O‘zbekiston | 17:25 / 15.09.2022
9925
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert yangi temiryo‘l haqida: Xitoyning qarashlari o‘zgarayotgani bu loyiha ahamiyatini oshiradi

Samarqandda o‘tkazilayotgan ShHT sammiti doirasida juda muhim bitim – “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temiryo‘li qurilishi to‘g‘risidagi uch tomonlama hujjat imzolandi. Ko‘pdan beri diqqat markazida bo‘lib turgan loyihaning ahamiyati to‘g‘risida sammit ekspertlaridan biri, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Rustam Mahmudov bilan suhbatlashdik.

Foto: 24.kg

– Rustam Bahodirovich, “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temiryo‘li qurilishi to‘g‘risida ko‘pdan beri gapiriladi, biroq shu paytga qadar jiddiy qadamlar ko‘zga tashlanmagandi. Aynan ShHT doirasida qat’iy qadam qo‘yilishiga nima turtki bo‘ldi?

– Avvalambor siyosiy iroda, davlatlar rahbarlarining qat’iyati va o‘zaro hamkorlikning jiddiyligi. Loyihaning tezkor tatbiq etilmagani yoki bugun unga jiddiy qaralayotganiga boshqa sabablar ham bor. Bir necha yil avval Xitoyning asosiy iqtisodiy vektori yirik davlatlarga qaratilgandi. So‘nggi yillarda bu davlatning g‘arb bilan, xususan AQSh bilan munosabatlaridagi murakkabliklar hatto savdo urushi darajasiga chiqib ketdi. Bu albatta yo‘nalishlar o‘zgarishiga sabab bo‘ladi, ya’ni Xitoyning qarashlari o‘zgarayotgani loyiha ahamiyatini keskin oshirdi.

Albatta, hozir ham Xitoyning yirik davlatlar bilan savdo hajmi juda ulkan. Umuman, Xitoy dunyoning eng yirik eksportyori va barcha davlatlar bilan aloqalardan manfaatdor. Savolga qaytadigan bo‘lsak bu loyiha Xitoy uchun jadal rivojlanayotgan, aholisi ko‘payib borayotgan Markaziy Osiyo hududi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Loyihani faqat Xitoy uchun manfaatli deb tushunmaslik lozim, u barcha uchun, hatto aloqador bo‘lmagan davlat uchun ham foydali. O‘zbekiston eksporti muttasil oshib bormoqda, Xitoydek yirik davlat bozoriga yagona transport tizimi orqali tezkor va arzon kirib borish juda muhim.

– Loyihadagi uchinchi tomon – Qirg‘izistonning o‘rni haqida nimalarni ayta olasiz?

– Yuqorida aytganimdek “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temiryo‘li degan jumlaning o‘ziyoq barcha birdek manfaatdorligini anglatadi. Qirg‘iziston o‘z hududidan koridor berishi yo‘l atrofidagi hududlar rivojiga ta’sir qiladi, qurilish davrida va undan keyin ish o‘rinlari yaratiladi, savdo-sotiq rivojlanadi.

Bandan tashqari Qirg‘iziston ham sanoatini faol diversifikatsiya qilyapti. Qo‘shnilarimizda ham to‘qimachilik, turizm kabi sohalar rivojlanyapti, eksport hajmi oshyapti. Shunday ekan, hujjatda o‘z imzolarini aks ettirgan hamma tomonlarning xursandchiligiga to‘la asos bor.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid