Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
U paxta terimiga chiqmaganlarni bola puli berilmasligi bilan qo‘rqitgan va bu qilmishi uchun 18 mln 750 ming so‘m jarimaga tortilgan. Bandlik vazirligi majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga duch kelganda Bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari yoki 1282 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birining raisi ekani aytilgan shaxsning paxtaga chiqmaganlarga bola puli berish to‘xtatilishi haqidagi audiosi tarqalgandi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ushbu ovozli xabar yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi o‘rganish o‘tkazganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shahrisabz tumanidagi Paxtakor mahallasi raisi L.O‘roqov 2024 yil 9 oktyabr kuni Nushkent qishlog‘ining “Nushkent birlashaylik” Telegram-kanaliga ushbu ovozli xabarni yuborgan. Rais bu orqali ishsiz fuqarolarni paxta yig‘im-terimiga chaqirgani, shundan so‘ng ular terimga kelgani aniqlangan.
“Holat yuzasidan L.O‘roqovga nisbatan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18 750 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llandi.
Unutmang, Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148²-moddasiga asosan javobgarlikka tortiladi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Shuningdek, vazirlik majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga duch kelganda Bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari yoki 1282 qisqa raqami hamda @munosibmehnat_bot Telegram boti orqali Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilish mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Senat paxta terimiga majburlash holatlari Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olinganini bildirgandi.
Mavzuga oid
09:33 / 26.11.2024
Paxta mahsulotini sotishda manipulyatsiyaga yo‘l qo‘ygan korxonaga chora ko‘rildi
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
10:15 / 10.10.2024
“Mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi” – Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
19:45 / 09.10.2024