Ta’lim | 08:11
2194
2 daqiqa o‘qiladi

Bitiruvchilar uchun 3 yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin

Oliy ta’lim muassasalarida davlat grantlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilarni ishga taqsimlash tizimini takomillashtirish maqsadida amaldagi tartibga bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Foto: Getty Images

Tegishli qaror loyihasiga ko‘ra, kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash va ularni ishga taqsimlash tartibi yanada aniqlashtirilmoqda hamda zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Jumladan, amaldagi nizomda belgilangan “kamida uch yil” ishlab berish majburiyatiga oid normalar chiqarib tashlanishi taklif etilmoqda. Yangi tartibga muvofiq, davlat grantlari asosida tahsil olgan bitiruvchilarning ishlab berish muddati ta’lim yo‘nalishining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda vakolatli organ tomonidan alohida belgilanadi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ishga taqsimlash bilan bog‘liq ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, “doimiy yashash joyi” atamasini “yashash joyi” deb almashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Qaror loyihasida ishlab berish majburiyatini belgilashda yagona yondashuvdan voz kechib, sohalar kesimida differensial tartibni joriy etish orqali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsad qilingan.

Mazkur o‘zgartishlar bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash jarayonini yanada shaffof va samarali tashkil etishga, shuningdek, mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid