Jahon | 12:20 / 04.06.2026
2777
5 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston ilk marta BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga saylandi. O‘zbekiston qardosh xalqni tabrikladi

BMT Bosh Assambleyasi - Avstriya, Qirg‘iziston, Portugaliya, Trinidad va Tobago hamda Zimbabveni ikki yillik muddatga Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan tarkibiga sayladi. O‘z tarixida ilk marta BMT oliy organiga saylangan Qirg‘iziston delegatsiyasi 2027 yildan Kengashda ish boshlaydi.

3 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Avstriya, Qirg‘iziston, Portugaliya, Trinidad va Tobago hamda Zimbabveni 2 yillik muddatga Xavfsizlik Kengashining 15 ta a’zolik tarkibiga sayladi. Ular Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolari bo‘ladi va 2027 yil 1 yanvardan ish boshlaydi.

Ushbu o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish uchun faol harakat qilgan Germaniya «G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhi»ga ajratilgan ikkita o‘rin uchun kurashda Portugaliya va Avstriyaga yutqazdi.

2026-06-04 12.21.45
Foto: Reuters

Reuters’ning yozishicha, Osiyo-Tinch okeani guruhi kvotasi uchun Filippin va Qirg‘iziston o‘rtasidagi bellashuv esa to‘rt bosqichli ovoz berishgacha davom etdi. Yakunda Qirg‘iziston 142 ovoz bilan o‘z tarixida ilk bor Xavfsizlik Kengashi a’zoligini ta’minladi.

Yangi saylangan 5 davlat quyidagi mamlakatlarning o‘rnini egallaydi:

  • Zimbabve – Somali o‘rniga;

  • Trinidad va Tobago – Panama o‘rniga;

  • Portugaliya va Avstriya – Daniya va Gretsiya o‘rniga;

  • Qirg‘iziston – Pokiston o‘rniga.

Yana 5 ta a’zo davlatlar — Bahrayn, Kolumbiya, Kongo, Latviya va Liberiya 2027 yil oxirigacha Kengashdagi faoliyatini davom ettiradi.

Qirg‘iziston qanday takliflarni ilgari surmoqda?

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi ushbu g‘alabani xalqaro hamjamiyatning yuksak ishonchi, shuningdek, BMT davlatlari oldida ulkan mas’uliyat, deb bilishini ma’lum qildi.

BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zoligi davrida Qirg‘iziston quyidagi maqsadlarga qaratilgan ustuvor vazifalarni ilgari surmoqchi:

  • Xalqaro tinchlik: Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, nizolarning oldini olish hamda preventiv (oldini oluvchi) diplomatiyani rivojlantirish;

  • Muzokaralar: Nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlash;

  • Siyosiy tenglik: Xalqaro tizimda kichik va rivojlanayotgan davlatlarning rolini oshirish;

  • Ekologik xavfsizlik: Global xavfsizlik kontekstida iqlim, suv, tog‘ va ekologik muammolar, tahdidlarni hisobga olish.

2026-06-04 12.22.34
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jyeyenbek Kulubayev

Shuningdek, Qirg‘iziston Filippinga saylov kampaniyasida munosib ishtirok etgani hamda o‘zaro hurmat va konstruktiv raqobat uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Xavfsizlik Kengashi va Markaziy Osiyo

Xavfsizlik Kengashi – BMTning sanksiyalar joriy etish va kuch ishlatishga ruxsat berish kabi qonuniy, majburiy qarorlar qabul qila oladigan yagona organidir. Uning tarkibida veto huquqiga ega beshta doimiy a’zo mavjud: Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va AQSh.

Qolgan 10 ta a’zo esa saylanadi, har yili ularning beshtasi yangilab boriladi. O‘rinlar qit’alar va hududlar bo‘yicha taqsimlanadi.

2026-06-04 12.27.46

Markaziy Osiyo mintaqasidan shu paytga qadar faqat Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolari qatoriga kirgan. Xususan, qo‘shnilarimiz 2017–2018 yillarda Markaziy Osiyodan ushbu nufuzli organga saylangan ilk davlat bo‘lgan.

Qozog‘iston o‘z muddatida yadro xavfsizligi, mintaqaviy hamkorlik va Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hozirgacha BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga doimiy bo‘lmagan a’zo sifatida kiritilmagan.

O‘zbekiston qo‘shnisini tabrikladi

4 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qilib, qo‘shnilarimizni tabrikladi.

«Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti va qardosh xalqini mamlakatning 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi», deyiladi xabarda.

b2282e8e-b8ff-1de9-4110-2e99adf8e341_lists_35001

O‘zbekiston yetakchisi mazkur muvaffaqiyat Qirg‘izistonning faol tashqi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, tomonlar xalqaro maydonda yaqindan muvofiqlashtiruv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid