O‘zbekiston | 23:14 / 06.06.2024
8812
25 daqiqa o‘qiladi

Viza olishdagi muammolar va mehnat migratsiyasi bo‘yicha aslida bo‘lmagan «kelishuv» – Kanada elchisi bilan suhbat 

Elchi Alan Hemson O‘zbekiston fuqarolarini Kanadaga ishga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirib o‘tdi. 

Kun.uz Kanadaning Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchisi Alan Hemson bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, ta’lim, mintaqa xavfsizligiga oid kelishuvlar, Kanadaga mehnat migratsiyasi, viza olishdagi muammolar, O‘zbekistonda Kanada elchixonasi, konsulligi yoki viza markazini ochish bilan bog‘liq rejalar kelajagi muhokama qilindi. 

— Janob elchi, sizni bu yerda ko‘rib turganimizdan mamnunmiz, vaqt topib kelganingiz uchun rahmat. Siz Kanadaning Markaziy Osiyodagi besh davlatiga elchilik qilasiz. Aytingchi, bir vaqtning o‘zida shunday katta hududdagi bir necha davlatga elchi bo‘lish qiyinchilik tug‘dirmaydimi? 

— To‘g‘ri aytasiz. Biz Qozog‘istonning Ostona shahridagi elchixonadan turib Markaziy Osiyoning besh davlati bilan aloqalarni rivojlantirishga mas’ulmiz. Buning albatta o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, shuning uchun doim shoshib yuramiz. Mintaqa tez sur’atlarda o‘zgarib, o‘sib, rivojlanib boryapti. Bizning jamoa tirishqoq bo‘lishiga qaramay ancha kichik. Shu sabab ko‘pincha turli masalalarni hal etishda biroz kechikishlar bo‘lishi mumkin. Ming afsuski, bir vaqtning o‘zida ikkita joyda bo‘la olmaymiz. Lekin muhim tadbirlarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilamiz. Masalan, yaqinda O‘zbekistonda «Katta yettilik» davlatlari elchilari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va men ham unda qatnashish uchun bu yerga yetib keldim. 

Agar bir joydan boshqa joyga ko‘z ochib yumguncha yetib olish qobiliyatim bo‘lganda yoki menga zarur paytda shay turadigan vertolyot taqdim etilganda ishlarim ancha oson kechardi, albatta. Lekin nima ham derdim, ish tartibimiz shunday. 

— O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p davlati bo‘lishiga qaramay, Kanadaning bu yerda elchixonasi yo‘q. Buning biror muayyan sababi bormi? 

— Bu yerda elchixona ochishimizga to‘sqinlik qiladigan hech qanday sabab yo‘q aslida. Agar imkoni bo‘lsa mintaqaning besh davlatida elchixona ochgan bo‘lardik. Chunki ularning barchasi bilan aloqalarimiz yaxshi va biz bundan mamnunmiz. 

Aytganingizdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p davlat va mamlakatingizning iqtisodi jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Shunday ekan, biz O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz, albatta. Kanadaning O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalari oldin Moskvadagi elchixona orqali amalga oshirilgan, shu yildan bu jarayon Ostonaga ko‘chirildi. Shuning o‘zi ham katta yutuq, menimcha. Chunki masofa jihatidan ancha yaqinlashdik. 

Elchixonani aynan Qozog‘istonda ochganimizga to‘xtaladigan bo‘lsam, bizning ushbu davlat bilan savdo hajmimiz ancha yuqori. O‘zbekiston bilan ham savdo munosabatlari asta-sekin o‘sib bormoqda va fikrimcha bu tendensiya hali davom etadi. 

Men ham yaqin kelajakda Toshkentda Kanada elchixonasi ochilishini xohlagan bo‘lardim, lekin hozircha mintaqada faoliyat boshlaganimizning o‘zi ham bizni quvontiradi. Bu O‘zbekiston bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlashga imkon beradi. 

— O‘zbekiston fuqarolari Kanada vizasiga hujjat topshirish jarayonida biometrik ma’lumotlarini tizimga kiritish uchun Olmaotaga borishga majbur. Shu jarayonni O‘zbekistonda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish rejasi bormi? 

— Chindan ham bu ikki o‘rtadagi asosiy masalalardan biri. O‘zbekistonda viza markazi yo‘qligi Kanadaga borishni xohlovchilar uchun muammo tug‘dirishini bilaman. Shu o‘rinda muhim bir jihatni aytib o‘tmoqchiman. Ayrim davlatlardan farqli ravishda bizda viza masalalarini konsullik emas, balki alohida vazirlik, ya’ni Fuqarolik va immigratsiya vazirligi ko‘rib chiqadi. Konsullikning vazifasi esa Kanada fuqarolariga yordam berish, ularning pasportlarni yangilash, farzandli bo‘lsa tug‘ilganlik haqida guvohnoma berish kabilardan iborat. 

Viza so‘rovlariga mas’ul vazirligimizning Varshava va Moskvada vakolatxonalari bor, lekin Markaziy Osiyoda hozircha yo‘q. Bu esa o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan bo‘lishi tabiiy. 

Vizaga hujjat topshirayotganlar bu ishni onlayn amalga oshirishi mumkin, biroq ma’lum bosqichda, aytganingizdek, biometrik ma’lumotlarini, masalan, barmoq izlarini tizimga kiritish uchun ular maxsus jihozlangan va shunday imkoniyatga ega bo‘lgan markazlarga borishi talab etiladi. Bunday markazlarning O‘zbekistonga yaqinrog‘i hozirda Olmaota, Ostona yoki Istanbul shaharlarida bor. 

Bu markazlar xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil etiladi va Kanada hukumati ular bilan o‘zaro kelishuv asosida ishlaydi. Ular bilan shartnoma uzoq muddatga, ya’ni bir necha yilga tuziladi. Hozircha bu kabi viza markazini Toshekntda ochish rejasi yo‘q, lekin umid qilamanki, kelajakda bu masalaga e’tibor qaratiladi va balki ijobiy o‘zgarishlar ham bo‘lar. 

Ochig‘i, aynan shu muammo so‘nggi paytlarda ko‘p ko‘tarilyapti. Odamlar bu haqda takror-takror so‘raydi. Ular o‘qish uchun, sayohat, biznes va hatto Kanadaga ko‘chib borib joylashish uchun vizaga hujjat topshirishayotganini aytishadi. Toshkentda viza markazi yo‘qligi esa ular uchun noqulaylik keltirib chiqaradi. Bundan yaxshi xabardormiz va bu masalani atroflicha o‘rganyapmiz. Hozircha hech qanday kelishuvlar yo‘q, bir to‘xtamga kelinmadi, lekin barchasini vaqt ko‘rsatadi. 

— Kanadaga ko‘chib borib joylashish ishtiyoqida bo‘lganlar soni ortib bormoqda. Ular uchun qandaydir maxsus dasturlar bormi? Shu kabi rejasi borlar uchun ketish oldidan yoki borib joylashganidan keyin qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz? 

— Juda muhim masalani ko‘tardingiz. Elchilik vazifasiga tayinlanib, yanvar oyida ishonch yorlig‘ini topshirish uchun Toshkentga kelganimda hukumat vakillari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbariyati bilan uchrashganman. Ushrashuvda ko‘plab masalalar muhokama qilingan. Biroq oradan biroz vaqt o‘tib, adashmasam mart yoki aprel oylarida, O‘zbekiston fuqarolarini Kanadaga ishga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi degan xabarlar tarqaldi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hozircha ikki o‘rtada bu masalada hech qanday kelishuv yo‘q. 

Hukumatning yangi hamkorlar qidirayotgani, iqtisodiy va demografik masalalarni hal etishga urinayotganini albatta tushunaman. Xorijda o‘z ish o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbekistonliklar ikki davlat iqtisodiyotiga ham foyda keltirishini, tajriba orttirishini ham yaxshi bilaman. Lekin aytib o‘tganimdek, ayni damda bu borada kelishuv yo‘q. 

Bunday xabarlar tarqalishiga asosiy sabab menimcha odamlar orasidagi katta qiziqish bo‘lsa kerak. Oldin kimdir shu kabi xabarni tarqatadi, keyin u og‘izdan og‘izga ko‘chib hamma buni haqiqat deb qabul qila boshlaydi. 

Men saytingiz kuzatuvchilaridan asossiz ma’lumotlarga ishonmaslikni so‘rab qolgan bo‘lardim. Agarda bu haqda qandaydir yangilik bo‘lsa va kelishuvga erishilsa, biz albatta buni rasmiy saytimizda va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda e’lon qilamiz. 

Bundan tashqari yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tmoqchiman. So‘nggi paytlarda viza xizmatlari taklif etuvchi turli firmalarga murojaat qilib, yakunda aldanib qolayotganlar soni ortib bormoqda. Hozircha O‘zbekistonda bunday holatni kuzatmagan bo‘lsak ham mintaqaning boshqa davlatlarida guvohi bo‘ldik. Shuning uchun odamlardan bunday vaziyatlarda ehtiyorkor bo‘lishni, birovga pul berayotganda buni tasdiqlatib olishni so‘ragan bo‘lardim. Agar kimdir viza olishingizni 100 foiz kafolatlayman desa, u aniq yolg‘on gapirayotgan bo‘ladi. Maqsadi faqat pul undirish, xolos. Shunday ekan, o‘zingiz ishongan, xizmatlari sifatli firmalargagina murojaat qiling. Bunday firmalar ko‘p. Ularni qanday tanlash har kimning o‘ziga bog‘liq. Agar firma xizmatidan foydalanishni xohlamasangiz, ariza shaklini o‘zingiz to‘ldirishingiz, hujjatlarni ham o‘zingiz topshirishingiz mumkin. 

Aslida biror firma orqali hujjat topshirish arizachining viza olish imkoniyatlarini oshirmaydi. Hammaning arizasi bir xil asosda va tartibda ko‘rib chiqiladi. Muhimi zarur hujjatlar bo‘lishi va to‘g‘ri to‘ldirilishi. 

— Ayrim sayohat agentliklari va viza xizmatini ko‘rsatuvchi firmalar Kanadaga borish istagida bo‘lganlarga sayohat vizasi uchun hujjat topshirib, u yerga yetib olgandan keyin ishchi vizaga almashtirib olish imkoni borligini aytishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri? 

— To‘g‘risini aytsam, viza masalalari bo‘yicha mutaxassis emasman. Aytib o‘tganimdek, viza so‘rovlari bizda alohida vazirlik nazoratida, Tashqi ishlar vazirligi tasarrufida emas. Shuning uchun savolingizga aniq javob berishim qiyin. Lekin shuni aytishim mumkinki, Kanadaga borish uchun bir qancha viza turlari bor; ish uchun, immigrant sifatida va boshqalar. Arizachi o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, o‘ziga kerakli vizaga topshiradi. Garchi bizning O‘zbekiston hukumati bilan ishchilarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvimiz bo‘lmasa-da, ariza topshiruvchilar soni ortib bormoqda. 

Mening ularga tavsiyam, hujjat topshirayotganda doimo rostgo‘y bo‘ling va ma’lumotlarni to‘liq kiriting. Agar kimdir sayohat uchun ketyapman desa-yu, maqsadi ish vizasiga o‘zgartirish bo‘lsa, katta ehtimol bilan buni viza arizalarini ko‘rib chiquvchi xodim darhol payqaydi va unga viza berishni rad qiladi. Shunday ekan, nima maqsadda ketayotgan bo‘lsangiz, shu bo‘yicha hujjat topshirishingiz bu eng to‘g‘ri yo‘l. 

— Kanada turli sohalarda iqtidorli kadrlarni jalb qilish dasturlari bilan mashhur. Hozirda aynan qaysi soha mutaxassislariga talab yuqori? 

— Kanadaga ishchilarni jalb qilish dasturi butun dunyo bo‘ylab amalga oshiriladi va u yerda nafaqat biror sohada mutaxassis bo‘lganlarga, balki oddiy ishchilarga ham ehtiyoj bor. Iqtisodiyotimiz yildan yilga o‘sib bormoqda, lekin demografik vaziyat havas qilarlik emas, ya’ni tug‘ilish darajasi past. Shunday ekan, dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan ishchi kuchiga talab bo‘lishi tabiiy. Biroq shu o‘rinda yana qayta aytib o‘taman, bizning hozircha O‘zbekiston bilan ishchilarni jalb qilish bo‘yicha hech qanday kelishuvimiz yo‘q. 

— O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va bu hamkorlikning istiqbollari qanday? 

— O‘zbekiston bilan bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, aloqalarimiz tobora rivojlanmoqda va men bundan mamnunman. Bu yerga ilk bor 2011 yilda, sayyoh sifatida kelgandim. Shundan beri ko‘p marta tashrif buyurish nasib qildi. Davlatingiz juda chiroyli, odamlari ochiqko‘ngil, ovqatlariga esa gap bo‘lishi mumkin emas. Hozir shu intervyudan keyin ham aeroportga ketishda biror yerda to‘xtab oshxo‘rlik qilmoqchiman. Bu yerni juda yaxshi ko‘raman. 

Hukumatingiz bilan ko‘p yillardan beri, xususan, Moskvadagi elchixona orqali aloqa qilgan paytlarimizda ham munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan. Mintaqaviy masalalar, xavfsizlik, atrof-muhit muhofazasi va albatta biznes hamkorlik yuzasidan ko‘plab uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Hozirda yillik savdo aylanmamiz 100 million dollar atrofida. Bu uncha katta raqam bo‘lmasligi mumkin, lekin asta o‘sib boryapti. O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti hajmi 80 milliard dollardan oshadi, bizniki ham ancha yuqori. Biz dunyodagi yetakchi iqtisodiyotlardan hisoblanamiz. Ishonamanki, savdo hamkorligimizni yanada rivojlantirish imkoni bor. 

Ayni damda konchilik va minerallar qazib olish sohasida katta ishlar amalga oshirilyapti. O‘zbekiston an’anaviy metallar va turli kamyob rudalarga boy mamlakat va aynan shu jihatdan Kanadaning ayrim firmalarini jalb qilmoqda. Misol uchun, yaqinda Kanada energetika kompaniyalaridan biri Condor Energies «O‘zbekneftegaz» bilan hamkorlikda sakkizta tabiiy gaz kondensat konlarini ta’mirlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ular eski konlarni ta’mirlab, ulardan foydalanish imkonini oshirishni maqsad qilgan. O‘ylaymanki, kelajakda energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularni ishlab chiqarish uchun kerak bo‘ladigan texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha yana ko‘plab hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yo‘nalishida ham ko‘p ishlar qilish mumkin. Kanadaning atrof-muhitga deyarli zarar yetkazmasdan, suvni tejab, kam xarajat evaziga katta foyda olish va samaradorlikni oshirish tajribasi butun dunyo bo‘yicha qadrlanadi va yuqori o‘rinlarda turadi. Bu ayniqsa suv tanqisligi xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mintaqa davlatlari uchun juda muhim. 

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni ham alohida e’tirof etish mumkin. Kanada talabalarga sifatli oliy ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi va butun dunyodan keladigan yoshlar uchun doim ochiq. Shunday ekan, biz Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari qatori O‘zbekiston yoshlariga ham Kanadada o‘qish haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya qilgan bo‘lardik. 

So‘nggi paytlarda ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlik qilyapmiz. Ayollar aholining va shu jihatdan iqtisodiyotning yarmi degani. Ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi davlatning jadal rivojlanishiga hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman.

Yuqorida sanab o‘tganlarimning bari savdo, iqtisodiyotga aloqador hamkorliklardir. Bulardan tashqari, biz hukumatlar darajasida ham turli yo‘nalishlarda muloqotlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Masalan, Afg‘oniston bo‘yicha. Afg‘oniston O‘zbekistonga qo‘shni hudud. Biz u yerda uzoq yillar mobaynida ish olib bordik, lekin harakatlarimiz biz kutgan natijani bermadi. Endilikda butun dunyo davlatlari birgalikda afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash, mintaqada va xalqaro maydonda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha jips harakat qilishlari lozim. O‘zbekiston bilan bu masalada yuqori darajadagi davralarda hamkorlik qilayotganimizdan xursandman. 

Shu o‘rinda Ukrainadagi mojaroni ham eslab o‘tish o‘rinli bo‘ladi. U yerdagi holatni ko‘rish biz uchun og‘riqli, albatta. Markaziy Osiyo davlatlari ushbu vaziyatda Ukrainaning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi hamda BMT Nizomini qo‘llayotgani quvonarli hol. Aslida ham eng to‘g‘ri yo‘l shu. Tinchlikka erishish uchun tajovuzkor kayfiyatdan voz kechish juda muhim. 

Mintaqa mamlakatlari hamkorlar bilan ishlashda muvozanatni saqlayotgani, an’anaviy hamkorlar bilan bir qatorda G‘arb davlatlari bilan ham yaxshi kelishayotgani tahsinga sazovor. 

Qo‘shimcha sifatida ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik masalasiga ham to‘xtalmoqchiman. Bu borada so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘p ishlar amalga oshirildi va yutuqlarga erishildi. Biz Qozog‘istonda ushbu yo‘nalishda ayrim loyihalarni ishga tushirdik. Umid qilamanki, bu loyihalarni O‘zbekistonda ham tatbiq qilish imkoni bo‘ladi. 

Iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida hamkorlik qilish ham ustuvor vazifalardan. Yildan yilga kutilmagan tabiat hodisalari soni ortib bormoqda. Ayrim joylarda qurg‘oqchilik, ayrim joylarda esa suv toshqinlari kuzatilyapti. Bu kabi muammolarga birgalikda yechim topish zarur. Havoga chiqarilayotgan zaharli moddalarni kamaytirish, transchegaraviy suv manbalaridan oqilona foydalanish hamkorlikning muhim tarkibiy qismlaridan, deb ishonaman. Hozircha O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida bu borada aniq bir dastur ishlab chiqilmagan, lekin yaqin kelajakda imkoniyatlar o‘rganib chiqilsa foydadan xoli bo‘lmaydi. 

— AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun C5+1 formatini yo‘lga qo‘ydi. Kanada ham shu kabi muloqot shaklini rejalashtirganmi? 

— Chindan ham so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan C5+1 formatida hamkorlik qilish urfga aylanmoqda. Ko‘plab xorijiy mamlakatlar mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, hukumat va hatto davlat rahbarlari bilan ushbu ko‘rinishda muloqotlar tashkil etishyapti. Bu albatta yaxshi, biroq ayni damda bizning maqsadimiz bu yerdagi har bir davlat bilan o‘zaro ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, turli yuqori darajadagi tashriflarni tashkil etishdan iborat. Balki ma’lum bosqichga yetganda biz ham C5+1 formatini yo‘lga qo‘yarmiz, lekin bunga vaqt kerak. Agar ungacha butun mintaqaga aloqador masalalar ko‘tarilsa, biz uni albatta kengaytirilgan shakldagi yig‘ilishlarda ko‘rib chiqamiz. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish mumkinki, elchixonamizning hozirdagi faoliyati C5+1 formatining kichik namunasi aslida. Chunki endilikda biz bir elchixona orqali Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan muloqot qilyapmiz. Ilgarilari O‘zbekiston bilan aloqalar Moskvadagi elchixona orqali, Turkmaniston bilan munosabatlar esa Anqara orqali amalga oshirilardi. Shunday ekan, bu ham bir yutuq, menimcha. Mintaqa davlatlarining barchasi bilan hamkorlik aloqalarimiz mustahkam va do‘stona. O‘ylaymanki, ikki o‘rtada hali ko‘p istiqbolli loyihalar bor. 

— O‘zbekiston va Kanada ta’lim hamda madaniyat sohalarida hamkorlikka egami? Bu aloqalar rivojiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? 

— Hozirda o‘zbek talabalari orasida Kanadada o‘qishga qiziqish katta. Garchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik hali boshlang‘ich bosqichda bo‘lsa-da, ayrim kelishuvlar bor. Masalan, Janubiy Alberta texnologiya instituti turli bosqich talabalari uchun treninglar tashkil qiladi, oliy ta’limda o‘qiydiganlar uchun esa kasbga yo‘naltirish dasturlarini B2B asosda amalga oshiradi. Biz bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Ayni damda Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi bilan u yerda Kanada universitetini tashkil qilish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. O‘zbekiston bilan esa hozircha bunday muhokamalar yo‘q, hamkorlik endi, sekin-asta yo‘lga qo‘yilyapti. 

Madaniy aloqalarga kelsak, ochig‘i, loyihalar unchalik ko‘p emas. Faqat har yili mart-aprel oylarida Frankofoniya tadbiri o‘tkazib turiladi. Tadbir kunlarida Kanada filmlari taqdim etiladi. Bu yilgi tadbirda ham ikkita film namoyish etildi, men ham o‘sha kunlari Toshkentda edim va taqdimotda ishtirok etdim. Aslida, bu kabi loyihalarni doimiy bo‘lishi tarafdoriman, lekin bu vaqt va mablag‘ masalasiga borib taqaladi. O‘zbekiston madaniyati boy va ayrim jihatlari Kanada urf-odatlariga o‘xshab ketadi. Shunday ekan, men ular haqida ko‘proq bilishni xohlagan bo‘lardim. 

Kanada Markaziy Osiyo mintaqasidagi rivojlanish dasturlari va ijtimoiy loyihalarga qanday hissa qo‘shadi? Bu bo‘yicha belgilangan rejalar bormi? 

— Amalga oshirilayotgan bir qancha loyihalar bor, albatta. Masalan, o‘tgan hafta men Kanadaning Immigratsiya vazirligi xodimlari bilan Termiz shahriga bordim. U yerda biz Xalqaro migratsiya agentligi vakillari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan va ko‘p yillardan beri davom etayotgan 50 million dollarlik loyiha tadbirlarida ishtirok etdik. Loyihaning maqsadi – Afg‘onistondan ko‘chib o‘tgan ayrim migrantlar Kanadaga borib joylashishida ko‘maklashish va O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Tojikistonda qolganlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Mintaqa davlatlari ularni qabul qilish orqali bir muncha xarajat qilayotganini bilamiz va biz shu xarajatlarning ma’lum qismini qoplashda hissa qo‘shishni istaymiz. Bu jarayon Xalqaro migratsiya agentligi orqali amalga oshiriladi. 

Bizning O‘zbekiston bilan xavfsizlikka oid ikkita hamkorlik dasturimiz ham bor. Ulardan biri qurol savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha 1,8 million dollarlik loyiha bo‘lib, u BMTning mas’ul agentligi ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan. 

Ikkinchisi, Kanada tomonidan moliyalashtirilayotgan, biroq AQSh Energetika vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan 5 million dollarlik loyiha. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad yadro va radioaktiv moddalar kontrabandasini aniqlash hamda oldini olishdan iborat. Biz O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi mas’ul idoralarni maxsus jihozlar bilan ta’minlab, ular uchun mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. 

Bizning yadro xavfsizligiga oid boshqa dasturimiz ham bor. U Qozog‘istonda sovet ittifoqi davridan qolgan yadro inshootlari xavfsizligini ta’minlash va yadro materiallari tarqalishining oldini olishni nazarda tutadi. 

Bundan tashqari, kichik hajmdagi loyihalarni amalga oshirish uchun Kanada fondi degan loyihamiz bor. Unga yiliga mintaqa bo‘ylab taxminan 560 ming dollar yo‘naltiriladi va bu mablag‘ asosan yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy rivojlanish va gender tenglikni ta’minlash dasturlari uchun sarflanadi. 2015 yildan beri aynan shu loyiha doirasida O‘zbekistonga 1 million dollar atrofida mablag‘ ajratilgan va bu miqdor oshirilishi kutilmoqda. 

YuNICeF orqali bolalarni Covid-19’ ga qarshi emlash dasturiga ham mablag‘ ajratgandik. Bu ham fikrimcha eng muhim loyihalardan bo‘ldi. 

— Janob elchi, vaqt ajratib kelganingiz uchun rahmat. Suhbat yakunida Kanada bilan aloqalar yanada mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlovchilarga aytar so‘zlaringiz bo‘lsa marhamat. 

— Ishonamanki, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar kelajagi porloq. O‘zbekiston bilan hamkorlik mustahkamlanishidan mamnunmiz. Davlatingiz bilan diplomatik munosabatlarimiz 1992 yildan beri davom etib kelmoqda va endilikda Ostonadagi elchixona orqali muloqot qilayotganimiz bizni yanada yaqinlashtiradi. Bizga ko‘rsatilayotgan ko‘mak, hukumatning qo‘llab-quvvatlovi va xalqingizning do‘stona munosabati uchun rahmat.

Mavzuga oid