O‘zbekiston | 23:30 / 20.03.2018
26191
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda O‘zbekiston tarixida ilk bor eng ko‘p miqdorda sumalak tayyorlanadi

Namangan viloyati, Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘ida 2018 yil 21 mart kuni “Navro‘z” umumxalq bayrami bo‘lib o‘tadi. 

O‘zbekistonning turli go‘shalarida Navro‘z bayramini nishonlash, bu bayramni mamlakatning barcha go‘shalarida kutib olish uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Namangan shahrida ham ushbu bayramni o‘zgacha ruhda, har yilgiga o‘xshamagan ko‘rinishda o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda mamlakat tarixidagi eng ko‘p miqdordagi sumalak taomi tayyorlanadi. Tayyorlanishi rejalashtirilayotgan sumalak uchun maxsus qozon olib kelindi. Qozon sig‘im hajmi 5 tonna. Qozon 16 mart kuni Namangan shahriga olib kelingan. Sumalak uchun 1.5 tonna bug‘doy, 2 tonna un, 1 tonna yog‘, 200 kg tosh, solinishi mo‘ljallangan. 

Bug‘doy ivitish marosimi 17 mart kuni boshlangan. Bu esa uning yaxshi tayyor bo‘lishini, sumalak mazali chiqishiga sabab bo‘ladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 10 ming dona maxsus idish hozirlangan bo‘lib, bu idishlardagi sumalaklar, avvalo, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga, bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga, nuroniylar uyiga va yakka-yolg‘iz yashovchi fuqarolarga tarqatiladi.  

Bundan tashqari, bayramda dor o‘yinlari, masqarabozlar ko‘rinishlari,  konsert dasturi hamda “Do‘ppidek osh” festivali, “Tandir taomlari” shousi
“Varraklar musobaqasi”, Spotchilar chiqishlari kabi tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid