuningdek, uşlanganlar orasida ukrain siyosiy mahbuslari ham borligi aytiladi: ularning köpçiligi RFning Ukrainaga noqonuniy bostirib kirişiga qarşi çiqqani uçun Rossiya asiriga aylangan.

“Rossiyadagi içki repressiyalar unga taşqi agressiyani amalga oşiriş imkonini beradi. Bizning pozitsiyamiz qat’iy: Rossiya hokimiyati barça xalqaro majburiyatlarini töliq bajarişi va barça siyosiy mahbuslarni ozod qilişi şart”, — deyiladi Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Çexiya, Daniya, Kanada, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Şvetsiya, Yangi Zelandiya, Polşa, Finlandiya va Estoniya imzolagan bayonotda.