Jamiyat | 19:16 / 20.02.2021
3580
2 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi: Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni jarrohlik amaliyoti bilan davolash boshlandi

Aksiya doirasida ixtisoslashgan maktab-internatlarning 478 nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchisida jami 630 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasining xayriya aksiyasi doirasida respublikadagi ixtisoslashgan maktab-internat o‘quvchilari ommaviy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Loyiha muallifi Saida Mirziyoyevaning ma'lum qilishicha, ko‘rish qobiliyatini tiklash yoki maksimal darajada yaxshilash imkoni bo‘lgan bolalarni operatsiya qilish boshlangan. Davolash imkoni bo‘lmagan bolalarga esa ko‘zning noto‘g‘ri rivojlanishi bilan bog‘liq asoratlardan qochishda yordam beriladi.

«Bugun Toshkentga Jizzaxdan 11 nafar jasur va qat'iyatli bemorlar olib kelindi. Ularning 9 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi, ikki nafariga esa ko‘z protezlari qo‘yiladi.

Jami 478 nafar bola operatsiya qilinib, ularda 630 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

Biz har bir bola uchun kurashamiz va ularga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», – deya ma'lum qildi Mirziyoyeva 20 fevral kuni Telegram'dagi kanalida.

Mavzuga oid