O‘zbekiston | 07:48 / 10.03.2020
13300
14 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev O‘zbekistonda biotexnologiyalarni rivojlantirishga doir qaror imzolaydi (batafsil)

O‘zbekistonda biotexnologiyalarni rivojlantirish va bio-xavfsizlik tizimini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlar qabul qilinadi

Foto: Shutterstock

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida biotexnologiyalarni rivojlantirish va bio-xavfsizlik tizimini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar biotexnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblanadi:

biotexnologiyalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan me'yoriy-huquqiy bazani shakllantirish va biologik xavfsizlikni, ayniqsa gen muhandisligi faoliyati xavfsizligini ta'minlash;

biotexnologik mahsulotlarni tadqiq qilish, joriy qilish, ishlab chiqarish va sotish uchun infratuzilmani yaratish;

biotexnologiyalar sohasidagi ustuvor innovatsion va investitsion loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish;

yangi innovatsion biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar darajasini oshirish, ularning global ilmiy makonga integratsiyalashuvini ta'minlash;

biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va qo‘llashda biologik xavfsizlikni ta'minlash;

yangi biotexnologiyalar, bioinformatika, biofarmatsevtika, biotibbiyot, fudomiks, metabolomiks, xemometriks, katta hajmdagi ma'lumotlarni tahlil qilish kabi sohalarda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining barqaror ishlashi va rivojlanishi uchun sharoit yaratish;

biotexnologik mahsulotlarning yangi bozorlarini shakllantirish, shuningdek, biotexnologik mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash bo‘yicha me'yoriy-huquqiy asoslarni takomillashtirish;

ichki bozorda va ishlab chiqarish sohalarida biotexnologik mahsulotlarning iste'molini va qo‘llanish hajmini oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi biotexnologiyalarni rivojlantirish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilanadi va unga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

biotexnologiyalar sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish orqali barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish;

biotexnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ilmiy dasturlarni amalga oshirish va muvofiqlashtirishni ta'minlash;

biotexnologiyalar sohasida raqobatbardosh, iqtisodiy jihatdan samarali yechimlar, yangi mahsulotlar va texnologiyalarni yaratishga yo‘naltirilgan ustuvor ilmiy yo‘nalishlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;

tajriba-ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, startaplar, akseleratorlar, biznes-inkubatorlar va texnoparklarni o‘z ichiga olgan to‘laqonli biotexnologiya sanoatining infratuzilmasini yaratishda ko‘maklashish;

biotexnologiyalarda innovatsion loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishga yordam berish;

biotexnologiyalarni iqtisodiyotning real sektorlariga keng miqyosda joriy etishga ko‘maklashish;

biotexnologiya usullari va vositalari bilan mamlakatning tegishli ijtimoiy-iqtisodiy, energetik, ekologik va boshqa muammolarini hal etish.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta ta'lim vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda "O‘zbekneftgaz" AKning quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi:

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi va O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida ilmiy-o‘quv va ishlab chiqarish biotexnologik xab;

ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlari qoshida biologik kolleksiyalar tarmog‘i - o‘zak hujayralari banki, DNK biobanki, hujayralar biobanki, biologik faol moddalar kutubxonasi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi institutida biotibbiyot texnologiyalari sohasida ilmiy, innovatsion, ishlab chiqarish ishlarini rivojlantirish, tibbiyot va veterinariyaning ixtisoslashgan sohalariga ilg‘or texnologiyalarni samarali joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun Biotibbiyot texnologiyalari xizmati;

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi qoshida kimyo, biologiya, biotibbiyot, biotexnologiya sohalarida yaratilgan ulkan hajmli ma'lumotlarni tahlil qilishda sun'iy intellektdan foydalanish bo‘yicha «Big Data» milliy laboratoriyasi;

Kopengagen universiteti bilan hamkorlikda zamonaviy «fudomiks» laboratoriyasi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya institutida tuproq va suv holatini monitoring qilish ilmiy laboratoriyasi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi qoshida Kartaxena protokoli qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi markaz.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi qoshida kimyo, biologiya, biotibbiyot, biotexnologiya sohalarida hosil bo‘lgan katta hajmli ma'lumotlarni tahlil qilishda sun'iy intellektdan foydalanish uchun «Big Data» milliy laboratoriyasini tashkil etadi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Milliy laboratoriyaning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shu jumladan kimyo, biologiya, biotibbiyot, biotexnologiyalarda yaratilgan katta hajmli ma'lumotlarni tahlil qilish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi instituti qoshida yuridik shaxs tashkil etilmagan holda Biotibbiyot texnologiyalari xizmatini yaratish;

Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti qoshida tuproq va suv holatini monitoring qilish bo‘yicha ilmiy laboratoriya tashkil etish;

a) Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

biotibbiyot tadqiqotlari rivojlanishining dunyo miqyosidagi tamoyillarini tizimli tahlil qilish, ilg‘or texnologiyalar transferini ta'minlash;

mamlakatda olib borilayotgan bio-tibbiy tadqiqotlarning hozirgi holatini tahlillash va monitoring qilish, mamlakatda biotibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha prognozlar tuzish, forsayt tadqiqotlarini o‘tkazish, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligiga natijalari bo‘yicha takliflar kiritish;

biotibbiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ilmiy loyihalarga buyurtmalar portfelini shakllantirish;

tibbiyot, farmatsevtika va veterinariya sohalariga biotibbiyot texnologiyalarini joriy etish va tijoratlashtirish;

ixtisoslashtirilgan biotibbiyot mahsulotlari va xizmatlarini standartlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish bo‘yicha me'yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

b) Ilmiy laboratoriyaning asosiy vazifalari va faoliyati qilib quyidagilar belgilanadi:

tuproq va oqava suvlar ifloslanishini baholashning yangi usullarini ishlab chiqish va joriy qilish;

yaroqsiz yerlarni tiklash texnologiyalarini va ifloslanishga qarshi kurashish uchun yangi mikrob biotexnologiyalarini ishlab chiqish;

mineral va biologik preparatlarning tuproq mikrobiotsenoziga ta'sirini doimiy monitoring olib borish;

tuproq va suv xavfsizligini tahlili xizmatlarini ko‘rsatish, tuproq unumdorligini tahlil qilish;

tuproqshunoslik, ekologiya, qishloq xo‘jaligi biotexnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash ishlarida ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasidagi Genomika va bioinformatika markazida yuridik shaxs tashkil etmasdan, Kartaxena protokoli shartlarini amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtirish markazi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Muvofiqlashtirish markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari qilib quyidagilar belgilanadi:

biologik xavfsizlik, import/eksport, genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ularning asosida yaratilgan mahsulotlarni O‘zbekistonda sinov yoki tijoratda foydalanish maqsadida atrof-muhitga chiqarish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va ilmiy tadqiqotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni izlash, tahlil qilish va umumlashtirish, shuningdek, xalqaro axborot tarmoqlari ma'lumotlar bazalarida ko‘rsatilgan biologik xavfsizlik to‘g‘risidagi ma'lumotlar, milliy biologik xavfsizlik ma'lumotlari bazasini yaratish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ular asosida olingan mahsulotlarning xavfsizligi bo‘yicha ilmiy ekspertiza tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga ruxsat berilgan genetik modifikatsiyalangan organizmlarning Milliy reyestrini tashkil etish va yuritish;

boshqa mamlakatlarning va xalqaro tashkilotlarning biologik xavfsizlik markazlari bilan ma'lumotlar almashish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasining quyidagi taklifiga rozilik beriladi:

Moskva Davlat universitetining Toshkent filialida biotexnologiyalar fakultetining ochilishi va unga mamlakatning ilmiy-tadqiqot muassasalarini laboratoriya va tajribaviy ishlar uchun biriktirish;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ayrim oliy o‘quv yurtlariga biotexnologik mutaxassisliklar uchun qabul kvotalarini quyidagi miqdorlarda ajratish:

a) Bakalavriat ta'limi yo‘nalishida:

O‘zbekiston Milliy universitetida «Biotexnologiya», 50 ta o‘rin;

b) Magistratura ta'limi yo‘nalishida:

O‘zbekiston Milliy universitetida «Biotexnologiya», 10 ta o‘rin;

O‘zbekiston Milliy universitetida «Genomika va bioinformatika», 10 ta o‘rin;

Toshkent Davlat Texnika universitetida «Sanoat biotexnologiyasi», 5 ta o‘rin;

Toshkent Farmatsevtika institutida «Farmatsevtik biotexnologiya», 10 ta o‘rin;

Toshkent Davlat Agrar universitetida «Agrobiotexnologiya», 10 ta o‘rin;

Urganch davlat universitetida «Biotexnologiya», 5 ta o‘rin;

Qarshi Davlat universitetida «Agrobiotexnologiya», 5 ta o‘rin;

har yili kamida 20 nafar yosh olimlarning yetakchi ilmiy markazlar va universitetlarda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan biotexnologiya sohasida chet ellarda ilmiy malaka oshirishlarini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "El-yurt umidi" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan eng kamida 20 kishining magistraturada va PhD-doktoranturada tahsil olishlarini moliyalashtirish;

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2020/2021 o‘quv yili boshlanishigacha:

har yili "Biotexnologiya", "Genetik va hujayra muhandisligi", "Genomika", "Bioinformatika" fanlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini jahon ilm-fanining rivojlanish tamoyillariga muvofiq ravishda yangilab borish;

o‘quv jarayonida “Fudomiks”, “Xemometrika”, “Metabolomika”, “Biologik xavfsizlik” va “Genetik modifikatsiyalangan organizmlarning xavfini baholash» o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;

biotexnologiya mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik dissertatsiyalari himoya qilishning loyihaviy himoyalash (biznes-rejalar tuzish) tizimini joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi birinchi rahbarlariga quyidagilar uchun shaxsiy javobgarlik yuklatiladi:

qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan biotexnologik mahsulotlar ulushini 2022 yilga kelib 25 foizga va 2025 yilga kelib 50 foizga yetkazish, 2025 yilga kelib, agrobiotexnologiyaga jalb qilingan biotexnologik kompaniyalar ulushini 5 baravar va 2030 yilga kelib 10 baravar oshirish;

kimyo, neft-gaz va tog‘-kon sanoatining biotexnologik mahsulotlaridan foydalanish hajmini 2025 yilda 25 foizga orttirish va bu ko‘rsatkichni 2030 yilga kelib 50 foizgacha yetkazish;

mahalliy ishlab chiqarilgan tibbiy biotexnologik mahsulotlardan foydalanish ulushini 2022 yilda 25 foizga oshirish va uni 2025 yil oxiriga qadar 50 foizgacha yetkazish.

Belgilab qo‘yilishicha, 2020 yil 1 iyundan boshlab:

dori vositalaridan tashqari barcha turdagi biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni litsenziyalash bekor qilinadi;

ishlab chiqarilgan biotexnologik mahsulotlarni sertifikatlash/ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi vakolatli organlarda belgilangan tartibda joriy etilmoqda;

pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa zaharli kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish yoki olib kirish bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tegishli standart namunalarining realizatsiya qilinishini ta'minlaydi.

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi tartib belgilanadi:

a) respublikaga import qilingan, ishlab chiqarilgan va eksport qilingan barcha oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlarning mavjudligi majburiy ravishda tekshiriladi;

b) respublikaga import qilingan, ishlab chiqarilgan va eksport qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlarning mavjudligi majburiy ravishda markirovkalashtiriladi;

v) tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar va/yoki uning tarkibiy qismlari mavjud xomashyo to‘g‘risidagi ma'lumotlar, mahalliy yoki xorijiy yetkazib berish, ishlab chiqarish va genetik modifikatsiyalangan mahsulotlarini sotish asnosida tovar-transport hujjatlariga kiritilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Innovatsion rivojlanish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash fondiga yiliga 10 foiz indeksatsiya qilingan holda, har yili 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha, Innovatsion rivojlanish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, quyidagilarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi:

ilmiy startap loyihalari;

50 foizi birgalikda moliyalashtirishi sharti bilan tajriba-sanoat ishlab chiqarishlarni yaratish va rivojlantirish loyihalarga;

mahalliy va xorijiy biotexnologik korxonalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun qilgan xarajatlarining bir qismini qoplash;

biotexnologiya sanoatini rivojlantirish uchun ilmiy va laboratoriya uskunalarini xarid qilish;

sohaga yangi zamonaviy texnologiyalarni, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni joriy etish;

yosh mutaxassislarning chet ellarda amaliyot o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb qilish.

Mavzuga oid