Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tailandda poyezd ustiga qurilish krani quladi: o‘nlab qurbonlar bor
Tailand shimoli-sharqida yo‘lovchi poyezd ustiga qurilish krani qulab tushishi oqibatida relsdan chiqib ketdi. Hodisa oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lib, 80 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Department of Disaster Prevention and Mitigation/Anadolu via Getty Images
Avariya mahalliy vaqt bilan soat 09:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan soat 05:00) Nakxonratchasima provinsiyasida, poytaxt Bangkokdan 230 km shimoli-sharqdagi Sikxio okrugida ro‘y bergan.
Nakxonratchasima politsiyasi boshlig‘i Tatchapon Chinnavongning xabar berishicha, tezyurar temiryo‘l liniyasida qurilish ishlari olib borilayotgan vaqtda poytaxtdan Ubonratchatxani provinsiyasiga ketayotgan poyezd ustiga qurilish krani tushib ketgan.
Transport vaziri Pxipxat Ratchakitprakarn poyezdda jami 195 nafar yo‘lovchi bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kran zarbasini qabul qilgan uch vagondan ikkitasidagi yo‘lovchilar halok bo‘lgan.
Politsiyadagilar BBC muxbiriga qurbonlar soni 28 nafar ekanini tasdiqlagan. Kran siljiy boshlagani sababli pachoqlangan vagonlardan jasadlarni olib chiqish murakkablashdi, deydi politsiya boshlig‘i.
Tailand sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirga kelib barcha yo‘lovchilar, jumladan jarohatlanganlar ham voqea joyidan evakuatsiya qilingan.
Qariyb 80 nafarni tashkil etuvchi jabrlanuvchilarning eng kichigi – bir yoshda, eng keksasi – 59 yoshda, deya xabar bergan BBC Thai muxbiriga Sikxio shifoxonasi xodimi.
Poyezd ustiga qulagan kran mavjud temiryo‘l liniyasi o‘rnida qurilayotgan tezyurar temiryo‘l loyihasi bo‘yicha ishlayotgandi.
Tailand davlat temiryo‘llari rahbari avariya sabablarini «puxta va har tomonlama» tekshirish uchun chaqirildi, dedi bosh vazir o‘rinbosari va transport vaziri Pxipxat Ratchakitprakarn.
Voqea joyida bo‘lgan mahalliy aholi vakili Mitr Intripanyaning AFP agentligi bilan suhbatda kuchli shovqinni eshitgani, shundan so‘ng ikkita portlash sodir bo‘lganini aytib bergan.
«Men nima bo‘lganini ko‘rish uchun borganimda, yo‘lovchi poyezdi ustida yotgan kranni ko‘rdim. Kranning metall qismi ikkinchi vagonning o‘rtasiga urilib, uni ikkiga bo‘lib yuborgandi», – deydi u AFP’ga.
Poyezd ishchisi Thirasak Vongsungnern mahalliy Thairath Online nashriga xabar berishicha, poyezd uchta vagondan tarkib topgan. Birinchi vagonga zarar yetmagan, qolgan ikkitasi esa jiddiy shikastlangan.
U poyezd avariya sodir bo‘lganida 120 km/soat tezlikda harakatlanganini aytgan. Kran qulaganida u va boshqa yo‘lovchilar havoga uchib ketgan.
Thirasak darhol yo‘lovchilarga yordamga oshiqqani, ammo olov ichida qolgan ikkinchi vagonga kira olmaganini aytgan.
Tailanddagi qurilish maydonlarida o‘lim holatlari kam uchraydigan hodisa emas, bunga standartlar va me’yorlarga rioya qilish ustidan nazoratning zaifligi ham sababdir.
O‘tgan yili Bangkokda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng ko‘p qavatli inshoot qulab tushishi oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘lgan va bu fojia sohadagi uzoq yillik muammolarni o‘rtaga chiqargandi.
Ishchilarga kompensatsiya to‘lash jamg‘armasining 2022 yilgi tadqiqotiga ko‘ra, o‘tgan yili ushbu mamlakatda 4,5 mingdan ortiq ishchi qurilishdagi baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan yoki jarohatlangan.
Mavzuga oid
11:03 / 19.03.2026
Tailanddagi YTHda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
11:44 / 12.03.2026
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida uchta fuqarolik kemasiga hujum qilindi
16:18 / 21.02.2026
Xitoy dronlarni Rossiyaga Tailand orqali yetkazib berishni boshladi
20:20 / 17.02.2026